Haj safari boʻyicha ogohlantirish eʼlon qilindi
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda haj ibodatini tashkil etish toʻgʻrisida tarqalayotgan xabarlarda haj safariga joʻnatishga oid yangiliklar, toʻlovlarni qabul qilish shakli va koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisida asossiz maʼlumotlar taqdim etilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, yurtimizda “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshiriladi.
Mazkur hujjat asosida tuzilgan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Jamoatchilik Kengashi aʼzolari qatorida ushbu muqaddas ibodatlarni uyushtirish bevosita Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi zimmasiga yuklangan.
Mazkur tashkilotlarga Haj va Umra mavsumida ziyoratchilarning sogʻ-salomat va ibodatlarini toʻla-toʻkis bajarib kelishini taʼminlash maqsadida, Saudiya Arabistonidagi tegishli vazirliklar bilan ziyoratchilarga xizmat koʻrsatuvchi muassasalar, mehmonxonalar, transport va oziq-ovqat korxonalari bilan shartnomalar tuzish vakolati berilgan.
Shu bois, Haj va Umra mavsumlarida diyorimiz ziyoratchilarini kuzatish va kutib olish ishlarini tashkil etish, shu jumladan ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga borishi, u yerda boʻlishi va u yerdan qaytib kelishlari Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qayd etish kerakki, Saudiya Arabistoni qonunchiligiga koʻra ham, haj safari dunyo davlatlarining vakolatli tashkilotlari bilan mazkur mamlakatning Haj va umra vazirligi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Mazkur kelishuvlar asosida tashkil etilmagan haj ziyoratiga urinish ushbu ulugʻ amalning eng muhim ruknlari boʻlmish – Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ibodat qilish imkoniyatini bermaydi.
Saudiya Arabistoni hududida haj tartiblarini buzish esa ushbu mamlakat qonunchiligi asosida chora koʻrilishiga olib keladi. Shu bois, haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi.
Mazkurlar tomonidan haj ibodatini tashkil etishga urinish esa amaldagi qonun hujjatlariga ziddir.
Shuningdek, muborak safarlarga noqonuniy yoʻllar bilan borishga intilish Saudiya Arabistonidan deport qilish va Saudiya Arabistoniga har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100.000 saudiya riyoli (26.000 AQSh dollari) miqdorida jarima solishga olib kelishi haqida ogohlantiramiz.
Biz ibodatlaringiz mukammal, safaringiz xavfsiz va xotirjam boʻlishi tarafdorimiz. Sizdan turli aldovlarga uchmasdan, hukumat koʻmagida tashkil etilayotgan rasmiy, xavfsiz va ishonchli safarni ado etishni tavsiya etamiz, deyiladi xabarda.