Adliya vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

Hozircha nomi biror marta oʻzgarmagan va bitta soʻzdan iborat yagona vazirlikni kimlar boshqarayotganidan xabardormisiz?

Jamiyat
13-mart, 20:05
Adliya vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

1992 yil 8 yanvar – “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-314-sonli prezident farmoni qabul qilingan va Adliya vazirligiga asos solingan.

Shundan beri nomi biror marta oʻzgarmagan va hozircha bitta soʻzdan iborat yagona vazirlik sifatida qolmoqda.

Adliya vazirligi tizimiga:

  • Vazirlik markaziy apparati;
  • “Oʻzarxiv” agentligi;
  • Personallashtirish agentligi;
  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) adliya boʻlimlari, yuridik xizmat koʻrsatish markazlari, davlat xizmatlari markazlari va FHDY organlari;
  • X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi;
  • “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi” davlat muassasasi;
  • “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi;
  • “Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi;
  • “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi;
  • Davlat notarial idoralari va arxivlari;
  • Yuristlar malakasini oshirish markazi;
  • Toshkent davlat yuridik universiteti, yuridik texnikumlar va akademik litsey kiradi.

Vazir Tashkulov Akbar Djurabayevich – 1971 yil 21 sentabrda Jizzax viloyati Jizzax tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti – oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 1994 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. 2015 yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist” faxriy unvoniga sazovor boʻlgan.

Mehnat faoliyati

  • 1994-1995 yillarda Adliya vazirligi Xalqaro-huquqiy boshqarmasining katta maslahatchisi;
  • 1995-1997 yillarda Adliya vazirligi Qonunchilik va meʼyoriy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi bosh maslahatchisi;
  • 1997-2000 yillarda Xalq xoʻjaligida huquqiy ishlar boshqarmasi boʻlim boshligʻi;
  • 2000-2002 yillarda Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi boshligʻi;
  • 2002-2003 yillarda Xalq xoʻjaligida huquqiy ishlar boshqarmasi boshligʻi;
  • 2003-2005 yillarda Xorijiy investitsiyalar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshligʻi;
  • 2005-2013 yillarda Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi;
  • 2013-2017 yillarda Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi;
  • 2017-2021 yillarda adliya vaziri oʻrinbosari;
  • 2021-2022 yillarda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori;
  • 2022 yildan Adliya vaziri.

Qiziq maʼlumot

Vazirning "Open byudjet" (Tashabbusli byudjet) haqidagi fikrlari keng muhokama qilingan edi. U oʻshanda ushbu loyiha haqida "Mendan ham ovoz berishimni soʻrashdi, lekin bermadim", degan edi.

Hukumatning 2020 yil aprel oyidagi qaroridan soʻng aholi tomorqa yerlariga qachon, nima ekishni nazorat qilish soliq va IIB xodimlariga yuklatilgandi. Bu koʻpchilik jamoat faollari tomonidan monopoliyaning boshlanishi sifatida talqin qilingan edi va oʻsha yillari Adliya vaziri oʻrinbosari sifatida ishlayotgan Akbar Toshqulov 2020 yil 25 may kuni Facebook sahifasida qoldirgan postini “qishloq xoʻjaligiga oid muhim qonun loyihalarining bugungi muhokamasida yerga boʻlgan mulkiy huquqlarni mustahkamlash borasidagi liberal gʻoyalarni oʻtkaza olmadik»¸ deb boshlay turib, qishloq xoʻjaligida buyruqbozlik emas – manfaatdorlik, nazorat emas – erkinlik, yerga egallik hissi dehqonni samarali mehnatga undaydi. Bunga esa yerga boʻlgan ayrim mulkiy huquqlarni mustahkamlamasdan erishib boʻlmaydi”¸ deb yozgan edi.

Bundan tashqari, 2024 yilning yanvar oyida sohadagi barcha huquqiy jarayonlarni talab darajasiga yetkazish uchun adliya vaziri A.Toshqulov masʼul etib belgilandi. Ikki oyda sohani tartibga solmasa, lavozimidan ozod etilib, Texnik tartibga solish agentligiga rahbar etib tayinlanishi haqida ogohlantirilgandi.

Birinchi oʻrinbosar Karimov Alisher Nishanovich – 1978 yilda Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani tugʻilgan, maʼlumoti oliy, 1999 yilda Toshkent davlat yuridik instituti, 2011 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos.

Oʻrinbosar Ikramov Muzraf Mubarakxodjayevich – 1973 yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti oliy, huquqshunos. 2007 yilda Shuhrat medali, 2014 yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist unvoni bilan taqdirlangan.

Oʻrinbosar Meliyev Xudoyor Xurramovich – 1980 yil Samarqand viloyatida tugʻilgan. 2001 yil Toshkent davlat yuridik institutining bakalavr bosqichini, 2006 yil magistratura bosqichini tugatgan.

Qiziq maʼlumot

Xudoyor Meliyev 2019 yil iyun oyida “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida dunyo hamjamiyati respublikamiz haqida sayoz axborotga ega ekanini aytib, "Qonunlarni buzganlarga marhabo demaymiz", degandi.

2021 yil oktabr oyida Xudoyor Meliyev oʻz intervyusida prezident farmon, qaror va farmoyishlari, byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan hujjatlar, videoselektorlarda berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlashdagi sustkashlik uchun javobgarlik tashkiliy masalalargacha borib yetishi mumkinligini maʼlum qilib, prezident topshiriqlari ijrosini taʼminlashdagi kamchiliklar uchun vazir oʻrinbosarlaridan 10 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilgani, keyingi choralar yanada qatʼiy boʻlishi va bunday qoidabuzarlar ishdan olinishi ham mumkinligi haqida gapirgandi. Shuningdek, vazir oʻrinbosari prezident hujjatlari ijrosi xususida "Bu masalada yuzxotirchilik ketmaydi. Kerak boʻlsa, shafqatsizroq boʻlamiz", degan edi

Oʻrinbosar Sherzad Mirjalilovich Rabiyev 1984 yilda Sirdaryo viloyati Xovos shahrida tugʻilgan. 2005 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

Axborot xizmati rahbari Urinbayeva Sevara Qoʻchqoraliyevna 1985 yil 28 fevralda Toshkentda tugʻilgan. MTRKda bir necha lavozimlarda faoliyat olib borgan.

Qiziq maʼlumot

Axborot xizmati rahbari Oʻzbekistonda ishlab chiqilayotgan qonunlar rus saytlari orqali notoʻgʻri talqin qilinayotganini bildirib, "Davlat tashkilotlari va ularning mansabdorlari Oʻzbekistonda yashar ekan, oʻzbek tilini hurmat qilishga majbur va hurmat qilmaganlik uchun, kerak boʻlsa, jarimaga tortish kerak, bu juda toʻgʻri qaror”, degan edi.

Maftuna Yodgorova tayyorladi.

 


Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi


Favqulodda vaziyatlar vazirligi


Investitsiyalar vazirligi


Qurilish vazirligi


Oliy taʼlim vazirligi rahbariyatini taniysizmi?


Raqamli texnologiyalar vazirligi rahbariyatini taniysizmi?


Ekologiya vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+