platina.uz
Maqola

Eski latifa – biznesda “oʻrtacha harorat”...

Tadbirkorlikka yordam sirtdan qaraganda zoʻrdek, ammo amalda juda ayanchli. Bunga esa palata, soliq va sudlar yaxshigina toʻsiq ham boʻlyapti.

Eski latifa – biznesda “oʻrtacha harorat”...
Fotokollaj: Platina.uz

Koʻpincha tadbirkorlikni, xususan, kichik tadbirkorlik subʼektlarini (KTS) rivojlantirish haqida gap ketganida, ularni mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining “lokomotivi”, “iqtisodiyot ustuni”, “bandlikni taʼminlashning asosiy manbai” degan iboralar koʻp qoʻllaniladi.

Oʻzbekistonda ham bu haqiqat allaqachon anglab yetilgan va tinimsiz islohotlar olib borilyapti, albatta. Natijada qulay biznes muhiti yaratishga intilish kuzatilmoqda.

Biznes muhit qulayligi rekord oʻrnatdi

Iyul oyi oxirida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) joriy yil iyun oyi uchun respublika boʻylab tadbirkorlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlar asosida biznes muhiti tahlili natijalarini eʼlon qildi.

Unga koʻra, iyun oyida Oʻzbekistonda biznes muhiti indeksi 63 punktni tashkil etgan. Bu soʻnggi ikki yil ichida qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.


"Atom kuchini oʻtin yorishga" sarflayotgan markaz


Xususan, biznes muhiti indeksi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 10 bandga oshib, 63 bandni tashkil etgan. Bu esa uzoq muddatli istiqbolda biznes ishonchining mustahkamlanayotganini koʻrsatadi. Shuningdek, oʻtgan oyga nisbatan ham 2 bandga oʻsish qayd etildi, bu esa joriy yil boshidan beri eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.

Iyun oyida biznes muhiti indeksining joriy holati 47 bandni tashkil etdi, bu esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 bandga oshganini koʻrsatadi.

Biznesning joriy holati indeksi tadbirkorlarning mamlakatdagi real vaziyat va biznes yuritish sharoitlari haqidagi tasavvurini aks ettiradi. Unda savdo hajmi, bandlik, talab, resurslarga yetishimlilik hamda operatsion muhit barqarorligi kabi omillar inobatga olinadi.

Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalar indeksi 6 bandga oshib, 80 bandni tashkil etdi. Bu esa tadbirkorlarning barqarorlikka boʻlgan ishonchini namoyon etmoqda.

Natijalarga koʻra, tadbirkorlarning 38%i soʻnggi uch oyda oʻz biznesi holatining yaxshilanganini maʼlum qilgan, 38%i talab oʻsganini qayd etgan, 24%i esa ishchilar sonining koʻpayganini bildirgan. Shu bilan birga, soʻrovda ishtirok etgan tadbirkorlarning 71%i kelgusida talab oʻsishini, 59%i ishchilar soni koʻpayishini, 21% esa narxlar oʻsishini kutmoqda.

Kichik tadbirkorlik subʼektlarining ulushi

Nisbatan qulay muhit sharofati bilan kichik tadbirkorlik subʼektlari yil sayin koʻpayib bormoqda. 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakuniga koʻra, 1 mln 200 mingdan ortiq kichik tadbirkorlik subʼektlari (KTS) mavjud boʻlib, oʻtgan yilgidan deyarli 80 mingga koʻp degandir.


Vaʼdaboz energetiklar


KTSlarning 487,1 mingtasi (2024 yilning 1 oktabr holatiga koʻra 399 mingta) – kichik korxona va mikrofirmalar, 270,6 mingtasi – yakka tartibdagi tadbirkorlardan (YaTT) iborat. Dehqon xoʻjaliklari – 414,3 mingta, oilaviy tadbirkorlar – 5,9 mingta, hunarmandlar – 21,6 mingta, import mahsulotlari sotuvchilari soni mingtaga yetgan. Har ming aholiga 31,8 KTS toʻgʻri kelmoqda.

