platina.uz

Suv xoʻjaligi vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

Eng qadri oshayotgan, qimmatlashayotgan neʼmatlardan biri – suv xoʻjaligi tizimini kimlar boshqaradi?

Jamiyat
8-may 2024 yil
Suv xoʻjaligi vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

Suv xoʻjaligi vazirligi – Oʻzbekistonda suv xoʻjaligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi tashkilot. Vazirlik avval Qishloq xoʻjaligi va suv vazirligi tarkibida boʻlgan. 2018 yil 12 fevralga kelib, ikkita vazirlikka: Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirligiga ajratilgan. Tarkibdan ajrab chiqqan Suv xoʻjaligi vazirligiga Shavkat Xamrayev rahbar etib tayinlangan.

Vazir Xamrayev Shavkat Raximovich 1964 yil 13 avgustda Buxoro shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti – oliy, muhandis-gidrotexnik, qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi. 1986 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutini, 2001 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyati

  • 1986 yilda Buxoro viloyati Qorovulbozor massivi Suv xoʻjaligi boshqarmasi katta muhandis-gidrotexnigi bosh muhandisi;
  • Buxoro viloyati Qorovulbozor massivi Suv xoʻjaligi boshqarmasining boshligʻi oʻrinbosari;
  • 1994-1997 – Buxoro viloyati Suv xoʻjaligi birlashmasi Suvdan foydalanish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari;
  • 1997-2001 – Buxoro viloyati Vobkent tumani hokimining birinchi oʻrinbosari;
  • 2001-2003 – Buxoro viloyati Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari – Suv resurslarini tartibga solish xizmati boshligʻi;
  • 2003-2005 – Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari;
  • 2005-2017 – Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari – suv xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi;
  • 2017-2018 – Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari;
  • 2018 yil 12 fevraldan Suv xoʻjaligi vaziri;
  • 2019 yildan “Oʻzbekiston-Tojikiston” doʻstlik jamiyati boshqaruvi raisi.

Mukofotlari

  • 2011 yilda “Doʻstlik” ordeni;
  • 2016 yilda “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan irrigator” unvoni;
  • 2017 yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan irrigator” unvoni;
  • 2018 yilda Tojikistonning 1-darajali “Sharaf” ordeni.

Qiziq maʼlumot

Shavkat Hamroyev Markaziy Osiyodagi suv bilan bogʻliq muammolar haqida fikrlari bilan oʻrtoqlashgan. U Oʻzbekiston hududiga suv kirib kelish miqdori 2050 yilga qadar kamida 5 milliard kubga kamayishi kutilayotganini maʼlum qilgan.

Vazir oʻtgan yilning iyun oyida jurnalistlar uchun tashkillashtirilgan matbuot anjumanida qatnashib, Tolibon Amudaryodan suv olish uchun qurayotgan Qoʻshtepa kanali haqidagi savollarga javob bergan edi. Unda mazkur masala yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyev ham bezovtaligi, afgʻonistonliklarning Amudaryo suvidan foydalanishga haqqi borligi, davlatlar oʻrtasidagi har qanday masala muloqot orqali hal etilishi, qolaversa, Oʻzbekiston kanal qurilishida yaqindan koʻmaklashishi haqida gapirgan.

Kuni kecha Oliy Majlis qonunchilik palatasi majlisida Shavkat Hamroyev ogʻir sharoitlarda ishlayotgan Qarshi nasos stansiyasi ishchilari maoshi boʻyicha ham vaziyatga izoh berib oʻtdi. Vazirning izoh berishicha, mazkur stansiya vazirlik tizimidagi eng yirik tashkilotlardan biri sanaladi va jami xarajatning 25 foizdan ortigʻi ushbu inshootga ajratiladi.

Birinchi oʻrinbosar Butunbayev Timur Nuryigitovich 1986 yil 6 noyabrda Sirdaryo viloyati Guliston shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, huquqshunos. 2009 yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2009 yilda Toshkent shahar Yashnobod tumani IIB tergovchisi sifatida boshlagan. 2024 yil 27 fevraldan Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari.

Oʻrinbosar Xodjiaxmedov Dilshodjon Akmaldinovich 1975 yil 18 mayda Fargʻona viloyati Rishton tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, muhandis-quruvchi. 1999 yil Fargʻona politexnika institutini (sirtqi) tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1993 yil Rishton qurilish boshqarmasi 2-toifali betonchisi sifatida boshlagan. 2021 yil 9 dekabrdan Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari.

Oʻrinbosar Quvondiqov Habibulla Otaqulovich 1978 yil 13 iyulda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, moliya-kredit, moliyaviy tahlil, sugʻurta, umumiy menejment, MBA Biznes boshqaruvi. Mehnat faoliyatini 1999 yilda Toshkent viloyati “Suvoqova” tresti iqtisod va istiqbolni belgilash boʻlimi muhandisi lavozimida boshlagan. 2024 yil 27 fevraldan Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari.

Oʻrinbosar Qarshiyev Rustam Joʻrayevich 1983 yil 13 martda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida tugʻilgan. Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining bakalavriatini 2005 yilda, magistraturasini 2009 yilda tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-gidrotexnik, selga qarshi va oʻzan rostlash inshootlari boʻyicha magistrant, PhD. Mehnat faoliyatini 2005 yilda Qarshi magistral kanali irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli R-19 gidrouchastkasi 2-toifali muhandisi lavozimida boshlagan. 2021 yil 9 martdan Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari.

Matbuot kotibi vazirning axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Suyunov Shuxrat Normaxmatovich 1976 yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan. 1998 yilda Toshkent davlat universitetini (kunduzgi), 2007 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini (sirtqi) tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1999 yilda Oʻzteleradiokompaniyaning “Yoshlar” radiokanalida katta muharrirlikdan boshlagan.

Odinaxon Dehqonova tayyorladi.

Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi


Favqulodda vaziyatlar vazirligi


Investitsiyalar vazirligi


Qurilish vazirligi


Oliy taʼlim vazirligi


Raqamli texnologiyalar vazirligi


Ekologiya vazirligi


Adliya vazirligi


Bosh prokuratura


Tashqi ishlar vazirligi


Iqtisodiyot va moliya vazirligi


Energetika vazirligi


Madaniyat vazirligi


Ichki ishlar vazirligi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+