Yevropaning Ukrainaga harbiy-texnikaviy yordami davom etadi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Fransiyada tashrifi muvaffaqiyat bilan yakunlandi. Zelenskiy bir qator fransuz mulozimlari, shuningdek, prezident Emmanuel Makron bilan uchrashib, Rossiyaning Ukrainaga agressiyasini toʻxtatish yoʻlidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

Taʼkidlash joiz, bu Ukraina rahbarining Rossiya bostirib kirganidan beri Parijga birinchi tashrifi hisoblanadi. Zelenskiy Fransiyaga katta umidlar bilan borgandi. Ukraina prezidentining tashrifdan koʻzlagan deyarli barcha maqsadlari amalga oshgan.
Jumladan, Makron yuzlab ukrain qiruvchi uchuvchilari va harbiylarini Fransiya hududida oʻqitish va shugʻullantirishga vaʼda bergan.
Shuningdek, Fransiya Kiyevga oʻnlab zirhli harbiy texnikalar, jumladan, zirhli razvedka mashinalari, yengil tanklarni berishga rozi boʻlgan. Qolaversa, Parij Rim bilan birgalikda uzoq radiusli taʼsirga ega havo hujumiga qarshi tizimlarni yetkazib beradi. SAMP-T deb ataluvchi bu qurilmalar Ukraina osmonini Rossiyaning raketa hujumlaridan muvaffaqiyatli himoya qilishi bilan birga, Ukrainaga bomba tashlash uchun havoga koʻtarilgan rus qiruvchi samolyotlarini Rossiya hududida ham urib tushirish imkoniyatini yaratishi mumkin.
Parijning bu yordamini ayni vaziyatdagi oʻta saxiylik, deya baholash mumkin. Chunki Fransiya hukumati hozir pensiya islohotlaridan norozilik namoyishlari va inflyatsiyaning kuchayishi kabi muammolarga bor diqqatini qaratgan.
Shu oʻrinda qoʻshimcha qilish kerakki, Zelenskiyning ikkita katta orzusi hozircha toʻla amalga oshmay kelmoqda.
Shuningdek, Fransiya Ukraina AESlari uzluksiz, xavfsiz va ishonchli ishlashi uchun yordam berishda davom etadi. Fransiya va Ukraina MAGATE bilan Janubiy Ukraina AESning avariyaviy elektrogeneratorlari uchun ehtiyot qismlarini yetkazib berish borasida kelishuv imzolagani ham buning isbotidir.
Birinchisi - 300 kilometr va undan uzoqqa uchuvchi raketalarni olish boʻlsa, ikkinchisi - Ukrainaning qudratli harbiy samolyotlar flotiliyasini shakllantirishdir. Ayrim Yevropa davlatlari bu istaklarni u yoki bu darajada qondirishga tayyor.
Masalan, oʻtgan oyda Polsha hukumati sovet texnikalaridan boʻlmish MiG-29 qiruvchi samoletlarini Kiyevga yetkazib berish borasida Germaniyadan ruxsat oldi.
Gap shundaki, nemis hukumati sobiq GDR qurollar arsenalidagi sovet samolyotlarini Varshavaga taqdim etgan. GFR Mudofaa vaziri Boris Pistorius bu samolyotlarni Kiyevga berish qarorni olqishlagan. “Bu qadam Germaniyaga suyanish mumkinligini isbotlaydi”, degan vazir.
Polsha prezidenti Anjey Duda ham Ukrainaga 14 ta MiG-29 samoletlari berilishini tasdiqladi.
GFR bergan MiG-29 samoletlarining qolganlari esa modernizalashtirilib, NATO standartlariga moslashtirilgan. Ular Polshaning oʻzida qoladi, degan prezident.
Polshaning ortidan London ham Ukrainaga 100 kilometrdan 300 kilometrgacha ucha oladigan raketalarni yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Ular parametrlari boʻyicha AQShning ATACMS raketalariga oʻxshaydi.
Biroq Ukrainaga harbiy yordam beruvchi donorlardan biri boʻlmish AQShning Ukrainaga ATACMS raketalari berish istagi yoʻq.
Chunki Vashington bu talablar qondirilsa, Ukraina Rossiyaning ichki hududlariga ham raketa zarbalari berishi hamda bombalashi natijasida qoʻrqib ketgan Putinning “alam ustiga” keskin harakatlar qilishidan xavotir oladi. Raketalarning esa faqat 70 kilometrgacha ucha oladigan turlari yetkazib berilmoqda. Garchi Bayden Zelenskiydan uzoqqa ucha oladigan raketalar yetkazib berilgan taqdirda Rossiya ichki hududlariga zarba bermaslik vaʼdasini olgan boʻlsada, AQSh maʼmuriyati hozircha bu borada qatʼiy qarorga kela olmayapti. Lekin Vashington Ukraina Qurolli Kuchlarining Qrimni qaytarib olish uchun bu yarim oroldagi rus harbiy kuchlariga zarba berishini maqbul deb hisoblaydi. Chunki barcha aqli raso dunyo hamjamiyati kabi AQSh ham Qrimni Ukrainaning ichki hududi deb hisoblaydi.