platina.uz
Jamiyat

Xodimlar sonini yashirish uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi

Prezident tadbirkorlarga oid taqdimot bilan tanishdi. Faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinmoqda.

Xodimlar sonini yashirish uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatda tadbirkorlarga iqtisodiyotning tayanchi sifatida qaralib, biznes muhiti tobora qulaylashtirib borilmoqda. Mahalladagi yakka tadbirkorlikdan tortib, yirik loyihalargacha qoʻllab-quvvatlanmoqda. Natijada biznesga qiziqish va undan manfaatdorlik oshib bormoqda.

Buning bosh omili hayot talabidan kelib chiqib, tadbirkorlarning oʻz takliflari asosida ish tutilayotganidir.

Anʼanadagidek, bu yil ham 20 avgust kuni davlat rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi. Unda aytilgan muammo va fikrlar asosida tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, tekshiruvlarni tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Unga koʻra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab bitta huquqbuzarlik uchun bitta javobgarlik chorasini belgilash nazarda tutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinmoqda.

Shuningdek, raqamli markirovkalash qoidalarini hamda fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi.

Nizolar hal qilinishini yengillishtirish maqsadida 2025 yil 1 martdan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etiladi.

Tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari roʻyxati tasdiqlanadi.

Bunda, roʻyxatda yoʻq masalalar boʻyicha tadbirkorlar faoliyatini tekshirish taqiqlanadi. Tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab, tekshiruvlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi doirasida tadbirkorlarni 3 ta toifaga ajratgan holda oʻtkaziladi.

Taqdimotda, shuningdek, tadbirkorlar faoliyatida noqonuniy tekshiruvlarning oldini olish, nazorat organlarining tekshiruvchi xodimlari malakasini oshirish boʻyicha ham fikrlar bildirildi.

Davlat rahbari bu choralarni huquqiy jihatdan takomillashtirish, amaliyotda adolatli qoʻllanishini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid