Termizda sudya yordamchisi qoʻlga olindi
U maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish boʻyicha ayblanuvchiga nisbatan yengillik yaratib berish evaziga pul talab qilgan.

Termiz tuman sudi sudya yordamchisi pora bilan ushlandi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz tuman sudining sudya yordamchisi xizmat mavqeidan foydalangan holda mazkur tuman sudida koʻrilayotgan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish boʻyicha huquqbuzarga nisbatan yengillik yaratib berishi evaziga dastlab 500 ming soʻm pul mablagʻini olib, qoʻshimcha ravishda 800 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida Termiz shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda sudya yordamchisi oʻzining qarindoshi vositachiligida 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ikki kun avval Surxondaryoda hakamlik sudi mansabdori qoʻlga olingandi.
U termizlik fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali viloyat bojxona boshqarmasiga nazoratchi vazifasiga ishga joylashtirish evaziga pora soʻragan.