platina.uz

Sport vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

Nom qoʻnimsizligi boʻyicha boshqa vazirliklar bilan “bellashadigan”, rahbari sohaga begona sport tizimini kimlar boshqaradi?

Jamiyat
14-iyun, 20:03
Sport vazirligi rahbariyatini taniysizmi?
Fotokollaj: Platina.uz

Ushbu vazirlik avvaliga (1994 yilda) Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi sifatida tashkil etilgan. 2001 yilda Madaniyat vazirligi bilan birlashtirilgan. 2017 yilda jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etilgan. 2018 yil 5 mart kuni davlat qoʻmitasidan vazirlikka aylantirilgan. 2022 yil 18 fevralda Turizm va sport vazirligi negizida Sportni rivojlantirish vazirligi boʻlib tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabr kuni mamlakatdagi vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 taga qisqartirilishini maʼlum qilganda vazirlik Yoshlar siyosati va sport vazirligiga aylantirilgan (2022 yil 30 dekabr), Yoshlar ishlari agentligi mazkur vazirlikka biriktirilgan. Oradan qariyb ikki yil oʻtib, (2024 yil 20 yanvarda) esa Yoshlar siyosati va sport vazirligi negizida Sport vazirligi tuzilgan. Unga Adham Ikromov vazir etib tayinlangan.

Vazir Ikramov Adxam Ilxamovich 1968 yil 20 dekabrda Toshkent shahrida geolog oilasida tugʻilgan. 1985-1992 yillarda S.M.Kirov nomidagi Harbiy tibbiyot akademiyasida (Leningrad) va Birinchi Toshkent davlat tibbiyot institutida tahsil olib, uni imtiyozli diplom bilan tugatgan. Mutaxassisligi – jarrohlik, radiologiya. Unvoni – tibbiyot fanlari doktori, professor.

Mehnat faoliyati

  • 1992-1994 – Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti klinik ordinatori;
  • 1994-1998 – Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi laparoskopiya boʻlimi jarroh-shifokori;
  • 1998-2004 – Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi kompyuter tomografiya boʻlimi mudiri;
  • 2004-2007 – Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi direktori oʻrinbosari;
  • 2007-2009 – Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari;
  • 2009-2012 –Sogʻliqni saqlash vaziri;
  • 2012-2015 – Bosh vazir oʻrinbosari – Madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksi rahbari;
  • 2015-2016 – Bosh vazir oʻrinbosari – Sogʻliqni saqlash, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari kompleksi rahbari;
  • 2016-2017 – Bosh vazir oʻrinbosari – Sogʻliqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbari – Sogʻliqni saqlash vaziri;
  • 2017 yil – Bosh vazir oʻrinbosari – Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbari;
  • 2017 yil – Prezident davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari – Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori;
  • 2017-2022 – Savdo-sanoat palatasi raisi;
  • 2022-2023 –Sportni rivojlantirish vaziri;
  • 2023-2024 – Yoshlar siyosati va sport vaziri;
  • 2024 yilning yanvar oyidan Sport vaziri.

Davlat mukofotlari

  • 2011 yil “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni;
  • 2018 yil “El-yurt hurmati” ordeni.

Qiziq maʼlumot

Joriy yilning 29 mart kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Avtomobilsiz kun” tadbirida Adham Ikromov ham faol ishtirok etgan. Uning svetoforsiz piyodalar yoʻlakchasida avtomobillarning yoʻl berishini kutib turgani koʻringan videosi tarqalgan. Vazirlik axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Adham Ikromov oʻsha kuni 93-avtobus xizmatidan foydalanib, ishga yetib olgan.

Oʻrinbosar Maxmudov Shaxrillo Sharipovich 1970 yil 13 sentabrda Buxoro viloyati Vobkent tumanida tugʻilgan. 1992 yilda Buxoro davlat pedagogika institutini tamomlagan. 2024 yilning yanvar oyidan beri Sport vaziri oʻrinbosari. U turli yillarda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati”, “1-darajali Sogʻlom avlod uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

Oʻrinbosar Ismailov Murad Valijonovich 1982 yil 10 oktabrda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida tugʻilgan. Bakalavr va magistr diplomlarini Toshkent moliya institutidan olgan. U 2022 yildan buyon Sport vaziri oʻrinbosari sifatida faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Vazir maslahatchisi Karimov Avazjon Qudratillayevich 1983 yilning 19 mayida Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini (bakalvr, magistr) tamomlagan. 2022 yildan sport yoʻnalishi boʻyicha vazir maslahatchisi boʻlib ish boshlagan.

Vazirlik matbuot xizmati rahbari lavozimi ancha vaqtdan beri boʻshligicha qolmoqda. Bu esa tizimda shaffoflik va axborot olish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganini bildiradi.

Odinaxon Dehqonova tayyorladi.


Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi


Favqulodda vaziyatlar vazirligi


Investitsiyalar vazirligi


Qurilish vazirligi


Oliy taʼlim vazirligi


Raqamli texnologiyalar vazirligi


Ekologiya vazirligi


Adliya vazirligi


Bosh prokuratura


Tashqi ishlar vazirligi


Iqtisodiyot va moliya vazirligi


Energetika vazirligi


Madaniyat vazirligi


Ichki ishlar vazirligi


Suv xoʻjaligi vazirligi


Mudofaa vazirligi


Qishloq xoʻjaligi vazirligi

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+