Soliq inspeksiyasi hisobchisi katta mablagʻni talon-toroj qilgani maʼlum boʻldi
Bosh hisobchi oʻzi va boshqalarga taʼtil, ragʻbatlantirish va maoshlar yozish orqali byudjetga qariyb 1 mlrd soʻmlik zarar yetkazgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi buxgalteriya shoʻʼbasi boshligʻi bosh hisobchi lavozimida ishlagan S.N.ga nisbatan sud ishi koʻrib chiqildi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi 2020 yil 16 noyabrdan 2024 yil 13 martga qadar Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi buxgalteriya shoʻʼbasi boshligʻi – bosh hisobchi lavozimida ishlagan. U vakolatidan foydalanib, oʻziga 239.661.684 soʻm ragʻbatlantirish, shuningdek oʻziga asossiz tarzda 4.400.920 soʻm moddiy yordam hisoblab, jami ishonib topshirilgan 269.510.014 soʻm byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirgan.
S.N. bundan tashqari 2023 yil 30 martdan 27 dekabrgacha 28 ta holatda goʻyoki xizmat safari harajatlari uchun oʻziga 412.230.000 soʻm hisoblab, inspeksiya rahbariga “UzAsbo” dasturiy majmuasiga kirish uchun berilgan elektron kalit va parollardan foydalangan holda dasturga kirishga erishib, juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Sudlanuvchi yana bir holatda qoʻl ostidagi xodim inspeksiya buxgalteriya shoʻʼbasi davlat soliq bosh inspektori G.Abdunazarova bilan oldindan til biriktirib,unga xizmat safari va ragʻbatlantirish yozish evaziga 60.158.969 soʻm byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.
Shuningdek S.N 2021-2023 yillarda inspeksiya xodimlari oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa toʻlovlarni 182.688.404 soʻm ortiqcha hisoblab,jami 188.629.899 soʻm byudjet mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, N.S.ga uzil-kesil 1 yil muddatga davlat idoralarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash muayyan huquqidan mahrum qilib, ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 (bir) yil 6 (olti) oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar, jami 930.528.882 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining yagona gʻazna hisobiga orqali davlat foydasiga oʻtkazilgan.