Yevropa Ittifoqi Isroil bilan muhim savdo kelishuvini toʻxtatadi
Hozirda ushbu tashabbus muhokama jarayonida boʻlib turibdi. YeI Isroilning eng yirik savdo sherigi sanaladi, umumiy savdoning 32 foizi Yevropa hissasiga toʻgʻri keladi.

Yevrokomissiya Yevropa Kengashiga Isroil bilan assotsiatsiya shartnomasining ayrim savdo bandlarini toʻxtatib turish taklifini kiritdi.
"Taklif etilayotgan toʻxtatib turish Isroilga berilgan bojxona imtiyozlari, jumladan, tovarlarning erkin harakatlanishi, xizmatlarni tashkil etish va taqdim etish huquqi, davlat xaridlari, raqobat va intellektual mulkka tegishli.
Amalda, bu Isroildan Yevropa Ittifoqiga import qilinadigan mahsulotlar YeI bozoriga imtiyozli kirish huquqini yoʻqotishini anglatadi va bu tovarlar YeIning boshqa uchinchi davlati bilan erkin savdo shartnomasiga ega boʻlmagan darajadagi bojlarga tortilishini anglatadi", deydi Bryusseldagi matbuot anjumanida Savdo boʻyicha komissar Shefchovich.
Uning tushuntirishicha, Yevropa Kengashining taklifi Yevropa-Oʻrtayer dengizi kelishuvining Isroilga nisbatan 2 va 79-moddalariga asoslanadi, ular inson huquqlari va demokratik tamoyillarga hurmatni tomonlar hamkorligining muhim elementlari sifatida belgilaydi.
"Biz bu qadamni qoʻyganimizdan afsusdamiz. Biroq, Gʻazoda davom etayotgan gumanitar inqirozni inobatga olgan holda, biz buni oʻrinli va mutanosib deb bilamiz", - dedi Yevropa komissari.
Endi Yevropa Ittifoqi Kengashi ushbu qarorni koʻpchilik ovozi bilan qabul qilishi kerak.
YeK kommunikesida aytilishicha, YeI Isroilning eng yirik savdo sherigi boʻlib, 2024 yilda Isroilning umumiy global savdosining 32% ni tashkil etdi.
Isroil Yevropa Ittifoqining savdo hamkorlari roʻyxatida 31-oʻrinni egallaydi. 2024 yilda Yevropa Ittifoqi va Isroil oʻrtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi 42,6 milliard yevroni tashkil etdi.
Yevrokomissiya maʼlumotlariga koʻra, Yevropa Ittifoqining Isroildan importi 15,9 milliard yevroni, birinchi navbatda mashina va transport uskunalari (7 milliard yevro, 43,9 foiz), kimyo mahsulotlari (2,9 milliard yevro, 18 foiz) va boshqa sanoat tovarlari (1,9 milliard yevro, 12,1 foiz)ni tashkil etdi.