Xohish yoʻqmi yoki umidsizlik kuchaymoqdami?
Oʻquvchilarga bilimdan koʻra kiyimi, roʻmoli va badanidagi juniga koʻproq ahamiyat berilyapti.
Oddiy dehqon bolasi daho va olim boʻlishi mumkin, ammo “Zulfiyachi” va “armiyachi”lar bilan raqobatda yutqazishi aniqligi uchun kontraktda oʻqishga qiynaladi.

Hademay taʼlim muassasalarida yana oʻqish boshlanadi. Yozgi tanaffusdan qaytgan va ilk bora maktabdani keyingi taʼlim bosqichiga qadam qoʻygan yangi talabalar ilm-fan choʻqqilari sari koʻtarilishda davom etishadi. Bu jarayon har yili takrorlansa-da, joriy yilda mamlakatimiz taʼlim sohasi uchun biroz noanʼanaviy holat yuz berdi: davlat oliy taʼlim muassalarida (OTM) bakalavriat bosqichida bilim olish uchun imtihon topshirish istagida ariza topshirgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil qildi. Bu raqam oxirgi 7 yil ichidagi eng past koʻrsatkich hisoblanadi. Oʻtgan yili 849 279 ta ariza topshirilganini inobatga olsak, bu yilgi koʻrsatkich 18 foizga pasaygan. Oxirgi 3 yil mobaynida abituriyentlar soni yildan-yilga pasayib borish tendensiyasini namoyon etgan (mos ravishda 1 214 232, 1 180 007, 894 279, 732 411 kishi).
Mantiqan olganda bu raqam koʻpayib borishi kerak edi. Milliy statistika qoʻmitasining eʼlon qilishicha, 2024/2025 oʻquv yilida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 11-sinfini taxminan 455 ming oʻquvchi bitirgan. Bu koʻrsatkich 2023/2024 oʻquv yiliga nisbatan solishtirilganda 49,2 ming nafarga yoki 12,1 % ga oshgan.
"Atom kuchini oʻtin yorishga" sarflayotgan markaz
Shuningdek, Oʻzbekistonda 14-30 yosh oraligʻidagi yoshlar soni ham koʻpaygan. Joriy yilning 1 yanvar holatida respublika boʻyicha 14-30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 9 654 351 kishi boʻlib, jami aholining 26,8 foizini tashkil etmoqda. Zero, mamlakat aholisi ham har yili oʻrtacha 1 million kishiga koʻpayib bormoqda. 28 avgust kuni aholi soni 38 milliondan oshdi.
Maktab bitiruvchilari koʻpayib borayotganiga qaramasdan, oliy taʼlim olishga talabgorlar soni kamayganini qanday izohlash mumkin? Bu istakning pasayishimi yoki istakning amalga oshishidan umidsizlikning kuchayishimi?
Bu tendensiya taʼlim sohasidagi kamchiliklar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin ehtimol. Ammo unga olib kelgan ijtimoiy omillar ham talaygina.
Qiziqishni susaytirgan oʻzgarishlar
Eng avvalo bu holatni yoshlar sonining barqarorlashishi natijasida tabiiy ravishda abituriyentlar soni pasaygani bilan tushuntirish mumkin.
Lekin asosiy sabab – qiziqishning pasaygani, desak toʻgʻriroq boʻladi. Chunki aksariyat yoshlar hozir davlat emas, balki xususiy universitetlar, kollejlar yoki xorijda oʻqishni afzal koʻrmoqda. Avvalo ularga kirish ham, oʻqish ham osonroq. Ulardagi taʼlim dasturlari qiziqarliroq tuyulishi mumkin.
