Yevropa Markaziy Osiyo davlatlari ichki ishiga aralashmoqda – Lavrov
Rossiya tashqi ishlar vaziri Samarqandga tashrifi chogʻida jurnalistlar bilan suhbatda "Markaziy Osiyo+" hamkorlik formati haqida fikr bildirdi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyodagi turli sammitlari haqida gapirib, ichki ishlariga aralashuv deb atadi.
Lavrov Samarqandga tashrifi chogʻida jurnalistlar bilan suhbatda tobora ommalashib borayotgan "Markaziy Osiyo+" hamkorlik formati haqida fikr bildirdi.
"Shuning uchun biz Markaziy Osiyo va tashqi hamkorlar oʻrtasidagi hamkorlik jarayonlarini (narsalarni oʻz nomi bilan atasak) ichki ishlarga aralashishga boʻlgan bunday ochiqdan-ochiq urinishlardan ozod qilish tarafdorimiz. Biz hech qachon hech kim bilan bunday qila olmaymiz", degan Rossiya TIV rahbari.
Uning qoʻshimcha qilishicha, buni "maʼqullab boʻlmaydi va Markaziy Osiyo davlatlari buni koʻrib turibdi". Lavrovning soʻzlariga koʻra, ular "Gʻarb davlatlari ilgari surayotgan maqsadlarni juda yaxshi tushunmoqda va oʻzini imkon qadar himoya qilish uchun barchasini qilmoqda".
Shuningdek, Lavrov 2025 yil kuzda oʻtishi moʻljallangan "Markaziy Osiyo + Rossiya" sammitiga tayyorgarlik koʻrilayotganini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, rossiyalik amaldor kecha Samarqanddagi "Motamsaro ona" yodgorligida rus tilidagi yozuv yoʻqligiga eʼtibor qaratgan. "Inglizlar sizga qanday kelib qolishdi? Qarasam, inglizcha yozuv. Ruschani koʻrmayapman", degan u.