platina.uz
Jamiyat

Sergeli portlashidan soʻng FVVga yangi vazifa yuklandi

Prezident imzolagan yangi qarorda shu haqda soʻz boradi.

Sergeli portlashidan soʻng FVVga yangi vazifa yuklandi

Sergelidagi kimyoviy moddalar portlashidan soʻng Favqulodda vaziyatlar vazirligiga portlash xavfi yuqori kimyoviy moddalarni saqlash talablarini nazorat qilish vazifasi yuklandi.

“Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi prezident qarorida shu haqda soʻz boradi.

Qarorga koʻra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu sohada belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qiladi.

Vazirlikda yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻlimi va boʻlinmalari tashkil etiladi.

2024 yil 1 yanvardan:

  • respublikaga olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kimyoviy moddalar va ularni olib kiruvchi subʼektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali vazirlikka real vaqt rejimida taqdim etib boriladi;
  • kimyoviy moddalar faqat favqulodda vaziyatlarning (yongʻinlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.

Respublikaga kimyoviy moddalarni olib kiruvchi subʼektlar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan kimyoviy moddalar va ularni saqlash joylari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish imkoniyatiga ega boʻlgan axborot platformasi yaratiladi.

Eslatib oʻtamiz, 28 sentabr soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan omborxonalarning birida kuchli portlash boʻlgandi.

Hodisa oqibatida 15 yoshli oʻsmir halok boʻlgan, Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan, shuningdek jinoiy ish ham ochilgandi.

FVV maʼlumotiga koʻra, omborxonalar hududidagi yongʻin qariyb 7 soatda oʻchirilgandi. Keyinroq maʼlum boʻlishicha, yongʻin sodir boʻlgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlab kelingan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid