Avtobus yoʻlagiga kirgan haydovchilarga jazo miqdori belgilandi
Transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yoʻlkalaridan, yashil maydonlardan haydash ham javobgarlikka sabab boʻladi.

Avtobus yoʻlagiga kirgan haydovchilarga BHM 1 baravari, bir yil ichida takrorlansa, 3 baravar jarima qoʻllaniladi.
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga hamda jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Mamlakatimizda tirbandlik masalasi aholi uchun, ayniqsa, poytaxtimizda eng dolzarb muammoga aylanmoqda. Soʻnggi 2-3 yilda Toshkent shahrida 7-9 ballik tirbandliklar har kuni kuzatilayotgan boʻlsa, ayrim vaqtlarda mazkur holat 10 ballgacha koʻtarilmoqda. Bu esa yoʻllarda asabiy va ziddiyatli holatlariga, yoʻlovchi hamda haydovchilarning soatlab vaqt sarflashiga sabab boʻlmoqda.
Shu bois yoʻllarda tirbandlikni kamaytirish hamda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida jamoat transportiga ustuvorlik berish yoʻnalishida amaliy choralar koʻrilmoqda.
Amaldagi qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yoʻlaklarda harakatlangan transport vositalari haydovchilari uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.
Bu boradagi muammolarni hal etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi 1287-modda kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yoʻlaklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Jumladan, yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻldan transport vositalarining harakatlanishi – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, xuddi shunday huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 128-moddasi nomlanishi va birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etilmoqda.
Endilikda haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yoʻlkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yoʻl belgilari va yoʻl harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.