Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Germaniya prezidenti bilan uchrashdi
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga amaliy tashrifi doirasida 29 sentabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni, shu jumladan Yevropa Ittifoqi dasturlari doirasida taʼminlashning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Shavkat Mirziyoyev oʻz soʻzida “Markaziy Osiyo - Germaniya” formatidagi hamkorlik istiqbollariga alohida toʻxtaldi. Amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga, eng avvalo yuksak texnologiyalar va innovatsion rivojlanish, transport kommunikatsiyalari, “yashil” energetika, kasbiy taʼlim, faol madaniy va akademik almashinuvlarga alohida eʼtibor qaratildi.