IIBning zoʻravon sobiq xodimiga hukm oʻqildi
Oliy sud jarayon tafsilotlarini eʼlon qildi.

Toshkentda voyaga yetmagan qizni nomusiga tegishda ayblangan IIB xodimiga hukm oʻqildi.
Oliy sud matbuot xizmatiga koʻra, 25 dekabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Boʻstonliq tuman sudida M. J.ga (1992 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, Mirobod tumani IIO FMB 3-son IIB HPB profilaktika inspektori boʻlib ishlagan) oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Boʻstonliq tuman sudining sudyasi J. Xojayev raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqildi.
Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq M. J. voyaga yetmagan Z. D.ga (2010 yilda tugʻilgan) nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Bundan tashqari, sud tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksining 417-moddasi (jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini koʻrsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari) tartibida M. J.ga oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish uchun shart–sharoit yaratib bergan Sh. A., M. Z. va F. M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini xal qilish uchun Boʻstonliq tumani prokuroriga xabar yuborildi, deyiladi xabarda.