Yana bir omil – joriy yil bitiruvchilari uchun test sinovlari bepul, lekin avvalgi yil bitiruvchilari uchun toʻlov talab qilinishi bilan bogʻliq. Ehtimol bu “shunchaki baxtini sinab koʻruvchi”lar uchun cheklovchi filtr vazifasini oʻtashi uchun joriy qilingan boʻlishi mumkin. Lekin u ham roʻyxatdan oʻtish faolligiga taʼsir qilmoqda. Joylarda hatto oʻqituvchilar va boshqa aloqador shaxslar abituriyentlar faolligini oshirish uchun bitiruvchilar yoki 9-10-sinf oʻquvchilariga “imtihon topshirib koʻrishni” majburan taklif etishgan holatlari ham kuzatildi.
“Diplomning keragi yoʻq”
Ammo eng asosiy omil ish bozoridagi yangi tendensiyalar va ishga kirishda diplomning avvalgi yillarga nisbatan zaruriyati pasayib borayotgani bilan bogʻliq. Ish beruvchilar endi nomzodlarning diplomi bilan emas, qoʻlidan aniq nima ishlar kelishi va qanday bilim va tajribaga egaligi bilan qiziqishmoqda. Mehnat bozoridagi ommabop vakansiyalarda nomzod uchun talablar roʻyxatida “albatta oliy maʼlumot boʻlishi shart” degan soʻzlarni koʻrmaysiz endi. Bu kabi boʻsh ish oʻrniga loyiq boʻlish, talab qilinayotgan bilim va koʻnikmani olish uchun endi 4 yil universitetga qatnab vaqt va moliyaviy resurslarni sarflash, yumshoq qilib aytganda, samarasiz boʻlib qoldi.
Botqoqdan chiqolmayotgan oʻzbek kinosi
Aytaylik, biror kompaniyaga xitoy tili tarjimoni kerak deylik. Buning uchun 6 oylik kursni tugatib, yana 6 oy amaliy tajriba olish kifoya boʻlib qoldi. 4 yilda ketadigan shartnoma hamda yashash uchun mablagʻ, yashash uchun joy qidirish (chunki yotoqxonalar yetarli emas), eng muhimi, qimmatli yoshlik davri tejab qolinadi. Yana tagʻin universitetlarda talabalarga bilim berishdan koʻra kiyimi, roʻmoli va badanidagi juniga koʻproq ahamiyat berilishidan, asosiy kasb uchun mutlaqo keraksiz boʻlgan “bilimlar” berilishidan asabbuzarlik qilishning ham zarurati qolmaydi.
Yana bir eʼtiborli nuqta – hatto diplom olish ham endi yaxshi sharoitli va maoshli, karera oʻsishi taʼminlangan ish topish kafolatini bermaydi. Xullas, oliy maʼlumot talab qilinmaydigan sohalarda ish topish osonlashgani, davlat taʼlim dargohlarida bilim olish qiyinlashgani bois baʼzi yoshlar universitet oʻrniga ishlashni, oʻqishni kechiktirishni yoki boshqa muqobil yoʻllarni tanlamoqda.
Monopollik imtiyozidan mastlikmi, gumrohlikmi?
Albatta, abituriyentlar soniga qiziqish ildizlari bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. U sohadagi uzoq yillik tizimli salbiy oʻzgarishlarning oqibati. Bu oqibat oxirgisi emas, u ortidan yanada keskinroq va koʻproq muammolarni ham paydo qilishi tabiiy.
Xoʻjakoʻrsinga ishlayotgan Turizm qoʻmitasi
Masalan, birinchi maʼmuriyat davrida oliy taʼlim olishga talabgorlar koʻp edi. Biroq soha oʻta monopollashgan va korrupsiyalashgani bois kirish juda qiyin edi. Talaba oʻrinlarining kamligi esa raqobatni ogʻirlashtirgan. Hatto ayrim maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistondagi talaba oʻrinlari soni aholisi undan 3 baravar kam qoʻshni davlatlardagidan ham kamroq boʻlgan. “Musaffo osmonli” mamlakatimizdagi talaba oʻrinlari, osmoni u qadar ham musaffo va tinch boʻlmagan Afgʻonistondagidan-da kamroq boʻlgani haqida maʼlumotlar tarqalgan.
