Oʻzbekiston boʻylab 2 mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalar aniqlandi
Ularning umumiy maydoni qariyb 721 gektarni tashkil etgan.

Oʻzbekistonda qariyb 2 ming noqonuniy chiqindixonalar aniqlandi. Bu haqda Oʻzbekkosmos agentligi xabar berdi.
Joriy yilning bugungi kuniga qadar agentlik tomonidan ekologiya yoʻnalishida olib borilgan kosmik monitoring natijalari eʼlon qilindi.
Unga koʻra, Respublikaning qariyb 721 gektar maydonida 1 ming 928 ta noqonuniy chiqindixona mavjud ekanligi aniqlandi. Ulardan 123 tasi yaʼni 255,5 gektari chiqindi saqlash poligonlari chegarasidan tashqariga chiqish, 1 805 tasi 465,2 gektari esa noqonuniy chiqindi poligonlari sifatida qayd yetilmoqda.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 243 ta (63,2 gektar), Xorazm viloyatida 168 ta (22 gektar), Buxoro viloyatida 92 ta (91,7 gektar), Navoiy viloyatida 216 ta (112,4 gektar), Samarqand viloyatida 147 ta (41,2 gektar), Qashqadaryo viloyati 81 ta (79,3 gektar), Andijon viloyati 180 ta (42 gektar), Namangan viloyatida 195 ta (65,2 gektar), Fargʻona viloyatida 164 ta (51 gektar), Toshkent viloyatida 363 ta (98,6 gektar), Jizzax viloyatida 39 ta (30,44 gektar) va Surxondaryo viloyatida 40 ta (20,11 gektar).

Bu kabi noqonuniy chiqindi poligonlarining tashkil etilishi avvalo atrof muhit va ekologiyaga katta salbiy taʼsir oʻtkazib, tuproq, suv va havo sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Qolaversa, zararli hasharotlar koʻpayishi, infeksion kasalliklarning ortishi, insonlarda oʻpka saratoni va nafas olish nuqsonlarining rivojlanishiga olib keladi.