Homilador ayol retsidivist nomini oldi

Voqea 2023 yil 23 mart kuni soat 12:00 larda Hazorasp universal savdo kompleksida yuz bergan. Savdo kompleksida joylashgan 30 yoshli M.F.ning doʻkoniga kirgan ayol u yerda boshqa xaridorlar ham savdo qilayotganidan foydalanib, doʻkon egasini chalgʻitgan va kassa ichida boʻlgan jami 2.5 mln. soʻm pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa sodir boʻlgan joydan yashiringan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, mazkur jinoyatni amalga oshirgan shaxs Hazorasp tumanida yashovchi 37 yoshli J.Z. (ayol) ekanligi aniqlanib, undan 2.5 mln. soʻm pul ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Retsidivist ayol muqaddam joriy yilning 15 mart kuni JIB Hazorasp tuman sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (oʻgʻirlik) bilan aybli deb topilgan va 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.
Navbatdagi jinoyat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti Hazorasp tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan J.Z.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan dastlabki tergov natijasiga koʻra, J.Z.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan ayb eʼlon qilingan va uning homiladorligini inobatga olgan holda, J.Z.ga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida “munosib xulq-atvorda boʻlish toʻgʻrisida tilxat” tanlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan mazmunan koʻrib chiqishlik uchun JIB Hazorasp tuman sudiga yuborilgan.