Andijonda jinoyat olami vakillari qamoqqa olindi
Hozirda ularning sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarga aloqadorliklari oʻrganilmoqda.

Andijon viloyatida "Dolzarb 40 kunlik" maxsus profilaktik tadbirlari doirasida bir qator jinoyat olami vakillari, oʻzidan "yetakchi" yasab olganlar hamda ularga yaqin boʻlgan shaxslar ushlandi.
Xususan, 5 dekabr kuni oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Jinoyat kodeksining 104, 277-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun K.A.X., Sh.F.P, E.B.T. va P.A.A. ushlandi.
Ular viloyat hududida oilaviy zoʻravonlik, mayda bezorilik, valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni sodir etganliklari aniqlanib, ularning har biriga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanildi.
Hozirda ularning sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarga aloqadorliklari oʻrganilmoqda.
Avvalroq Toshkentda "Salimboy" nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev, “Sayidaziz medgorodok”, “Baxti Tashkentskiy” va uning Fargʻonadagi sherigi, Toshkentda yana 10 kishi va zoʻravonlikda ayblanib B.B.A. (1985 y.t.) qoʻlga olingan edi. Shuningdek, "tozalash" ishlari Samarqand, Fargʻona, Andijon va Namanganda ham boshlab yuborilgan.