Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

SSSR davridagi nomi saqlab qolingan va bugunga qadar nomi oʻzgartirilmagan sanoqli vazirliklardan biridir.

Jamiyat
20-mart, 20:03
Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

Tashqi ishlar vazirligi – Vazirlar Mahkamasi tizimiga kiruvchi va Konstitutsiya, shuningdek, xalqaro-huquqiy meʼyorlarda belgilangan prinsiplardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekistonning tashqi siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organidir.

Vazirlik 1990 yilda rasman ishga tushgan. SSSR davridagi nomi saqlab qolingan va bugunga qadar nomi oʻzgartirilmagan sanoqli vazirliklardan biridir.

Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018 yil 5 apreldagi PF-5400 son farmoni asosida yanada takomillashtirilgan.

Vazirlikning alohida jihati shundaki, u oʻz faoliyatini prezidentning bevosita rahbarligida amalga oshiradi.

Vazirlik huzuridagi tashkilotlar

  • “Dipxorijxizmat”
  • Dunyo axborot agentligi.
  • Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

Qiziq maʼlumot

Davlat xizmatlari agentligi – vacancy.argos.uz saytida Tashqi ishlar vazirligining boʻsh ish oʻrinlari koʻrinmaydi. Yaʼni vazirlik oʻz aʼzolarini tanlov asosida qabul qilmaydigan sanoqli tashkilotlardan biri. Yuqori lavozimlar-ku mayli, ammo vazirlik faoliyati va boshqaruviga deyarli aloqasiz, farrosh, haydovchi, mexanik hamda boshqa shu kabi ish oʻrinlari boʻshligi yoki boʻshagani haqida ochiq eʼlon berilmagan.

Vazir Saidov Baxtiyor Odilovich 1981 yil 22 aprelda Samarqand viloyatida tugʻilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat va magistratura bitiruvchisi, Jahon savdo tashkiloti institutida (Shveysariya) tahsil olgan. Baxtiyor Saidov Toshkent davlat pedagogika universitetining PhD ilmiy darajasiga ega.

B.Saidov qariyb 20 yildan buyon davlat xizmatida faoliyat yuritib, xalqaro maydonda Oʻzbekistonning iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini ilgari surib kelmoqda. Oilali, uch nafar farzandi bor.

Szyansi universiteti faxriy professori unvoniga ega. 2018 yilda "Doʻstlik" ordeni, 2020 yilda Szyansi universiteti (Xitoy) faxriy professori, 2020 yilda ShHT “Harbiy sohada doʻstlik va hamkorlik”ni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun kengash belgisi bilan taqdirlangan.

Hozirgi lavozimga tayinlangunga qadar Xalq taʼlimi vaziri sifatida ishlagan.

Mehnat faoliyati

  • 2002-2003 yillarda Tashqi ishlar vazirligida stajyor;
  • 2003-2008 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining “Oʻrta Osiyo trans” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzinfoinvest” agentligi va boshqa turli boʻlinmalarida rahbarlik lavozimlari;
  • 2009-2013 yillarda Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi;
  • 2013-2015 yillarda Vazirlar Mahkamasining Xalqaro shartnomalar ekspertizasi va monitoringi boshqarmasi boshligʻi;
  • 2015-2017 yillarda “Oʻzbekengilsanoat” AJ raisining birinchi oʻrinbosari – bosh menejeri;
  • 2017-2021 yillarda Oʻzbekistonning Xitoydagi elchisi, bir vaqtning oʻzida oʻrindoshlik asosida Moʻgʻuliston va Filippindagi elchisi;
  • 2009-2013 yillarda Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi;

Qiziq maʼlumot

Baxtiyor Saidov Xalq taʼlimi vaziri ekan, xalq taʼlimi xodimlarining 280 ming nafari, yaʼni 56 foiz qismining salohiyati talab darajasida emasligi haqida bayonot bilan chiqqan.

“Xalq taʼlimida bugungi qilinayotgan ishlarning natijasini 5-10 yildan keyin koʻramiz”, degan edi Xalq taʼlimi vaziri sifatida faoliyat yuritgan kezlarida. Bundan tashqari, u Oʻzbekistondagi maktablarning 20 foizida infratuzilmasi muammoli, bunga sabab esa 1991 yildan 2016 yilgacha taʼlimga yetarlicha eʼtibor berilmaganini bildirgan. U avvalgi masʼullarni ayblashdan yiroqligi, “oʻsha paytdagi vaziyat” taqozosi shunday boʻlganini taʼkidlagandi.

Birinchi oʻrinbosar Aʼloyev Baxromjon Juraboyevich 1963 yil 20 aprelda Namangan viloyatida tugʻilgan. Filologiya fanlari nomzodi. Favqulodda va muxtor elchi diplomatik martabasiga ega. Fransuz va ingliz tillarini biladi. Oilali, ikki nafar farzandi bor.

Oʻrinbosar Xamrayev Erkin Jalilovich 1969 yil 14 iyunda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan. 1994 yil Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. 1-darajali adliya maslahatchisi. Ingliz tilini biladi. Oilali, besh farzandning otasi.

Oʻrinbosar Usmanov Bobur Masudovich 1984 yil 13 dekabr kuni Samarqand shahrida tugʻilgan. 2005 yili Toshkent davlat yuridik institutini (bakalavriat), 2010 yili Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (magistratura) tamomlagan. 1-darajali adliya maslahatchisi. Ingliz tilini biladi. Oilali, besh farzandning otasi.

Oʻrinbosar Madrahimov Muzaffarbek Anvarbekovich 1972 yil 18 martda Toshkentda tugʻilgan. 2014 yildan 2017 yilgacha Oʻzbekistonning Birlashgan millatlar tashkilotidagi doimiy vakili boʻlgan.

Oʻrinbosar Nurimbetov Rahmatulla Ibragimovich 1977 yil 21 iyunda Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumanida tugʻilgan. Siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD). 1994-1998 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, 2000-2002 yillarda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (magistratura), 2008-2010 yillarda Oʻzbekiston milliy universitetini tamomlgan. Nemis, ispan va ingliz tillarini biladi. Oilali, ikki nafar farzandi bor.

Prezidentning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Irgashev Ismatulla Raimovich 1960 yil 24 sentabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1982 yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi OʻzMU) tamomlagan. Favqulodda va muxtor elchi diplomatik martabasiga ega. Fors, ingliz va turk tillarini biladi. Oilali, besh nafar farzandi bor.

Axborot xizmati rahbari Burxanov Axror Toxirovich avval Oʻzbekistonning Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida turli lavozimlarda ishlagan.

Maftuna Yodgorova tayyorladi.


Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi


Favqulodda vaziyatlar vazirligi


Investitsiyalar vazirligi


Qurilish vazirligi


Oliy taʼlim vazirligi


Raqamli texnologiyalar vazirligi


Ekologiya vazirligi


Adliya vazirligi


Bosh prokuratura

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+