Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish davlat dasturi maʼqullandi
Dastur milliy va xalqaro ekspertlar jamoasi tomonidan bir yilga yaqin vaqt davomidagi muhokamalardan soʻng qabul qilindi.

Shavkat Mirziyoyev ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilishga doir davlat dasturini maʼqulladi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, hujjatga xalqaro klinik amaliyotlar asos qilib olingan. Dastur milliy va xalqaro ekspertlar jamoasi tomonidan bir yilga yaqin vaqt davomidagi muhokamalardan soʻng qabul qilingan.
"Har bir ayol elektron roʻyxatga kiritiladi va har qanday xavfli oʻzgarishlar aniqlanganda tizimda “yoʻqolib qolmaydi”. Dastur aniq harakatlar va davolash protokollarini oʻz ichiga olgan. Albatta, bu juda katta qadam va ushbu oʻzgarishlar jarayoni shaxsan oʻz nazoratim ostida boʻladi", deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
30 yoshdan boshlab ayollar har 10 yilda inson papillomasi virusiga test topshirishi, 45 yoshdan 65 yoshgacha esa har 2 yilda mammografiyadan oʻtishi kerak boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, 22 noyabrda “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori imzolangandi.