Qozogʻistonda ichida oʻnlab oʻzbekistonliklar boʻlgan avtobus buzilib qoldi
Biroz muddat yoʻlovchilar kuchli sovuqda qolgan. Keyinchalik ular Irgiz tumanidagi issiq boshpanaga yuborildi.

Qozogʻistonning Oqtoʻba viloyatidagi trassada 52 nafar xorijlik boʻlgan avtobus buzilib qolgan.
21 dekabrga oʻtar kechasi Samara-Chimkent yoʻlining Irgiz tumanidan oʻtgan qismida yoʻlovchi avtobusning buzilishi oqibatida odamlar kuchli sovuqda qolib ketgan.
Qutqaruvchilar avtobusdan 52 nafar yoʻlovchini, jumladan bir bolani Irgiz qishlogʻidagi eng yaqin issiqlik punktiga evakuatsiya qildi. Ularning aksariyati Oʻzbekiston fuqarolari, yana olti nafari Tojikiston fuqarolaridir.
Yoʻlovchilardan hech kim tibbiy yordam soʻrab murojaat qilmagan. Soʻngra barcha yoʻlovchilar boshqa avtobusda oʻz manziliga joʻnab ketishdi, deyiladi Qozogʻiston FVB xabarida.
Avvalroq Rossiyaning Ulyanovsk viloyatida oʻzbekistonliklar avtohalokatga uchragandi.