Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyatini taniysizmi?
Rahbari eng qimmatbaho mashinada yuradigan tizimni kimlar boshqaradi?

2023 yil 1 yanvardan boshlab Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi negizida Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tashkil etilgan.
Vazir Islamov Bobir Farxodovich – 1984 yil 4 dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy. Abu Rayxon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida bakalavr (2005 yil) va magistr (2007 yil) bosqichlarini tamomlagan. 2010 yilda Bank-moliya akademiyasini investitsiya loyihalarini moliyalashtirish mutaxassisligi boʻyicha tugatgan. Geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi.
Mehnat faoliyati
- 2002-2008 yillarda "Apartak" konchilik korxonasida texnik, texnik-geolog;
- 2008-2010 yillarda "Qimmatbaho va rangli metallar geologiyasi" ilmiy-amaliy markazida turli lavozimlarda;
- 2010-2015 yillarda Gosgeolinformcenter korxonasi direktori;
- 2015-2016 yillarda Mineral resurslar ilmiy-tadqiqot instituti direktori;
- 2017-2020 yillarda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi;
- 2020 yil 11 iyundan Geologiya fanlari universiteti rektori (v.b.);
- 2022 yil dekabrdan Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri.
Qiziq maʼlumot
Avvalroq Platina.uz sayti ochiq manbalardan foydalangan holda hashamatli mashinalarda yuradigan vazirlar reytingini tuzib chiqqandi. Unda vazirlarni olib yuradigan xizmat mashinalari va ularning narxlari haqida maʼlumotlar oʻrin olgan. Unga koʻra, togʻ-kon sanoati va geologiya vaziriga Mersedes-Benz S 450 Matich avtomobili xizmat koʻrsatadi. Avtomobilning narxi 450 000$ ni tashkil etadi.
Birinchi oʻrinbosar Nasritdinxodjayev Omonullo Zabixullayevich – 1971 yil 4 oktabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti – oliy, 1994 yilda Toshkent davlat universitetini, 2002 yilda SDA Bocconi Biznes maktabi(Italiya)ni, 2016 yilda Harvard Business School(AQSh) ni tamomlagan. 2023 yildan buyon vazirning birinchi oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Oʻrinbosar Kadirxodjayev Aʼzam Alisherovich – 1982 yil 20 noyabrda Toshkent viloyatida tugʻilgan. Maʼlumoti – oliy. 2004 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining bakalavr bosqichini, 2008 yilda Toshkent davlat texnika universiteti bakalavr bosqichini, 2010 yilda shu universitetning magistratura bosqichini tamomlagan. Geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi. 2023 yildan buyon vazir oʻrinbosari sifatida ishlamoqda.
Oʻrinbosar Fayzullayev Djamal Sabaxonovich – 1984 yil 6 noyabrda Toshkent viloyatida tugʻilgan. Maʼlumoti – oliy. 2006 yilda Toshkent davlat texnika universitetini, 2010 yilda Moskva poʻlat va qotishmalar institutini tamomlagan. "Sodiq xizmatlari uchun" medali bilan taqdirlangan. 2023 yildan buyon vazir oʻrinbosari.
Matbuot kotibi Akabirov Azamatxon Muzaffarovich bungacha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida shunday lavozimda ishlagan.
Odinaxon Dehqonova tayyorladi.
Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Raqamli texnologiyalar vazirligi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi