DXX IIB inspektori va Kadastr agentligi bosh mutaxassisini ushladi
Shuningdek, yana bir tadbirda sobiq harbiy qoʻlga olingan.

DXX joylarda olib borilgan tezkor tadbirlarda IIB inspektori, sobiq harbiy va Kadastr agentligi bosh mutaxassisini qoʻlga oldi.
Aytilishicha, Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Mirzaobod tumanidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat yuristi logistika xizmatlari koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbaridan 14 ming AQSh dollari va 12 mln. soʻm olgan vaqtida qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, u viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida MChJning bekor qilingan guvohnomasini tiklash va soliq idoralari tomonidan 1 mlrd. 950 mln. soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻini olishga qoʻyilgan taʼqiq masalasini ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilgan.
DXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bosh mutaxassisi Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatmaslik masalasini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 6 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta inspektori fuqarodan noqonuniy tarzda 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari tomonidan ushlandi.
Aniqlanishicha, u Jinoyat Kodeksining 251 prim 1-moddasi 3-qismi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumni Navoiy shahridagi 11-sonli jazoni ijro etish muassasasidan Chirchiq shahrida joylashgan 14-sonli jazoni ijro etish muassasasiga koʻchirilishida yordam berishini vaʼda qilgan.
DXX Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Fargʻona shahrida yashovchi, 1984 y.t. sobiq harbiy xizmatchi oʻzining mansabdor tanishlari yordamida mahalliy fuqaroni ichki ishlar organlari tizimiga ishga kiritib qoʻyish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.