platina.uz
Sport

Omon qolgan futbolchi ham oʻzini oʻldirmoqchi boʻlgan Yoxud “Paxtakor-79” aviahalokatining sirli talqinlari

Sobiq SSSRda haqiqat deyarli yuzaga chiqarilmagan. Har bir voqea yoki yashirilgan yoki kommunistlarning obroʻsiga putur yetkazmaydigan tarzda, ularning qarashlariga mos ravishda talqin etilgan.

Omon qolgan futbolchi ham oʻzini oʻldirmoqchi boʻlgan  Yoxud “Paxtakor-79” aviahalokatining sirli talqinlari

Bundan 44 yil avval Oʻzbekiston sporti ogʻir judolikka uchragan. 1979 yil 11 avgust – shanba kuni Ukrainaning Dneprodzerjinsk (hozirgi Kamenskoye) osmonida aviatsiya tarixidagi yirik aviahalokatlardan biri roʻy berdi. «Aeroflot» aviakompaniyasiga tegishli ikki Tu-134A avialayneri (SU-7628 Chelyabinsk—Voronej—Kishinyov hamda SU-7880 Tashkent—Gurev—Donetsk—Minsk reyslari) 8400 metr balandlikda toʻqnashib ketdi.

Har ikki samolyotdagi yoʻlovchilarning barchasi - 178 kishi halok boʻldi. 7880 reysidagi 17 kishi «Paxtakor» futbol jamoasining aʼzolari boʻlishgani bois katta shov-shuvga sabab boʻldi.

Mashʼum halokat oʻzbekistonliklar, xususan, futbolchilar va futbol muxlislari qalbida bir umrlik oʻchmas jarohat qoldirdi. Qolaversa, oʻsha davrlarda sobiq SSSR futbol jamoalari orasida katta shuhratga erishgan, hatto xorijlik mashhur futbol jamoalarini oʻrtoqlik uchrashuvlarida magʻlubiyatga uchratgan sara futbolchilarning halokati oʻzbek futboli uchun katta yoʻqotish boʻldi.

Toʻqnashuv sabablari

Sobiq SSSRda haqiqat deyarli yuzaga chiqarilmagan. Har bir voqea yoki yashirilgan yoki kommunistlarning obroʻsiga putur yetkazmaydigan tarzda, ularning qarashlariga mos ravishda talqin etilgan. Ayniqsa, bu kabi aviahalokatlar ham turli yolgʻon talqinlar tumaniga oʻralgan holda bizgacha yetib kelgan. Har bir yashirilgan haqiqat turli gumon va shubhalarni tugʻdirganidek, “Paxtakor-79” jamoasining fojiasi turli taxminlarga boy. Ularning koʻpchiligi konspirativ xarakterga ega.

Ammo rasmiy talqin ham bor. Unga koʻra, fojia yuz bergan kuni samodagi vaziyatni Xarkov havo harakatini boshqarish markazi dispetcheri Nikolay Jukovskiy kuzatib turgan. Nikolay bir necha oy oldin maktabdan chiqqan, hali ona suti ogʻzidan ketmagan 20 yoshli bolakay boʻlgan. Xavfsizlik tarmogʻi uchun katta dispetcher Vladimir Sumskiy unga yordamlashgan.

Bortida “Paxtakor” jamoasi aʼzolari boʻlgan layner 5100 m balandlikda uchayotgan boʻlgan va uchuvchilar yana balandlash uchun ruxsat soʻrashgan. Nikolay Jukovskiy bunga ruxsat bergan. Fojiadan atigi 5 daqiqa avval yosh dispetcher ikkita Tu-134 samolyoti bir xil – 8400 metr balandlikda uchayotganini payqab qolgan va “Paxtakor”chilar uchayotgan layner bilan bogʻlanib, 9000 metr balandlikka koʻtarilishga buyruq berishga uringan. Lekin balandlikni oʻzgartirish haqidagi buyruq manziliga yetib bormagan. Chunki bu paytda samoda bir necha samolyot aloqada boʻlgan va ulardan biri mazkur buyruqni oʻziga tegishli deb oʻylab, notoʻgʻri tasdiqlagan. Buyruq tasdiqlaganidan soʻng dispetcher xotirjam boʻlgan. Biroq toʻsatdan ikkita samolyot radarlar nazoratidan gʻoyib boʻlgan. Ikkala navbatchi dispetcher ham uzoq vaqt ular bilan aloqaga chiqishga urinishgan. Lekin hammasi besamar ketgan – samolyotlar toʻqnashib ketgan.

Futbolchilar oʻtirgan samolyot toʻgʻri burchak ostida Moldaviya samolyoti biqiniga urilgan. Toʻqnashuvda samolyot bir qanotini yoʻqotgan. Zarba kuchli boʻlganidan har ikki samolyot ham ikki tarafga otilib ketgan va tartibsiz harakat qilib ucha boshlagan. Uchuvchilar oxirigacha vaziyatni oʻnglashga harakat qilishgan va samolyotni avariyaviy qoʻndirishga urinishgan. Biroq 4000 metr pastlagandan soʻng boshqaruvni batamom yoʻqotishgan. Ikki samolyot ham tumshugʻi bilan pastga shoʻngʻigani bois, hech kimda omon qolish uchun imkon qoldirmagan.

Rasmiy xulosaga koʻra, toʻqnashuvga ikki havo transportining harakat trayektoriyasini notoʻgʻri hisoblagani, shuningdek, dispetcher va uchuvchilarning sifatsiz radioaloqa bois bir-birlarini notoʻgʻri tushungani sabab boʻlgan. Shu bilan birga, yerdagi xizmatlarning ish reglamentida ham qoida buzilishlari aniqlangan. Keyinchalik ikkala dispetcher sudlandi va 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Oʻsha kuni «Paxtakor»ning 14 futbolchisi— Ravil Agishev, Mixail An, Alim Ashirov, Sirojiddin Bozorov, Konstantin Bakanov, Yuriy Zagumennix, Shuhrat Eshboʻtayev, Aleksandr Korchenov, Nikolay Kulikov, Vladimir Makarov, Sergey Pokatilov, Vladimir Sobirov, Vladimir Fyodorov i Viktor Churkin, shuningdek, trener Idgay Tazetdinov, administrator Mansur Talibjonov va jamoa shifokori Vladimir Chumakov Minskka uchib ketishayotgan edi. Hammaning kayfiyati chogʻ. Biroz bezovtalik ham hukmron. Chunki ular SSSR birinchiligi 19-turi doirasida Ukrainaning kuchli jamoasi – “Dinamo” bilan maydonga tushish niyatida ketishayotgan edi. Oʻsha davrlarda “Paxtakor” oʻyiniga koʻra kuchli oʻrtalikda boʻlgan. Ammo jamoada yosh va istiqbolli oʻyinchilarning mavjudligi jamoa muxlislarida “Paxtakor”ning mamlakat tarixida ilk marta chempion boʻlishiga umid uygʻotgan edi. Biroq taqdir chambaragi boshqa tarafga aylanib ketdi. Ehtimoliy gʻoliblikdan masrurlik va quvonch koʻzyoshlari oʻrnini alamli va armonli koʻz yoshlar egalladi.

Mazkur fojianing konspirologik talqinlariga koʻra esa, samolyot qandaydir harbiy obʼekt ustidan uchib oʻtgan va havo hujumiga qarshi himoya tizimi ishga tushib, ikki samolyotni ham raketa yordamida urib tushirgan. Keyinchalik bu fojiaga bagʻishlangan «Paxtakor» falokati siri» filmi chiqqan boʻlib, unda ham samolyot qandaydir harbiy obʼekt ustidan uchib oʻtayotgan vaqt urib tushirilgani ehtimoli haqida taxmin ilgari surilgan.

Bu talqinga ishonish mumkin boʻlgan jihati shuki, sobiq SSSRda inson qadri chivinchalik ham boʻlmagan. “Oliy maqsad”– sotsializm qurish, aslida esa tepadagi bir hovuch kommunistlarning shohona va bexavotir yashashi yoʻlida butun boshli xalqlarni ochlikka mahkum qilish, repressiya, surgun qilish, sunʼiy uyushtirilgan ochlik yoki urushga vagonlab joʻnatib qirib yuborishdan tortinmagan sovet hukumati uchun qandaydir 10-15 futbolchining hayoti umuman ahamiyatga ega boʻlmagan. Biroq bu talqin uchun dalillar yetarli emas. Qolaversa, toʻqnashuv joyi bir kunda tozalab olingani, halok boʻlganlarning tobutlarini ochishga ruxsat berishmagani ham koʻngilda shubha uygʻotadi. Endi esa buni isbotlash yoki rad etish juda mushkul. Changlar bosildi, loyqa suv tindi, endi dalillar topish deyarli imkonsiz.

Ikkinchi bir talqinga koʻra, samolyotlar oʻsha vaqtdagi davlat rahbarlari uchayotgan samolyot roʻparasidan chiqib qolgan va ehtimoliy toʻqnashuvning oldini olish maqsadida potensial xavf manbalari kommunistlar elitasiga hamrohliq qilayotgan qiruvchi samolyotlar tomonidan urib tushirilgan.

