Gaz boʻyicha bazaviy limitni pasaytirish amaliyoti kechiktirildi
Limit amaldagi 500 kubometrdan 100 kubometrga tushirilishi kerak edi. Ammo bu jarayon aprelgacha qoldirildi.

Tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan bazaviy meʼyor 1 aprelga qadar uzaytirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
1 mart sanasidan eʼtiboran mamlakatda isitish mavsumida tabiiy gaz uchun joriy qilingan 500 kubometrlik bazaviy meʼyor 100 kubometrga tushirilishi belgilangan edi.
Biroq mart oyida havo haroratining past boʻlishi, hatto ayrim kunlari kechasi va kunduzi harorat 0°S darajadan tushib, odatdagidan koʻra sovuqroq kelishi kutilayotgani, qolaversa, aholiga qulaylik yaratish maqsadida ushbu amaliyot kechiktirilgan.
"Davlat rahbarining topshirigʻiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kubometr bazaviy meʼyor 2025-yilning 1 apreligacha uzaytirildi", deyiladi vazirlik xabarida.