platina.uz
Iqtisod

Tezyurar poyezd narxlari endi bozorga qarab oʻzgarib boradi

“Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori imzolandi.

Tezyurar poyezd narxlari endi bozorga qarab oʻzgarib boradi

2024 yil 1 yanvardan yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va narxlar bozor tamoyillari asosida tartibga solinadi.

“Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarorida shunday tartib belgilandi.

Qarorga koʻra, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024 yil 1 yanvargacha quyidagilar tashkil etiladi:

  • yoʻl xoʻjaligi, elektr taʼminoti, signallashtirish va aloqa, lokomotiv xoʻjaligi, yagona dispetcherlik markazi va yuk stansiyalari ish faoliyatini taʼminlash boʻyicha “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ;
  • yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xoʻjaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yoʻlga qoʻyish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish boʻyicha “Temiryoʻlkargo” AJ;
  • yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatini koʻrsatish boʻyicha “Temiryoʻlekspress” AJ;
  • “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ tarkibida vokzallar faoliyatini taʼminlash boʻyicha “Temir yoʻl vokzallari” MChJ va shahar atrofida yoʻlovchilar tashish boʻyicha “Shahar atrofida yoʻlovchi tashish” MChJ;
  • bolalar oromgohlari, sogʻliqni saqlash, madaniy-maʼrifiy va sport obʼektlarini saqlash boʻyicha “Temir yoʻl ijtimoiy xizmatlar” muassasasi.

Temir yoʻlda yuklarni mahalliy, eksport va import yoʻnalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar 2024 yil 1 yanvardan bekor qilinadi hamda ularni faqat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek:

  • 2025 yil 1 yanvardan mahalliy yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlarini koʻrsatishdan koʻrilgan zararlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan temir yoʻl transportida yuk tashish xizmatlariga berilgan chegirmalar davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi;
  • 2027 yil 1 yanvargacha temir yoʻl transporti xizmatlarini koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan olib kiriladigan ortish-tushirish ishlari uchun moʻljallangan mexanizm va uskunalarga bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi;
  • 2026 yil 1 yanvargacha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarga oʻzaro toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida tovarlarni sotish, ijaraga berish, xarid qilish, yetkazish, ish (xizmat)larini bajarishga ruxsat beriladi.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid