Tamagochi effekti: reallik va virtuallik
Virtual mavjudotlarga gʻamxoʻrlik qilish tajribasi haqiqiy hayotda masʼuliyat va gʻamxoʻrlikni idrok etishga taʼsir qildi va ushbu psixologik hodisaga shunday nom berildi.

Psixologiyada “Tamagochi effekti”, odatda, Tamagotchi kabi elektron virtual uy hayvonlarida boʻlgani kabi, odamlar virtual qahramonlar uchun qaygʻurish va masʼuliyat hislarini namoyish etadigan hodisaga nisbatan aytiladi. Bu hodisa virtual munosabatlarning inson xatti-harakatlarining hissiy va psixologik jihatlariga taʼsirini oʻrganishga imkon beradi.
Oʻtmishga nazar
Tamagochi (yaponcha: たまごっち tamagotti) – oʻyinchoq, virtual uy hayvoni. Tamagotchi virtual uy hayvonlari 1990-yillarda fenomenga aylandi. Tamagotchi Yaponiyaning Bandai kompaniyasi tomonidan yaratilgan va birinchi marta 1996 yil 23 noyabrda chiqarilgan. Bular tuxum shaklidagi elektron qurilmalar boʻlib, oʻz egasidan gʻamxoʻrlik qilishni talab qiladigan virtual qahramon koʻrsatib turiladigan kichik ekranga ega boʻlgan.
Bu oʻyinchoqni chiqarishdan maqsad – gʻamxoʻrlik qilish, oziqlantirish, oʻynash va kuzatish kerak boʻlgan virtual uy hayvonlarini yaratish edi. Tamagotchi Yaponiyada mashhurlikka erishdi va tez orada butun dunyo boʻylab yoyilib, elektron oʻyinchoqlar va virtual uy hayvonlari ramziga aylandi.
2017 yilning kuzida, Daily Mail gazetasi maʼlumotlariga koʻra, Tamagotchi oʻyinchoqlarining yangilangan versiyasi AQShda olti xil korpus dizaynida va olti xil virtual uy hayvonlari bilan yana sotuvga qaytdi. Yangilangan versiya ham asl nusxadan kichikroq, ammo funksionalligi bir xil.
Tamagotchi’ning inson xulq-atvoriga taʼsiri qiziqarli hodisaga aylandi. Odamlar oʻzlarining virtual uy hayvonlariga masʼuliyat, gʻamxoʻrlik va hissiy joziba koʻrsatishni boshladi. Virtual mavjudotlarga gʻamxoʻrlik qilish tajribasi haqiqiy hayotda masʼuliyat va gʻamxoʻrlikni idrok etishga taʼsir qildi va ushbu psixologik hodisaga "Tamagochi effekti" deb nom berildi.
“Tamagochi effekti” keng tarqalgach, tadqiqotchilar odamlar va Tamagotchi’lar oʻrtasidagi simbiotik koʻringan munosabatni tasvirlash uchun “Tamagotchi-odam-kiborg” atamasini fanga kiritdi. Ular tamagochi odamning yonida oʻlmagan boʻlsa, yaqin atrofdagi tirik uy hayvonining oʻlimi kabi azob-uqubatlar bermaydi, degan fikrni bildirishdi.
Effekt taʼsiri
“Tamagochi effekti” misoli quyidagi jihatlarni oʻz ichiga oladi:
• Masʼuliyat va gʻamxoʻrlik. Muntazam gʻamxoʻrlikni talab qiladigan virtual uy hayvoniga ega boʻlish odamda masʼuliyat hissi va haqiqiy uy hayvoniga mehr koʻrsatish kabi gʻamxoʻrlik hissini tarbiyalaydi.
• Hissiyotga berilishi. Odamlar virtual qahramonlar bilan hissiy aloqalarni rivojlantirishlari, ularning farovonligi haqida qaygʻurishlari, ularning holatiga munosabat bildirishlari mumkin. Bu esa egasining hissiy holatiga taʼsir qilishi mumkin.
