platina.uz
Tahlil

Anomal sovuq: talabalar yotoqxonalarida vaziyat qanday?

Anomal sovuq: talabalar yotoqxonalarida vaziyat qanday?
23 yanvardan barcha OTMlarda oʻqish jarayoni boshlandi. Xoʻsh, OTMlarning turar joy majmualari talabalarning yashashi uchun barcha qulayliklar bilan taʼminlanganmi? Bunday sovuq ob-havoda talabalar yotoqxonalarida issiqlik tizimi va elektr taʼminoti qay darajada?

https://youtu.be/HTf15L1zT1o Sal avvalroq kuzatuvchilari asosan talabalar boʻlgan Masofatalim™ telegram kanalida Oʻzbekiston jahon tillari universiteti talabalaridan yotoqxonalarda bir necha kundan buyon elektr taʼminoti uzilgani yuzasidan murojaatlar kelayotgani haqida xabar joylangandi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vaziyatga oydinlik kiritib, hammasi iziga tushib ketishi haqida oʻz telegram kanalida bayon qildi. Ammo shundan soʻng ham talabalar tomonidan vaziyatga toʻgʻri baho berilmagani, elektr taʼminotida oʻzgarish yoʻqligini bir necha talaba shikoyat qildi. Platina.uz holatga xolis baho berish uchun ushbu universitet yotoqxonasiga bordi. Ammo oʻzini boʻlim boshligʻi deb tanishtirgan shaxsning qarshilik koʻrsatdi. Garchi mazkur universitetning talabalar vazirlik oʻrganishlari “xoʻjakoʻrsin” qabilida boʻlganini qayd etganini taʼkidlashimizga qaramay, holat avvval ham boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan oʻrganilgani, hozirda ahvol yaxshi ekanligini aytib, xolis yondashuvimizga qarshilik qildi. Bu munosabatdan keyin ushbu yotoqhonada muammo yoʻqligiga shubhamiz qolmadi va biz boshqa manzillardagi talabalar turar-joyi sharoitlarini bilishga qaror qildi. Talabalar qamrovi keng boʻlgan hudud — Olmazor tumanida joylashgan Talabalar shaharchasiga bordik va talabalarni savolga tutdik. Savollarimizga javoban taqdim etilgan maʼlumotlardan esa asl holatni bilish qiyin emas. Baʼzilari xonalarning sovuq ekanligini, issiq va qalin kiyimlar kiyib oʻtirilmasa, sovqotishlarini aytishdi. Ayrim talabalar fikricha esa, hamma sharoitlar mavjud va hech qanday muammo yoʻq. Lekin hali soʻrovimiz yakkuniga yetmasdan oʻsha “muammolar yoʻq” degan talabalardan biri fikridan qaytdi. Yaʼni u aslida sovuqdan aziyat chekayotgani, kechalari xona harorati tushib ketayotganini aytdi. Ushbu holatga biror izoh berishga ojizmiz, ammo talaba asl haqiqatni aytganiga shubha yoʻq. Shu kunlarda OʻzMUning 18-sonli yotoqxonasi komendanti talabalar uyidan olib kelgan isituvchi qurilmalarni yigʻib olganligi haqida xabarlar tarqalgandi. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun oʻsha yotoqxonaga bordik. Mutasaddilar yongʻin xavfsizligining oldini olish maqsadida haqiqatdan ham isitish qurilmalari yigʻib olinganini va hammasi iziga tushib ketgach, qaytarib berilishini maʼlum qildi. “Agar yotoqxonada koʻpchilik isitish moslamalaridan foydalansa, elektr tizimi katta kuchlanishga dosh berolmaydi va bunday holatda yongʻin chiqishi mumkin”, deydi mutasaddilardan biri. Talabalarning va mutasaddilarning fikri qanchalik toʻgʻri ekanligini aniqlash uchun ularning xonalarini ham koʻzdan kechirdik. Yoʻlak boʻylab harakatlanar ekanmiz, harorat ancha pastligini sezdik. Talabalarning xonasiga kirish eshigi toʻgʻridan toʻgʻri oʻsha yoʻlakka yoʻnalganini hisobga olsak, talabalar rostdan ham sovuq xonalarda kun oʻtkazishmoqda. Lekin shunday boʻlsa ham, shu yotoqxonada yashovchi bir talaba sharoit yaxshiligini aytdi. “Taʼtil davomida yotoqxonalardan foydalanilmagan. Shu sababli isitilmagan va hozir isitilayotgan boʻlsa ham, biroz sovuq boʻlishi tabiiy, xona devorlari oʻziga issiq haroratni singdirsa, xonalar ham ancha isib qoladi”, deydi OʻzMU axborot xizmati vakili. Kunlar isib, hammasi iziga tushib ketishini kutishdan boshqa choramiz yoʻqdek goʻyo.

Dostonbek BAXTIYoRZODA,

Platina.uz uchun maxsus

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid