Qozogʻiston "Tolibon"ni terrorchilar roʻyxatidan chiqardi
Avvalroq Rossiya adliya vazirligi ham prezident Putinga shunday taklif bilan chiqqandi.

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev respublika Afgʻoniston bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida "Tolibon" harakatini yerrorchilar roʻyxatidan chiqarganini aytdi. U Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti mamlakatlari parlament palatalari spikerlari bilan uchrashuvda shu mavzuni koʻtardi.
Toʻqayev "Afgʻonistonning mintaqalararo munosabatlarga faol qoʻshilishi"ni joriy davrning strategik vazifalaridan biri deb atadi. "Zamonaviy Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhim va bizning fikrimizcha, amaldagi rejim uzoq muddatli omil boʻladi", — deya maʼlum qilgan Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati.
Uning fikricha, KXShTga aʼzo davlatlar bu borada oʻzaro kelishilgan pozitsiyaga ega boʻlishi kerak. Toʻqayev Qozogʻistonning Olmaota shahrida Markaziy Osiyo va Afgʻonistonning barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Qozogʻiston "Tolibon"ni 2023 yil dekabrida taqiqlangan roʻyxatdan olib tashlagan edi. 2024 yil 27 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi prezident Vladimir Putinga "Tolibon" harakati taqiqlanganlar roʻyxatidan chiqarilishi mumkinligini maʼlum qildi. Rossiya, shuningdek, Afgʻoniston Islom Amirligi rasmiylarini Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etishga taklif qildi. "Tolibon" Rossiyada 2003 yilning mart oyidan beri Oliy sud qarori bilan terrorchi deb tan olingan.