Prezident AQShda istiqomat qilayotgan oʻzbekistonliklar bilan uchrashdi
Uchrashuv norasmiy muhitda oʻtdi. Tadbirkorlik boʻyicha "Vatandoshlarning xalqaro biznes marafoni"ga start berildi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrifini yakunlar ekan, anʼanaga koʻra, ushbu mamlakatda mehnat va istiqomat qilayotgan vatandoshlar, shuningdek, AQShning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan "El-yurt umidi" jamgʻarmasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Norasmiy muhitda oʻtgan samimiy suhbat davomida Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar, xususan, ularni faol ilgari surishda vatandoshlar va ularni birlashtiruvchi tashkilotlarning ishtiroki muhokama qilindi.

Uchrashuvda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan vatandoshlar va yoshlar oʻrtasida muloqot maydonini yaratishga qaratilgan "Vatandoshlarning xalqaro biznes marafoni"ga start berildi.

Ishtirokchilar Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy va taʼlim aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash, milliy iqtisodiyotning ustuvor sohalariga AQShning ilgʻor texnologiyalarini joriy etish, tibbiyot, transport va logistika sohalarida innovatsiyalarni ilgari surish, mamlakatimizda marketpleyslarni rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdilar.
Davlat rahbari yigʻilganlarga Vatan taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, aytilgan barcha taklif va tashabbuslar mamlakat vazirlik va idoralari tomonidan puxta oʻrganib chiqilishi, eng istiqbollilari esa amaliyotga tatbiq etilishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Prezidenti AQShda "El-yurt umidi" stipendiatlari soni 500 nafardan oshganiga alohida eʼtibor qaratdi. Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim va tajribasini ona yurtda qoʻllash uchun imkoniyat yaratish davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev talabalarga oʻqishda va kelgusidagi kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab, davlatimiz yoshlarning tashabbuslariga doimo ochiqligi va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, uchrashuv ishtirokchilari Oʻzbekiston yetakchisiga xorijdagi vatandoshlar va yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, Vatanimiz ravnaqiga yanada koʻproq hissa qoʻshishga tayyorligini bildirdilar.

Shu bilan Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga tarixiy tashrifi yakunlandi. Davlatimiz rahbari Toshkent shahriga joʻnab ketdi.