Shuningdek, Ukraina kompartiyasi birinchi kotibi Sherbitskiy va Oʻzbekiston rahbari Rashidov oʻrtasida adovat boʻlganiga oid nazariya ham tilga olingan. Ammo ularning fuqarolik samolyotlarini urib tushirishdan maqsadi nima boʻlgan, deya savol qoʻysak, bu talqinning mantiqsiz ekani darrov oshkor boʻladi.

Omon qolganlar ham boʻlgan

Qirq yil qirgʻin boʻlsa ham, ajali yetgan oʻladi, deyishganidek, bu fojiali samolyotda uchishi kerak boʻlganlarning ayrimlari turli sabablarga koʻra omon qolishgan. Oʻsha davrda mashhur futbolchilardan biri Birodar Abduraimov 1978 yili «Paxtakor» murabbiylar shtabida edi. U keyingi mavsum ikkinchi liga jamoasini boshqarish uchun ketib, fojeadan qutulib qoldi. Darvozabon Sasha Yanovskiy esa «Paxtakor» safiga aynan 1979 yili qoʻshilgan va mavsumni asosiy tarkibda boshlagan edi. Ammo keyinchalik Sergey Pokatilov bilan raqobatda yutqazdi. Natijada Sasha Minskka 1 kun avval zahiradagi oʻyinchilar bilan uchib ketib, fojiadan omon qoldi.

Eng gʻalatisi, odatda asosiy tarkib va zahiradagi oʻyinchilar safarga birga chiqardi. Ammo aynan shu safar har ikki tartib Minskka alohida uchishgan. Jamoada aka-uka Eshboʻtayevlar boʻlib, ulardan biri safarga zahiradagilar bilan yoʻlga chiqqandi. Shuningdek, jamoa massajchisi Anatoliy Dvornikov va jurnalist Oleg Yakubov ham jamoa bilan birga uchishlari kerak boʻlgan. Biroq ular oʻsha kuni mast boʻlgani bois, ularni samolyotga qoʻyilmagan. Dvornikov jamoadan haydalgan hatto. Dvornikov shu tarzda fojiali oʻlimdan qutulib qolgan.

Inson omonat, xotira abadiy

«Paxtakor»-79 xotirasi Oʻzbekistonda unutilgani yoʻq. Har yili avgust oyida xotira tadbirlari oʻtkaziladi. Yoshlar va faxriylar oʻrtasida xalqaro turnirlar uyushtiriladi. Halok boʻlgan futbolchilar sharafiga Toshkent shahridagi koʻchalardan biri “Paxtakor-79” deb nomlangan. Shuningdek, Ukrainada halokatga uchragan samolyot qoldiqlari tushgan joylarda marhum futbolchilarning nomlari yozilgan yodgorliklar oʻrnatilgan.

Oʻzbekistondagi yodgorliklarning birinchisi respublikasi hukumati tomonidan oʻsha payt, yaʼni 1979 yiliyoq barpo etilgan, lekin u keyinchalik yubileylar munosabati bilan ikki marta qayta ishlandi, yangilandi. Gennadiy Krasnitskiy qabri ham Botkinning markaziy xiyoboni, koʻzga koʻrinarli joyga koʻchirildi.

Aviahalokatda vafot etgan ikkinchi murabbiy Idgay Tazetdinovning bevasi Alla Tazetdinova fojiadan keyin turmushga ham chiqmadi. Qolgan umrini marhum “paxtakorchilar” xotirasini abadiylashtirishga bagʻishladi. U barcha marhum futbolchilar bevalari bilan mustahkam aloqa oʻrnatdi, xotira tadbirlarini tashkillashtirdi, filmlar va kitoblar chiqarilishiga yordam berdi. Hatto Alla Tazetdinova 4 yil avval vafot etganida uni vasiyatiga koʻra turmush oʻrtogʻi qabri yoniga dafn etishdi.

Omon qolgan futbolchilardan biri Toʻlagan Isoqovning aytishicha, oradan qariyb yarim asrdan oʻtsa ham u halok boʻlgan safdoshlarini eslaganida koʻnglida achchiq ogʻriq turadi. U hattoki 2 marta oʻz joniga qasd qilishga uringan, har kuni tushiga kiradigan yigitlar yoniga ketishni orzu qilgan. Oʻzini osib qoʻyishiga ham sal qolgan. Hatto otasi uning ahvolini koʻrib, «Boʻldi, futbolni yigʻishtir”, degan. Biroq u oʻzida matonat topib, sevgan sohasidan ketmadi. Murabbiy boʻlib jamoada qoldi. Zero, oʻtganlarni qaytarib boʻlmaydi. Ammo marhumlar sevgan ish bilan shugʻullansang, ular doʻst boʻlgaan odamlar bilan aloqani uzmasang, ularni xushnud qilasan: goʻyo ularning hayoti davom etadi, ruhan qalbimizda v yonimizda qolishadi...

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid