platina.uz
Jamiyat

Qiziltepa hokimi oʻrinbosari jarima bilan qutulib qoldi

Oʻlmas Istamovga nisbatan aynan qancha miqdorda jarima qoʻllanilgani aytilmagan.

Qiziltepa hokimi oʻrinbosari jarima bilan qutulib qoldi

Qiziltepa tumani hokimining yoshlar va ijtimoiy rivojlantirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Oʻlmas Istamov qoʻlostidagi xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilgani uchun jarimaga tortildi.

Bu haqda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya maʼlum qildi. Oʻrganishda Istamov Open Budget dasturi doirasida tashkilot rahbarlarining xizmat vazifalariga kirmaydigan tashabbusli byudjet loyihasiga ovoz yigʻishga majburan jalb qilgani aniqlangan.

Bosh prokuratura va Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari hokim oʻrinbosarining harakatlarida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalarida koʻrsatilgan huquqbuzarlik alomatlarini aniqlagan. Mansabdor shaxsga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlangan.

Aynan qancha miqdorda jarima tayinlangani ochiqlanmagan. Qonunchilikda bu holatga 17 mln. soʻmdan 34 mln. soʻmgacha jarima nazarda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻlmas Istamov tashkilot rahbarlarini bitta tashabbusga ovoz toʻplashga majburlagani aks etgan audio tarqalgan edi. U mazkur topshiriqni tuman hokimi berganini aytib, “plan”ni bajarmaganlarni ishdan boʻshatib yuborish bilan tahdid qilgan va tashkilot rahbarlarini noinsoflar, deya haqoratlagandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid