Toshkent viloyatida MIB xodimi 6 yilga qamaldi
U alimentdan qochib yurgan fuqarodan pora olgan.

Toshkent viloyatida MIB xodimiga hukm oʻqildi. U katta miqdorda pora olayotganda ushlangan va ishi sudga oshirilgan.
Gap nima haqida?
DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbir natijasida - 1989 y.t., MIB Bekobod shahar davlat ijrochisi oʻz mansab vakolatlaridan foydalangan holda Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning aliment qarzdorligi uchun qoʻyilgan xorijga chiqish taqiqini yechib berish evaziga undan 20 million soʻm talab qilgan.
Xodim kelishilgan puldan 13 million soʻmini "pora" tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qoʻlga olingan.
Maʼlum boʻlishicha, davlat ijrochisi ushbu “xizmati” evaziga muqaddam 450 AQSh dollari va 1 mln 300 ming soʻm ham olgan.
Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha Bekobod tuman sudining hukmiga binoan MIB davlat ijrochisi Oʻzbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi va 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topildi.
Unga nisbatan 2 yil muddatga xuquqni muhofaza qiluvchi organlarda, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarda ishlash xuquqidan mahrum qilinib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
MIB va korrupsiya
Bu MIB xodimlari boʻyicha aniqlangan yagona holat emas. Iyul oyi oxirida Qashqadaryoda ham MIB xodimi mashinaga qoʻyilgan taqiqni yechish evaziga 1000 dollar olayotganda qoʻlga tushgandi.