• Masʼuliyatni oʻrgatish. Tamagotchi kabi virtual uy hayvonlari, ayniqsa bolalar uchun masʼuliyatni oʻrganishga vosita boʻlib xizmat qilishi mumkin. Virtual qahramonga gʻamxoʻrlik qilish muayyan masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishni talab qiladi, bu esa gʻamxoʻrlik va masʼuliyat koʻnikmalarini shakllantiradi.
• Texnologik munosabat. “Tamagochi effekti” – texnologiyalarning his-tuygʻularimizga va xatti-harakatlarimizga taʼsirini ham aks ettirishi mumkin. Virtual aloqalar va virtual mavjudotlarga gʻamxoʻrlik texnologiya rivojlanishi bilan keng tarqalmoqda. Ayniqsa, sunʼiy intellekt va neyrotarmoqlarga asoslangan chat va robotlarning inson hayotiga keng kirib borayotgani bunday effekt haqida chuqur oʻylanishga majbur qiladi.
Taʼkidlash lozim, mazkur hodisa hozir psixologiyada keng oʻrganilmoqda. U amaliyotga ham keng tatbiq etilishi mumkin. Bu effektni oʻrganish texnologiyalar inson munosabatlari va hissiy sohaga qanday taʼsir qilishi mumkinligi nuqtai nazaridan ham qiziq hisoblanadi.
Effektning salbiy oqibatlari
“Tamagochi effekti” ijobiy boʻlishi mumkin esa-da, masʼuliyat va hissiy ishtirokni ragʻbatlantiradi, ammo bu hodisaning ehtimoliy salbiy oqibatlari ham mavjud:
• Stress va tashvish. Virtual uy hayvonlariga gʻamxoʻrlik qilish stress va tashvishga olib kelishi mumkin, ayniqsa egasi ularga gʻamxoʻrlik qilishda qiyinchiliklarga duch kelsa! Misol uchun, masʼuliyatsizlik virtual uy hayvonining "oʻlimiga" olib keladigan boʻlsa, bu salbiy his-tuygʻularga sabab boʻlishi mumkin.
• Texnologiyalarga qaramlik. Ushbu effekt texnologiya va virtual munosabatlarga qaramlikni ham tushuntirib bera oladi. Odamlar real hayotdagi munosabatlar va masʼuliyatni eʼtiborsiz qoldirib, virtual mavjudotlarga gʻamxoʻrlik qilishga koʻp vaqt isrof qilishlari mumkin.
• Jonli munosabatlar illyuziyasi. Virtual uy hayvonlariga gʻamxoʻrlik qilish – haqiqiy, jonli munosabatlar va masʼuliyatning oʻrnini bosish illyuziyasini yaratishi mumkin. Odamlar real munosabatlardan koʻra virtual munosabatlarni afzal koʻrib qolishlari, bu esa ularning ijtimoiy hayotiga salbiy taʼsir qilishi mumkin.
• Haqiqiy hayotdan chalgʻitish. Virtual parvarish haqiqiy muammolar va masʼuliyatdan chalgʻitadi. Odamlar virtual uy hayvonlariga gʻamxoʻrlik qilishdan haqiqiy hayotdagi stress va qiyinchiliklardan qochish uchun foydalanishlari mumkin.
• Ijtimoiy ihotalanish. Agar “Tamagochi effekti” real ijtimoiy majburiyatlardan voz kechish bilan birga yuz bersa, bu ijtimoiy ihotalanishga va boshqalar bilan haqiqiy munosabatlarning yomonlashuviga olib kelishi mumkin.
• Haqiqiy ehtiyojlarga eʼtibor bermaslik. Virtual uy hayvonlarining egalari oʻzlarining asl ehtiyojlarini unutib, virtual mavjudotlarga gʻamxoʻrlik qilish uchun koʻproq vaqt ajratish va eʼtibor berishga oʻrganib qolishlari mumkin.
Umuman olganda, “Tamagochi effekti” har xil taʼsirga ega boʻlishi mumkin. Bu taʼsir texnologiyalarning inson hayotiga qanday kirib borgani va inson oʻziga qanday jihatlarni ustuvor maqsad sifatida belgilab olganiga bogʻliq. Bu effekt salbiy oqibatlarga olib kelmasligi uchun virtual va haqiqiy masʼuliyat oʻrtasidagi muvozanatni topish zarur boʻladi.