Oʻtgan davr mobanyida KTS sektori ham yangi imtiyozlarga ega boʻldi: soliqlar soddalashtirildi va kamaytirildi, tadbirkorlik subʼektlarini roʻyxatga olish osonlashtirildi. Raqamlashtirish (IT-park, onlayn ruxsatnomalar) ham soha taraqqiyoti uchun samarali xizmat qilmoqda. Xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat dasturlari amalga oshirilmoqda.

Bu kabi oʻzgarishlar oʻz samarasini beryapti, albatta. Kichik biznes faqat tovar va xizmatlar ishlab chiqaribgina qolmay, mamlakatdagi ish oʻrinlari, soliq tushumlari va mahalliy iqtisodiy faollikning asosiy manbasiga aylanmoqda.

Kichik tadbirkorlik subʼektlarini iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha eng yuqori ulushi qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligiga tegishli boʻlib, 97 foizga teng. Yaʼni bu sohaning deyarli hamma jihatini KTS tashkil etadi.

(Biroq bu yerda nomiga mustaqil tadbirkorlik subʼekti, aslida esa rejalashtirish va qoʻlda boshqarish hamda davlat hokimiyati idoralarining aralashuvi va hatto nazorati ostida faoliyat koʻrsatuvchi norasmiy “kolxoz” maqomidagi fermer xoʻjaliklarining hissasi borligini unutmaslik kerak.)

Keyingi oʻrinlarda qurilish (79,4%) va xizmat koʻrsatish (43,9%) turibdi. Hisobot davrida KTS 106 mlrd 790 ming soʻmlik qurilish ishlari bajargan. Bu umumiy qurilish hajmining 77,6 foizini tashkil etadi. 2024 yilning shu davriga nisbatan oʻsish surʼati 109,6 foizga teng boʻlgan.

Chakana savdo aylanmasida kichik biznesning ulushi 81,8 foiz, yaʼni 162 mlrd 483 ming soʻm boʻlgan. Oʻsish surʼati 108,7 foizni tashkil etgan. Xizmatlar sohasida ulush 54,8 foiz boʻlib, 250 mlrd 892 mingni qayd qildi.


Botqoqdan chiqolmayotgan oʻzbek kinosi


2025 yilning yanvar-iyunida yuk tashishning 51,4 foizi, yuk aylanishining esa 76,6 foizi kichik tadbirkorlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Bu oʻtgan yilga nisbatan mos ravishda 106,9 % va 106,5 % oʻsishni koʻrsatdi.

Shuningdek, avtomobil transportida yoʻlovchi tashish xizmatlarining 90,5 foizi kichik tadbirkorlik subʼektlari hissasiga toʻgʻri kelgan. Bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan 3,4 foizga oshgan. Yoʻlovchi aylanishining 95,3 foizi ham aynan kichik tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilgan boʻlib, oʻsish surʼati 102,8 foizni tashkil etdi

KTS eng kam qamrab olgan soha esa sanoat yoʻnalishi boʻlib, atigi 26,1 foizni tashkil etadi. Shunday boʻlsa-da, KTS hisobot davrida 161 mlrd 959 ming soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqargan, sanoat ishlab chiqarish hajmining 33,2 foizini etgan. Oʻsish surʼati 2024 yilning shu davriga nisbatan 118,4 foizni tashkil etadi.

Bir qarashda hammasi goʻzal...

Statistika qoʻmitasining 2025 yilning 1-yarmiga oid oxirgi hisobotiga koʻra, KTS mamlakat YaIMga 49,6 foiz hissa qoʻshgan. Taqqoslash uchun, oʻtgan yilning shu davrida koʻrsatkich 47,5 foizni tashkil qilgan edi.

Biroq xuddi shu koʻrsatkich 2021 yilda 54,8%, 2022 yilda 52,5%, 2023 yilda 51,5%, oʻtgan yilda (12 oy uchun) 50,7% boʻlgan. Bir paytlar kichik biznes YaIMning yarmidan ziyodi boʻlgan holda yil deyarli 2 foizga kamayib borayotganini qanday tushunish mumkin?

Mamlakat iqtisodiyoti ham rivojlanmoqda, biroq...

Maʼlumki, YaIMdagi ulushi deyarli 50 foiz boʻlgan KTSlar sharofati bilan umummilliy iqtisodiyot ham tobora rivojlanib boryapti. 2025 yilning yanvar-iyun oylarida YaIM hajmi 807,9 trln soʻmga yetgan. Statistika qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, oʻsish surʼati 7,2 foizni tashkil etib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan atigi 0,6 foiz tezlashgan. Sanoat ishlab chiqarishi 6,6 foizga oshib, 204,6 trln soʻmga yetgan. Qurilish sohasida oʻsish 10,7 foiz boʻlib, hajmi 57 trln soʻmni tashkil etgan. Savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi 10,2 foizga oshib, 89,1 trln soʻmga yetgan. Transport, saqlash, axborot va aloqa xizmatlari eng yuqori oʻsishni (4,7 foiz) koʻrsatib, umumiy hisobda 66,7 trln soʻmga yetgan.

Biroq, iqtisodchi ekspertlarning qayd etishicha, mamlakatdagi iqtisodiy oʻsish surʼati mintaqada eng past hisoblanadi. Jumladan, Qirgʻizistonda YaIM 11,7 foizga oshib, oʻtgan yilga nisbatan 3,6 foizga tezlashdi. Bunga ishlab chiqarish tarmoqlari, xizmatlar sohasi va bevosita soliqlar sabab boʻlgan. Bu koʻrsatkichlar bilan Qirgʻiziston mintaqamizda eng tez oʻsayotgan iqtisodiyot sohibiga aylandi.

Qozogʻiston iqtisodiyoti esa yilning birinchi yarmida 6,2 foizga oʻsgan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 3 foizdan yuqori hisoblanadi. Bu oʻsishga, neft va neft mahsulotlari, gaz, maishiy texnika, mobil telefonlar, farmatsevtika, mashinasozlik mahsulotlari, don va tamaki kabi toʻqqizta tovar asosiy sababchi boʻlgan.

Yana bir qoʻshnimiz Tojikiston iqtisodiyoti ham mintaqada sezilarli oʻsish surʼati bilan diqqatga molik. Bu yerda YaIM 8,1 foizga oshib, oʻtgan yilga nisbatan 1,9 foiz bandga tezlashdi.


Xoʻjakoʻrsinga ishlayotgan Turizm qoʻmitasi


Nega biz mintaqada orqada qola boshladik? Bir paytlari Oʻzbekistonni yangi Osiyo yoʻlbarsi boʻladi deya bashorat bergan ekspertlar uyalib qolishiga sabab nima? KTS ulushining yildan-yilga kamayib borayotgani va Oʻzbekiston iqtisodiy taraqqiyot surʼati koʻrsatkichining mintaqada eng pastligi orqasida qanday bogʻliqlik bor?

“Oʻrtacha harorat” yaxshiligiga aldanyapmizmi?

Shifoxonaga yaqinda ishga kelgan, tibbiyot oliygohini tugatgan mutaxassis tungi navbatchilikka qolibdi. Bosh vrach ertalab yangi mutaxassisning birinchi navbatchiligi qanday oʻtgani bilan qiziqibdi.

– Xoʻsh, shifoxonada bemorlarning ahvoli qanday, isitmasi chiqqanlar koʻp boʻldimi?

– Hammasi joyida, hamma sogʻlom – shifoxona boʻyicha oʻrtacha tana harorati 36,6 daraja.

– Iye, oʻrtachasini hisoblaganda ham, bundan baland boʻladi-ku?

– Men oʻlikxonadagilarning ham haroratini qoʻshib hisobladim-da!

Bugungi kunda “Oʻzbekiston yoki falon shahar boʻyicha oʻrtacha maosh falon soʻmga chiqdi, falon koʻrsatkich esa oʻrtacha falon foizga chiqib, ijobiy oʻsish tendensiyasini namoyish etyapti” degan statistik hisobotlar quloqqa chalinsa, mana shu latifa esga tushadi.

Oʻrtacha maosh 10 million soʻm boʻlgani bilan, kimlardir 30-40 million olgani hisobidan shundayligini, aslida 2-3 million oylik oladiganlar aholining aksariyatini tashkil etishini “unutib” qoʻyamiz gohida. Lekin tendensiya zoʻr – oʻrtacha harorat 36,6 daraja, hamma sogʻlom!

