Qirgʻizistondan narkotik olib kelib sotgan jinoiy guruh aniqlandi
Andijon viloyatida yashovchi 6 nafar fuqaro oʻzaro til biriktirgan va qirgʻizistonlik narkosavdogar bilan aloqa bogʻlagan.

Qirgʻizistondan narkotik moddalar olib kelib, sotish bilan shugʻullangan jinoiy guruh aʼzolari qoʻlga olindi.
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi, 1984–1991 yillar oraligʻida tugʻilgan 6 nafar fuqaro oʻzaro til biriktirgan.
Ular qirgʻizistonlik narkosavdogardan 2 kg “gashish” moddasini 15.000 AQSh dollariga sotib olishga kelishishadi va ushbu maqsadda 1950 AQSh dollarini boshlangʻich badal sifatida unga yetkazib berishadi.
Oʻz navbatida Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi giyohvandlik vositasini oʻzbek-qirgʻiz davlat chegarasidan kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazib, Xonobod shahridagi xufiya joyda qoldiradi.
Qoʻrgʻontepalik ogʻufurushlardan biri esa ushbu zahri qotilni olib, oʻzining avtomashinasida Xonobod-Qoʻrgʻontepa yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, jinoiy guruhning qolgan 5 nafar aʼzosi ham protsessual tartibda qoʻlga olindi.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu “gashish” giyohvandlik vositasining sof ogʻirligi 1 kg 954 gr.ni tashkil qildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Shuningdek, Qozogʻistonda huquq-tartibot idoralari xodimlari mamlakat tarixidagi ogʻirligi 13 tonna boʻlgan eng katta kokain partiyasini qoʻlga oldi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik qoʻmitasi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari ikki nafar xorij fuqarosini narkotik kanalini tashkil etishga aloqadorlikda gumon qilib, qoʻlga oldi. Kokain partiyasi Qozogʻiston orqali uchinchi davlatlarga joʻnatiladi, deb taxmin qilingan edi, deyiladi departament bayonotida.
Jinoyat ishi Qozogʻiston Jinoyat kodeksining 297-moddasi 3-qismi bilan (giyohvandlik vositalarini sotish maqsadida noqonuniy ravishda olish, saqlash va tashish) boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.