Samarqandda ikki qaror bilan byudjetdan 100 mlrd soʻmdan oshiq mablagʻ ajratiladi
Qarorlarning birida Mustaqillikning 34 yilligini tantanali nishonlash, Samarqand shahri koʻchalarini bezatish, mehmonlarni kutib olish va boshqa xarajatlarga 10 mlrd soʻm berilishi yozilgan.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi bir kunning oʻzida mablagʻ ajratish boʻyicha ikkita qarorni eʼlon qildi. Mazkur qarorlar 2025 yil 23 sentabr kuni eʼlon qilingan.
Birinchi qaror 2025 yil hisobidan maqbullashtirilgan mablagʻlarni yoʻnaltirishni nazarda tutadi. Unga koʻra 59 mlrd 689 mln soʻm ajratiladi.
Jumladan, Mustaqillikning 34 yilligini tantanali nishonlash, Samarqand shahri koʻchalarini bezatish, mehmonlarni kutib olish va boshqa xarajatlarga 10 mlrd soʻm berilishi maʼlum qilingan. Samarqand tumanidagi bunyodkorlik ishlari va sayyohlarga qulaylik yaratish uchun 2 mlrd 234 mln soʻm, Markaziy harbiy okrugga qarashli Madaniyat va maʼrifat markazini qurish uchun 3,5 mlrd soʻm, Pastdargʻom tumanidagi Goʻzalkent MFY yoʻllarini "Obod qishloq" dasturiga asosan taʼmirlash uchun 7 mlrd soʻm, Jomboy tumanidagi Beshbola MFY yoʻllarini taʼmirlash uchun 3,5 mlrd soʻm taqdim etiladi. Payariq tumanida 30 km uzunlikda gaz tarmogʻi va yuqori bosimli gaz taqsimlash shoxobchasini qurish xarajatlari uchun 5,8 mlrd beriladi.

Ikkinchi hujjat viloyat mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalaridan foydalanishni nazarda tutadi. Unga koʻra 41 mlrd 368 mln soʻm ajratiladi.
"Bolalar sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi"ga 8,2 mlrd soʻm beriladi. Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan Samarqand nomli videolavha kinofilm tayyorlash uchun 3,3 mlrd soʻm, Nurobod tumanidagi bogʻcha va maktab uchun 1,31 mlrd soʻm, Jomboy tumani tibbiyot birlashmasiga rentgen apparati sotib olish maqsadida 850 mln soʻm ajratiladi.

Toʻliq tafsilotlar qaror matni va unga ilova qilingan jadvalda keltirilgan.