Bu latifani, afsuski, iqtisodiy yutuqlar, biznes uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqidagi raqamlarga ham tatbiq etish mumkin.

Birinchidan, davlat idoralarining hisobotlariga ishonishimiz kerak albatta. Ammo yaqinda roʻy bergan bir xalqaro mojaro sal qolsa, bu ishonch oynasining darz ketishiga sabab boʻldi.

Gap shundaki, yaqinda Washington Post gazetasi Oʻzbekiston notoʻgʻri maʼlumotlar bergani bois, iqlim isishi zararlari natijalari xato hisoblangani iddao qilingan maqola chop etdi.

Bir yil avval Nature jurnalida chop etilgan maqola jahon iqtisodiyoti 2050 yilga borib iqlim oʻzgarishi tufayli 19 foizga, 2100 yilga kelib esa 62 foizga pasayishi mumkinligini daʼvo qilgan edi. Bu raqamlar avvalgi baholardan uch barobar katta boʻlib, jahon miqyosida keng muhokamalarga sabab boʻldi. Ushbu tahlillar AQSh hukumati, Jahon banki kabi tashkilotlar tomonidan ham foydalanilgan.

Nature’da chop etilgan yangi izohga koʻra, agar Oʻzbekiston maʼlumotlari olib tashlansa, 2100 yilga kelib prognoz qilingan iqtisodiy yoʻqotish 62 foizdan 23 foizga, 2050 yilgacha esa 19 foizdan 6 foizga tushadi. Maʼlumotlarda 2000 yilda Oʻzbekiston YaIMi deyarli 90 foizga tushib ketgani, 2010 yilda 90 foizga koʻtarilgani koʻrsatilgan – bu esa haqiqatga zid boʻlgan. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda oʻsish soʻnggi 40 yilda 0.2% yoʻqotishdan 7.7% oʻsishgacha boʻlgan. Bu notoʻgʻri maʼlumotlar modelning notoʻgʻri ishlashiga olib kelgan – goʻyo iqlim oʻzgarishi iqtisodga ulkan zarba berganidek tasavvur uygʻongan...

Hozir iqlim muammolariga toʻxtalmaymiz. Shunchaki statistika raqamlarining har doim “appa-aniq” boʻlishiga shubha tugʻilganini qayd etmoqchimiz xolos.

Ikkinchidan, barcha tadqiqotlar va ijtiomiy soʻrovnomalar xuddi yangi kelgan shifokorning butun shifoxona boʻyicha chiqargan harorat koʻrsatkichiga oʻxshaydi. Qaysidir yoʻnalish yoki hududdagi biznes oʻlik holda – “tana harorati” – 0 daraja, qaysidir joyda 40-50 daraja ehtimol. Ammo “oʻrtacha harorat” xavotir uygʻotmaydi. KTSlarning ham turli soliq va bojxona imtiyozlari, nepotizm kabi illat mevalaridan foydalanayotganlari ehtimol gurkirab rivojlanayotgan boʻlishi mumkin. Ammo bu “jannatiy sharoit” hamma KTSga taalluqli deyish mantiqqa zid boʻlar edi.

Kichik biznesning katta muammolari

Ijtimoiy tarmoqlardagi tadbirkorlarning “oh-vohlari” va sudlashuv tarixlarini kuzatib, umumiy tarzda quyidagi toʻsiqlar hamon KTS rivojiga xalaqit berayotgani haqida xulosa qilish mumkin:

1. Beqaror qonunchilik

Bizda oʻyin qoidalari istalgan vaqtda oʻzgarishi mumkin. Masalan, 2024 yilda eksport qiluvchilarning valyuta tushumlariga qoʻyiladigan talablar uch marta (!) oʻzgargan. Soliq borasidagi qonunchilik ahvoli ham shunday, afsuski. Tadbirkorlarning soliq majburiyati tez oʻzgaradi va buxgalterlar uchun qaytadan hisob-kitob qilish bosh ogʻrigʻi paydo boʻladi. Aks holda katta jarimalar toʻlash va ishni toʻxtatishga ham majbur boʻlishadi. Bunday vaziyatda bechora tadbirkor qanday qilib uzoq muddatli rejalar tuza oladi? Kelajakdagi barqarorlikdan umid qila oladi?

