platina.uz
Jamiyat

Fan olimpiadalari gʻoliblariga beriladigan mukofotlardan daromad soligʻi olinmaydi

Qobiliyatli yoshlarni aniqlovchi Fan olimpiadalari markazi tuziladi. 

Fan olimpiadalari gʻoliblariga beriladigan mukofotlardan daromad soligʻi olinmaydi

“Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-346-son) qabul qilindi.

Unga koʻra, fan olimpiadalari gʻoliblariga toʻlanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovgʻalar daromad soligʻidan ozod etiladi.

2025 yil 1 yanvardan:

-nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan terma jamoalar rahbarlarini jamoaning natijasiga qarab ragʻbatlantirish tartibi joriy etiladi;

-asosiy fan olimpiadalarining hududiy va respublika bosqichlarida hamda xalqaro olimpiadalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar, ularning oʻqituvchilari va terma jamoalar rahbarlariga toʻlanadigan pul mukofotlari va beriladigan sovgʻalar daromad soligʻidan ozod etiladi.

2025 yil 1 dekabrgacha:

-xalqaro va mahalliy fan olimpiadalari natijalarining doimiy statistikasini yuritish, onlayn fan olimpiadalarini tashkil qilish va oʻtkazish hamda olimpiadalar ishtirokchilarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish imkonini beruvchi elektron platforma yaratiladi;

-Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan buyuk allomalar nomi bilan ataladigan xalqaro fan olimpiadalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtiriladigan, mahalliy va xorijiy oʻquvchilarning ushbu olimpiadalarda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtishlarini taʼminlaydigan maxsus sayt ishga tushiriladi.

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi (Markaz) tashkil etiladi.

Qobiliyatli hamda fanlarni chuqur oʻrganishga qiziqadigan yoshlarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi iqtidorni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish Markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid