Koʻngli nozik "Agrobank"chilar
"Agrobank" axborot xizmati oʻzlari tan olib turgan sud hukmi haqidagi xabarimizga eʼtiroz bildirib chiqdi.

Saytimizda "Agrobank"dan olingan mablagʻni talon-toroj qilgan bosh hisobchi jazolandi" nomli xabar chop etilgandi. Unda Agrobankning Sherobod tumani filialidan oylik oladigan MChJ hisobchisi ishchilar oyligi uchun berilgan pullarni oʻzlashtirgani haqida soʻz boradi.
Agrobank mana shu xabarga raddiya va hatto tuhmat aralash tahdidli munosabat tayyorladi. Ularning nazdida biz qoʻygan sarlavha noxolis koʻringan va OAV haqidagi bir necha qonunchilik talablarini buzganlikda bizni ayblashgan.
"Bu esa oʻz navbatida, tijorat tashkiloti hisoblangan Agrobankning ishchanlik obroʻsiga salbiy taʼsir qiluvchi oqibatlarni yaratadi", deyiladi eʼtiroznomada.
Shu maqsadda bank axborot xizmati belgilangan muddatda raddiya berishimizni talab qilishgan, aks holda sudga murojaat qilishlari haqida eʼtiroznoma yuborishganini taʼkidlashgan. Ammo bizga bunday eʼtiroznoma yetib kelgani yoʻq. Agar 21-asrda, raqamlashtirish avjlanayotgan zamonda qogʻoz bilan pochta orqali yuborgan boʻlishmasa, albatta.
Saytimizda chiqqan xabar sud hukmidan olib tayyorlangan, hukm nusxasi tahririyatda bor. Aslida bank ularning nomini ochiq yozgan sudlarni sudga bergani mantiqliroq. Qolaversa, Agrobank MChJ hisobchisi pullarni talon-toroj qilganini tan olgan. Yaʼni bizning xabarda hech qanday yolgʻon narsa yoʻqligini oʻzlari ham bilishadi.

Shunday ekan, bank axborot xizmatiga Jinoyat kodeksida 139-modda, yaʼni tuhmat qilish boʻyicha modda borligini, unda tuhmatning bir necha turlari mavjudligini eslatib oʻtamiz. Chunki bizda chiqqan xabar haqqoniy va xolis tayyorlangan, buni bankning oʻzi ham taʼkidlab turibdi.
Ularning aytishicha, biz qoʻygan sarlavha yoqmagan. "Agrobankdan olingan pullar oʻmarilgani" ularning nozik koʻngillariga tegib ketgan boʻlishi mumkin. Shunday xulosa qilishga majburmiz, buning bir necha sabablari bor.
Birinchidan, jurnalistikada sarlavha – yarim maqola degan naql bor. MChJ hisobchisi aynan bankdan olingan pullarni oʻzlashtirgan, yaʼni bu yerda yolgʻon yoʻq.
Ikkinchidan, tahririyatimizda biror xodimning Agrobankdagi biror xodim bilan tanish-notanish holati yoʻq. Yaʼni ularga xusumat qiladigan darajada yaqin munosabatda emasmiz, xusumat qilishga asosimiz ham, odamimiz ham yoʻq, ulardan hech kimni tanimaymiz hatto.
Uchinchidan, nafaqat Agrobank, balki boshqa koʻplab banklarga tegishli sud qarorlari doimiy berib boriladi va ular ham sarlavhaga chiqariladi. Chunki bank sohasiga moslashgan kanallar va saytlar koʻrib, foydalanishlari mumkin.
“Oʻzsanoatqurilishbank” Chilonzor filiali sobiq rahbarining kirdikorlari fosh boʻldi
Navoiyda "Ipoteka bank" mutaxassisi va hokim yordamchisining qilmishlari oshkor boʻldi
"Xalq banki" va "Trastbank" masʼullarini chuv tushirmoqchi boʻlgan tadbirkor 8 yilga qamaldi
Toshkentda “Davr Bank” mansabdori bilan til biriktirgan tadbirkorga sud hukmi oʻqildi
Ana shu sabablarni oʻylab, Agrobankning eʼtiroziga tushunmadik, bankni obroʻsizlantirish haqidagi tuhmatiga-ku inchunun. Aksincha, bank bizning saytimizni noxolislikda ayblab, bizning ishchanlik obroʻmizga salbiy taʼsir qilib qoʻymoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, nooʻrin qoʻyilgan sarlavha va material yuzasidan “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi qonunda koʻrsatilgan muddat va tartibda Agrobank ham raddiya berishi lozimligi, aks holda ularga nisbatan “raddiya berish majburiyatini yuklash va moddiy zarar undirish” yuzasidan sudga murojaat qilishga majbur ekanimiz haqida bankka eʼtiroznoma yuboramiz.
Platina.uz sayti oʻz faoliyati davomida xolis jurnalistika va jamoatchilik fikrini qoʻllab-quvvatlaydi, bizda eʼlon qilinayotgan materiallar avvalo yaxshilab oʻrganilib, soʻngra raddiya berilishi maqsadga muvofiq.
Soʻnggi xatboshilar bank eʼtiroznomasiga atay oʻxshatib yozildi.