Andijon va Namanganda ham tozalash boshlandi
Ular Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganliklari aniqlangan.

"Dolzarb 40 kunlik" maxsus profilaktik tadbirlari doirasida Andijon va Namangan viloyatlarida ham bir qator jinoyat olami vakillari, tovlamachilar va ularga yaqin boʻlgan shaxslar ushlanmoqda.
Xususan, 2 dekabr kuni Andijonda Jinoyat kodeksining bir nechta moddalarida ayblanib, quyidagilar ushlangan:
- 1985 yilda tugʻilgan B.N.A.;
- 1989 yilda tugʻilgan U.U.R.;
- 1961 yilda tugʻilgan M.D.A.
Ular viloyat hududida mayda bezorilik, tovlamachilik, kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganliklari aniqlanib, tergov harakatlari boshlangan.
Shuningdek, Namangan viloyatida ham 20 ta holatda koʻp miqdordagi giyohvandlik moddalari, 7 ta holatda 4.615 dona psixotrop dori vositalarini saqlash va oʻtkazish holatlari, 13 dona noqonuniy qurol hamda 190 dona oʻq-dorilarni saqlash holatlari, 61.000 donadan oshiq turli pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritilishi aniqlangan. Tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 35 nafar shaxs ham ushlangan.
Avvalroq Toshkentda "Salimboy" nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev, “Sayidaziz medgorodok”, “Baxti Tashkentskiy” va uning Fargʻonadagi sherigi, Toshkentda yana 10 kishi qoʻlga olingan edi. Shuningdek, "tozalash" ishlari Fargʻonada ham boshlab yuborilgan.
Mavzuga doir: “Qonundagi oʻgʻrilar”: xalq orasida ideallashib ketgan jinoyatchilar