Hammasi maktabdan boshlanadi
Aslida maktabda olingan bilim taʼlimning yuqoriroq bosqichiga oʻtish uchun yetarli boʻlishi lozim. Lekin real vaziyatda repetitor yollamasdan, qoʻshimcha dars va mashgʻulotlarsiz kirish imtihonlari – testlardan oʻtish deyarli imkonsiz. Bu testlarni ayrim ustozlarning oʻzi ham yecha olmaydi. Maktabdagi taʼlim sifati, taʼmirlanish darajasi va shart-sharoitlar esa 30 yildan beri yaxshilanmayapti. Yil ora yangi islohotlar eʼlon qilinadi, vazirlar almashadi, biroq vaziyat oʻnglanmayapti. Biz bu yerda prezident maktablari, xususiy maktablar va boshqa alohida eʼtibor markazidagi elita maktablarini nazarda tutmayapmiz. Biz oʻrtacha statistik mavqedagi umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi vaziyatdan kelib chiqyapmiz.
Koʻzi boylangan adolat Oʻzbekistonda "tugʻilmaganmikin"?
Maktabalarda taʼlim sifati haqida gapirishdan avval oʻquvchi oʻrni tanqisligi koʻproq muammoga aylanganini qayd etish lozim. Masalan, joriy yil yarmiga oid maʼlumotlarga koʻra, iqtisodchi Otabek Bakirovning eʼtibor berishicha, Oʻzbekistonning 9 ta hududida, xususan Toshkent shahrida bironta yangi maktab ishga tushirilmagan. Garchi oʻtgan oʻquv yili boshlanishi oldidan Oʻzbekistonda 1,7 mln oʻquvchi oʻrni yetishmagan boʻlsa-da! 2024/2025 oʻquv yilida 455,2 ming oʻquvchi maktablarni bitirdi. Yangi oʻquv yilida 738 ming oʻquvchi 1-sinfga chiqadi. Yaʼni, maktab oʻquvchilari soni 282,8 mingga oshadi. Qurilayotgan maktablar haqidagi maʼlumotlar inobatga olinsa, oʻquvchi oʻrni yetishmovchiligi yanada oshadi, ayniqsa, Toshkent va yirik shaharlarda (Maktab vazirligi maktablarning quvvati va 2-3 smenada ishlaydigan maktablar haqidagi maʼlumotlarni rasmiy sahifasiga joylamagan). 2 yil avvalgi statistikaga koʻra, 75,5% maktablar 2- va 3- smenada oʻqishga majbur edi.
Statagentlik maʼlumotiga koʻra, 2025 yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekistonda 68 ta yangi maktab qurilgan. Bakirovning taxminicha, ularning yarmidan koʻpi, 35 tasi Andijon viloyatida (YeTTB loyihasi hisobiga qurilgan.
Oxirgi 1 yilda Toshkent shahri aholisi 70 mingga koʻpaygan (oxirgi 7 yilda 663,5 mingga). Bunga Toshkent shahriga tutash Qibray, Toshkent, Zangiota, Quyi Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlaridan kelib oʻqiydiganlarni ham qoʻshish kerak. Iqtisodchining fikricha, taʼlimdagi rahbarlarda poytaxtda tobora kuchayib borayotgan maktab yetishmovchiligini "xususiy maktablar yechadi" qabilidagi notoʻgʻri qarash shakllangan.
Eski latifa – biznesda “oʻrtacha harorat”...
Aholimiz esa, yuqorida keltirilganidek, oʻsib bormoqda. 2024 yildagi maʼlumotlarga koʻra, xalqimizning 37,5 foizini 19 yoshgacha boʻlgan bolalar tashkil etadi. Oʻquvchilar soni 6,5 mln kishi boʻlsa, mavjud maktablar sigʻimi 5,2 mln oʻquvchiga yetarli xolos. Natijada oʻquvchilarning 33 foizi ikkinchi yoki uchinchi smenada oʻqishga majbur boʻlmoqda.
Maktablardagi taʼlim sifatini esa natijalarga qarab baholash mumkin. Masalan, PISA-2022 reytingi boʻyicha 2022 yilda oʻzbekistonlik maktab oʻquvchilari matematikadan 364 ball (jahonda oʻrtacha koʻrsatkich – 472 ball), oʻqishdan 336 (476), fanlar boʻyicha 355 (485) ball toʻplab, oʻrtacha qiymatdan ham past natija koʻrsatishdi.
2021 yilda OTMlariga imtihon topshirgan 893 ming abituriyentning deyarli yarmi – 319 ming nafari (35,8%) minimal oʻtish bali – 56,7 ball ham toʻplay olmadi. Eng yomon koʻrsatkichlar Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida qayd etildi.
“Ma sanga, ma sanga”, nima qoldi Hasanga?
Qolaversa, oliy oʻquv yurtlariga kirishda imtiyozlarning nihoyatda koʻpayib ketgani ham muammoni oʻtkirlashtirmoqda. Harbiy xizmatni yaxshi oʻtagani uchun, “Zulfiyachi” boʻlgani uchun, kattalarga salom bergani uchun, koʻchadan keksalarni oʻtkazib qoʻygani uchun, ertalab yaxshi kayfiyatga uygʻongani uchun va hokazo “xizmatlari” uchun imtiyozlar yil sayin urchib bordi. Bilimi yetarli va istagi kuchli yoshlar esa ular bilan raqobatda magʻlubiyat alamini tortishi tabiiy. Bu ham Oʻzbekistondagi taʼlim dargohlariga kirish istagini pasaytirdi.
Choʻntak koʻtarmaydigan bilim
Yana bir ahamiyatli jihat – taʼlim uchun toʻlov qiymatining yil sayin ortib borayotgani bilan bogʻliq. Oddiy dehqon bolasi daho va olim boʻlishi mumkin. Ammo “Zulfiyachi” va “armiyachi”lar bilan raqobatda yutqazishi aniq boʻlgani uchun kontrakt asosida oʻqishga qiynaladi. Natijada Rossiyaga mardikorlikkka ketib, millatchi va neofashist ruslarning “sen mening qulimsan” deya haqorat qilishi va ulardan ham millatchiroq Rossiya politsiyasining urib-tepkilishiga rozi boʻladi. Yoki xorijda arzonroq va kirish osonroq biror taʼlim dargohini tanlaydi.
Baliq gapirmaydi, nolimaydi, ammo qulayroq joy qidiradi
Shu kabi omillar natijasida yoshlar kirish osonroq boʻlgan xorijiy oliy oʻquv yurtlariga ketib qola boshladi. Jahonning TOP-500 universitetlarida oʻqiydigan markaziy osiyolik yoshlar orasida oʻzbekistonlik talabalar birinchi oʻringa chiqdi. Rossiyada 2023 yilda 48,7 ming oʻzbekistonlik talaba boʻlgan va ular bu borada faqat Qozogʻistondan (61 ming kishi) ortda qolgan xolos. (Bu Qozogʻistonda taʼlim sifati yomonligi yoki talaba oʻrni kamligi yoxud oʻqishga kirishi qiyinligi bilan emas, balki rusiyzabon aholi koʻpligi va Rossiyaga yaqinligi bilan bogʻliq.)
Bunga juda oz qoldi – suv mintaqada eng noyob neʼmatga aylanadi
Janubiy Koreyada bizning avlod Vetnam va Xitoy fuqarolaridan keyin 3-oʻrinni egallagan va hokazo. Umuman, 2022/2023 oʻquv yilida 1 milliondan ziyod talaba Oʻzbekistonda bakalavriat bosqichida oʻqiyotganda 150 mingdan ziyod yoshlarimiz xorijda oliy taʼlim olayotgan edi.
