platina.uz
Jamiyat

Prezident narko-trafik xavfi yuqori boʻlgan hududlar uchun “maxsus rivojlanish dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etdi

Noqonuniy mablagʻlar harakatini dunyo boʻylab avtomatik aniqlaydigan, uni qabul qilgan bank yoki moliyaviy tashkilotni darhol xavf toifasiga kiritadigan “xalqaro raqamli qora kod” tizimini joriy qilish tashabbusi ilgari surildi. 

Prezident narko-trafik xavfi yuqori boʻlgan hududlar uchun “maxsus rivojlanish dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.

Unda aytilishicha, kun sayin uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va tarqatishning yangi shakllari paydo boʻlayotgani – insoniyat uchun transmilliy tahdidlar koʻlamini kengaytirmoqda.

Oʻzbekistonda birgina oʻtgan yilning oʻzida huquq-tartibot idoralari tomonidan 15 mingdan ziyod narko-jinoyat fosh etildi, qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositalari, jumladan, 120 kilogramm sintetik narkotiklar yoʻq qilindi, 14 ta yashirin narko-laboratoriya va 72 ta yirik internet-doʻkoni faoliyatiga chek qoʻyildi.

Yaqinda tashkil etilgan “Anti-Narko” volontyorlik harakati qisqa vaqt ichida 17 mingdan ortiq yoshlarni birlashtirdi. Barcha hududlarda sunʼiy intellekt yordamida narkotiklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan “AI Hackathon” milliy loyihasini boshlandi.

Shavkat Mirziyoyev transmilliy narko-jinoyatlarga qarshi kurashishda tezkor axborot almashinuvi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Shu bois, barcha ishtirokchi davlatlar huquq tartibot idoralari maʼlumotlar bazasini birlashtiradigan, sunʼiy intellekt yordamida ishlaydigan yagona raqamli platformani ishga tushirishni taklif etildi.

Bu platforma narko-trafik yoʻnalishlarini barvaqt aniqlash, xavfli yuklar harakatini erta bosqichda fosh etish, transmilliy jinoiy guruhlar faoliyatini real vaqt rejimida kuzatib borishga xizmat qilishi kerak.

Ikkinchidan, narko-biznes bu faqat giyohvand moddalar aylanmasi emas, bu – milliardlab dollarlik yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni moliyalashtiradigan manba hamdir.

Jinoiy mablagʻlarni yuvishni eng katta qismi bugun aynan raqamli aktivlar va offshor hududlar orqali amalga oshirilmoqda.

Narko-biznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin. Agar uning “moliyaviy arteriya”larini boʻgʻib qoʻyilsa, bu illat oʻz-oʻzidan yoʻqoladi.

Shuning uchun kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan maʼlumot almashinuvi boʻyicha majburiy kelishuvlar, “nomaʼlum manba” mablagʻlarini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarur.

Shuningdek, noqonuniy mablagʻlar harakatini dunyo boʻylab avtomatik aniqlaydigan, uni qabul qilgan bank yoki moliyaviy tashkilotni darhol xavf toifasiga kiritadigan “xalqaro raqamli qora kod” tizimini joriy qilishni taklif etildi.

Uchinchidan, sintetik narkotiklarga ruju qoʻygan bemorlarni samarali davolash boʻyicha zamonaviy metodika va standartlarni birgalikda yaratib borishni taklif qilindi.

Toʻrtinchidan, giyohvandlikka chalinganlarning tibbiy reabilitatsiyasi boʻyicha tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasini tashkil qilish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu tashkilotning Bosh ofisini Samarqand shahrida joylashtirish mumkin.

Beshinchidan, bugun ayrim hududlarda narkotik yetishtirishva tarqatish iqtisodiy imkoniyatlar cheklangani, ish oʻrinlari yetishmasligi va ijtimoiy tengsizlik oqibatida saqlanib qolmoqda.

Shu bois, narko-trafik xavfi yuqori boʻlgan hududlar uchun “maxsus rivojlanish dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etildi.

Bunda giyohvand moddalar yetishtirishga moyil hududlardagi rasmiy iqtisodiyotga faol investitsiyalar kiritish orqali aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash, taʼlim va tibbiyotni rivojlantirish orqali aholini jinoiy iqtisodiyotga qaramligini kamaytirish boʻyicha kompleks choralar ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid