platina.uz

Bosh prokuratura rahbariyatini taniysizmi?

Asli vazifasi qonun ustuvorligini nazorat qilish boʻlgan bu kuchishlatar tizimning tepasida kimlar turibdi?

Jamiyat
15-mart 2024 yil
Bosh prokuratura rahbariyatini taniysizmi?

Bosh prokuratura Oʻzbekiston hududida Konstitutsiya va qonunlar ijrosini nazorat etuvchi organlar tizimidir. 1992 yilda tashkil etilgan. Bugunga qadar 5 nafar bosh prokuror faoliyat yuritgan boʻlib, ayni paytda oltinchi bosh prokuror amalda. Bosh prokuror, Qoraqalpogʻiston prokurori, viloyat, tuman va shahar prokurorlarining vakolat muddati – 5 yildir. Shunga asosan bugungacha 3 ta bosh prokuror turli sabablar tufayli oʻz vakolatidan ozod etilgan boʻlsa, qolganlari vakolat muddatida, ayrimlari esa vakolat muddati uzaytirilgan holda faoliyat olib borgan. Eslatib oʻtamiz, 2 ta sobiq bosh prokuror ustidan vazifasini suiisteʼmol qilish va shunga oʻxshash ayblovlar qoʻyilib, tergov qilingan.

Bosh prokuror Yoʻldoshev Nigʻmatilla Toʻlqinovich 1962 yil 5 noyabr kuni Toshkentda tugʻilgan.

Mehnat faoliyati

  • 1985-yil Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetini bitiruvchisi;
  • 1985-1986 yillarda Toshkent viloyati Olmaliq shahar prokuraturasining ish oʻrganuvchisi;
  • 1986-1991 yillarda Olmaliq shahar prokuraturasi tergovchisi;
  • 1991-1992 yillarda Yunusobod tumani prokuraturasi tergovchisi;
  • 1992-1995 yillarda Toshkent shahar prokuraturasi katta tergovchisi;
  • 1995-1997 yillarda Bosh prokuraturaning ichki ishlar vazirligi idoralarida tergov va surishtiruv ustidan nazorat boshqarmasi prokurori;
  • 1997-2000 Bosh prokuratura tergov bosh boshqarmasining tashkiliy-uslubiy boʻlimi boshligʻi;
  • 2000-2003 yillarda Bosh prokuratura ichki xavfsizlikni taʼminlash inspeksiyasi boshligʻi;
  • 2003-2006 yillarda Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat maslahatchisi xizmatining prokuratura idoralari faoliyati masalalari boʻyicha yetakchi inspektori;
  • 2006-2008 yillarda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshligʻi;
  • 2008-2011 yillarda Bosh prokuror oʻrinbosari;
  • 2011-2015 yillarda Adliya vaziri;
  • 2015-2019 yillarda Senat raisi;
  • 2019 yildan Bosh prokuror;
  • 2019 yildan Oʻzbekiston milliy kurash federatsiyasi prezidenti.

Qiziq maʼlumot

2016 yilda Konstitutsiyaning 96-moddasiga muvofiq, Oʻzbekistonning amaldagi Prezidenti oʻz vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda, uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati raisining zimmasiga yuklatilishi kerak edi, ammo oʻsha paytda Senat raisi boʻlgan Nigʻmatilla Yoʻldoshev "yetarlicha tajribaga ega emasligini" aytib, prezidentlikni Shavkat Mirziyoyevga topshirgan edi.

2021 yilning 11 dekabrida Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaatlar bilan chiqish qilib, Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshevni qator korrupsion jinoyatlarda ayblagan.

Husan Ravshanovning ishi boʻyicha uning rafiqasi Sevara Ravshanova sayyor qabul paytida bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev qabuliga borib, nega tergov ishlari choʻzilayotgani, turmush oʻrtogʻi haligacha tergovda, noaniq ushlab turilganini bildirib, aybdor boʻlsa, sudga oshirilishi va sud koʻrib chiqishini aytib adolat soʻragan. Bosh prokuror oʻsha paytning oʻzidayoq masʼullarga bogʻlanib, aniqlik kiritgan. Bosh prokuror telefonda gaplashgan masʼulning maʼlumot berishicha, mazkur ish boʻyicha tergov xulosasi 2023 yilning 28 aprel kuni sudga yuborilgan. Bosh prokurorning bu gapiga ishonmagan murojaatchilarga javob bergan Nigʻmatilla Yoʻldoshev “Men bosh prokurorman, sizni aldamayman-ku, ishoning, deb oldingizda telefonda gaplashdim”, degan edi.

Soʻnggi kunlarda ham bosh prokurorning “zakaz ish” bajarayotgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda. Jumladan, sobiq deputat Rasul Kusherbayev bu haqida oʻzining telegram sahifasida shunday deydi: "Prokuratura "zakaz ish" bajarishga oʻtdimi?"

Birinchi oʻrinbosar Valiyev Baxriddin Baxadirovich Samarqandda tavallud topgan. 2019 yilda Toshkent shahri prokurori lavozimida ishlagan.

Qiziq maʼlumot

Bahriddin Valiyev Toshkent shahar prokurorligiga ikkinchi marta tayinlanishi (2019 yil, iyul) ortidan birinchi qilgan ishi – prokuratura binosini oʻrab turgan temir panjaralarni oldirib tashlash boʻlgandi. Generalning (prokuratura tilida «3-darajali davlat adliya maslahatchisi») kutilmagan bu «yurishi» jamoatchilikning eʼtirofiga sazovor boʻlgan va koʻplab muhokamalarni keltirib chiqargan.

Oʻrinbosar Samadov Salom Ismatovich 1963 yil 16 noyabrda Buxoro viloyatida tugʻilgan. 1990 yilda Xarkov yuridik institutini tamomlagan. Prokurorlik faoliyatini Buxoro viloyatidan boshlagan.

Oʻrinbosar Aminov Shoxrux Azamatovich 1981 yili tavallud topgan. 2002 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan, huquqshunos.

Oʻrinbosar Artikova Svetlana Baymirzayevna 1962 yil 1 yanvarda Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. 1987 yilda Toshkent davlat universiteti yuridik fakultetini tamomlagan. 2006 yili "Mehnat shuhrati ordeni" bilan taqdirlangan.

Qiziq maʼlumot

“Biz adolatli sud muhokamasi haqida gapirganda, nimani ifodalaymiz? Agar bu jinoiy ish boʻlsa, tergovchi, prokuror, advokat va sudya bu ishga nuqta qoʻyadi. Agar ular professional boʻlsa va jarayon korrupsiyadan xoli boʻlsa, biz adolatli sud jarayonini taʼminlay olamiz. Hozir adolatli sud jarayoni taʼminlanmoqda, deb ayta olamizmi? Afsuski, yoʻq”, degan edi u xalqaro press-klubdagi matbuot anjumanida.

Svetlana Artikova sayyor qabulda eri bilan bogʻliq ishni hal qilish uchun kelgan ayol bilan janjallashgandi. Aniqlanishicha, u ayolni bosh prokuror bilan uchrashishga qoʻymagan. ayolning arizasini yirtib tashlagan va ichki ishlar xodimiga qarab, "Obketinglar buni!" deya buyurgan. Bu ham ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgandi.

Oʻrinbosar – Harbiy prokuror Kudratxodjayev Botir Baxromovich 1975 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1997 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

Oʻrinbosar Xatamov Jaxongir Jurayevich Samarqand viloyati prokuror vazifasidaligida “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.

Oʻrinbosar Toʻxtaboyev Sherzod Jalolovich bunga qadar bosh prokuraturada boshqarma boshligʻi lavozimida ishlagan.

Oʻrinbosar Soxibnazarov Shamsiddin Sharafidinovich 1982 yil 5 yanvarda Fargʻona viloyatida tugʻilgan. 2004 yilda Toshkent davlat yuridik institutida tahsil olgan. “Sodiq xizmatlari uchun” medali va “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan.

Axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Fargʻona viloyatida tugʻilgan. Adliya maslahatchisi (podpolkovnik).

Maftuna Yodgorova tayyorladi.



Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi


Favqulodda vaziyatlar vazirligi


Investitsiyalar vazirligi


Qurilish vazirligi


Oliy taʼlim vazirligi


Raqamli texnologiyalar vazirligi


Ekologiya vazirligi


Adliya vazirligi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+