Islohotlar davom etmoqda
Taʼlim tizimidagi kamchilik va muammolar haqida koʻproq bong urishga haqlimiz. Chunki davlat byudjetining deyarli chorak qismi taʼlim uchun ajratiladi. Xususan, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasi tashkilotlari xarajatlari uchun 70 trln soʻmga yaqin mablagʻ ajratilishi reja qilingan. Oʻrta taʼlim xarajatlari shuning asosiy qismini – 54 trln soʻmni tashkil etadi. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 22,9 foiz yuqori boʻlib, davlat byudjeti jami xarajatlarining 15,7 foiziga teng.
Sohadagi islohotlar ham asta-sekin samara bermoqda. Masalan, bolalar bogʻchalari soni 8 barobarga koʻpayib, 38 000 taga yetdi, maktabgacha taʼlim qamrovi 27 %dan 76 %ga oʻsdi. 7 yil ichida 5 000 dan ortiq maktab, shu jumladan, 2024 yilda 608 ta maktab qurildi yoki taʼmirlandi.
Shahardagi maktablarning 85 foizi, qishloqdagilarining 45 foizi raqamli resurslarga kiritildi.
2025 yilda qoʻshimcha 100 ta yangi maktab qurish, 257 000 nafar oʻquvchi uchun joy yaratish, 112 000 ta yangi oʻquv oʻrni tashkil etish, Islom taraqqiyot bankidan 58 ta yangi maktab uchun $200 mln jalb qilish rejalashtirilgan edi.
2024 yilda 1500 maktabda zamonaviy baholash tizimi joriy etildi; oʻqituvchilar malaka oshirgani uchun 70 %gacha bonus olish imkoniyatiga ega; hududiy markazlar, pedagogik markazlar ochilmoqda.
2030 yilga borib, PISA reytingida TOP 30 davlatlari qatoriga qoʻshilish reja qilinmoqda.
Toshkent pedagogika universitetini milliy darajaga koʻtarish, yangi turdagi universitetlar (“Yangi Oʻzbekiston”) va pedagog kadrlar rivojini taʼminlash rejalashtirilgan. Milliy va xorijiy oʻqituvchilar tayyorlash, laboratoriyalar tashkil etish ishlari boshlangan.
OTMlar soni 72 tadan (2017/18) 219 tagacha (2023/24) koʻpayib, 304 % oʻsishni namoyon qildi.
Xorijiy universitetlar soni 31 taga yetdi, xalqaro dasturlar – oʻndan ortgan. OTMga qabul ilgarigi 8,3 % oʻrniga (18-23 yosh) – 47,7 % ga chiqqan.
Oʻzbekiston xalqaro reytinglarda, jumladan, QS Central Asia’da – 23 ta, THE Impact’da 53 ta, jahonning top-1000 taligiga Oʻzbekistondan 7 ta OTM kirgan.
Ayollar uchun magistratura bepul va imtiyozli kreditlar taqdim etilmoqda.
Bu kabi qadamlar barchani tashvishga solayotgan muammolarni bartaraf etadi, degan umiddamiz.
Xulosa
Fikrlarga nuqta oʻrnida aytish joizki, abituriyentlar soni kamayishi shunchaki tasodifiy voqea emas, balki tizimli oʻzgarishlarning natijasidir. Bu holat yoshlar bilim olish strategiyasi oʻzgarib borayotganini koʻrsatadi. Endi davlat universitetlari yangi reallikka moslashuvchi siyosat yuritishiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekiston taʼlim tizimi yangi yoʻnalishda harakatlanishi, moslashuvchan, ochiq va raqobatbardosh boʻlishi talab etiladi.
Taʼlim tizimimizni boshidan oxirigacha regulyatsiya qiladigan bitta "bosh" kerak. Yoʻqsa boshsiz odamdek adashib, chalkashib, tentirab yuraveramiz.
Abulfayz Sayidasqarov