Shu bois hatto joriy yil mart oyida eʼlon qilingan prezident qarori bilan kichik va oʻrta biznes uchun yangi majburiyatlarni tatbiq etishga moratoriy qoʻyildi. Bu tartib 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvargacha davom etadi. Moratoriy shartlariga koʻra, KTS faoliyatini tartibga solishga qaratilgan barcha oʻzgarishlar maʼlum bir sana – yoki yil boshi (1 yanvardan), yoki yil oʻrtasi (1 iyuldan) kuchga kiradigan boʻldi.

2. Byurokratiya va “virtual oynalar”

"Yagona darcha" ishlaydi, lekin ideal emas. Hududlarda hamon ayrim hujjatlarning qogʻoz nusxalarini olib kelish, imzo toʻplash, "yuqoridan ruxsat" kutish kerak.

3. Soliq organlari tomonidan bosim

Soʻrovlarga koʻra, tadbirkorlarning uchdan bir qismi soliq inspektorlari “jarima solish uchun sabab qidirmoqda” deb hisoblaydi. Koʻpincha – oldindan ogohlantirmasdan jarimaga tortishni xush koʻrishar emish.

4. Shartlari va foizi ogʻir kreditlar

Mikrokreditlar boʻyicha foiz stavkalari: yillik 24-28%! Bunga boshqa talablarni – garov, kredit tarixi, kafillar muammolarini ham qoʻshing.

5. Korrupsiya va “qoʻngʻiroq huquqi”

2025 yilda, afsuski, hamma narsa hali ham qonunga qaraganda telefon orqali qoʻngʻiroq bilan tezroq hal qilinadi. Tanish-bilishchilik va boshqa korrupsiya “neʼmatlari” hamon oʻz kuchida qolmoqda. Qayerda pul koʻp boʻlsa, korrupsiya oʻsha yerda hoziru nozir boʻladi.

6. Sudlarning chala mustaqilligi va zaif pozitsiyasi

Sudlar koʻpincha biznes tarafida emas, davlat idorasi yoki davlat korporatsiyasi tarafini olgan holatlar boʻyicha shikoyatlar toʻxtamayapti.


Koʻzi boylangan adolat Oʻzbekistonda "tugʻilmaganmikin"?


7. Davlat sektori va sunʼiy monopoliyalar bilan raqobat

Bir qator sohalarda (energetika, logistika, sanoat ishlab chiqarishi va hokazo) davlat korporatsiyalari imtiyozlar oladi va bozorni amalda monopoliya qiladi. Xususiy tadbirkorlar bunday “changalzor”ga kirishni istamaydi, kirsa xam omon qolishdan umid qilmaydi.

Ayniqsa, davlat buyurtmalari boʻyicha tenderlarni shafof qilish borasidagi tanqidlar hamon dolzarb.

8. Infratuzilmadagi kamchiliklar

Sanoat zonalari, yoʻllar, barqaror elektr energiyasi – muammolar roʻyxati boshida turibdi. Yaqindagina, yana tagʻin yoz faslida, hattoki poytaxt Toshkentda elektrni ogohlantirmasdan oʻchirib-yoqishlari KTSlarga tegishli qurilmalarga zarar yetkazdi, ular ancha foydadan quruq qolishdi. Biroq buning uchun javobgarlik va tovon puli toʻlash mexanizmlari ishlab chiqilmagan. Toʻgʻri, sudga murojaat qilish mumkin, lekin...( tepadagi 6-bandni oʻqing).

Shuningdek, qishloqlarda elektr va internetda uzilishlar mavjud. Raqamlashtirish haqida-ku gapirmasa ham boʻladi.

9. Kadrlar yetishmasligi

Yoshlar xorijga bosh olib ketmoqda. Xuddi shu ishi uchun xorijda yaxshiroq maosh berishadi chunki. Xorijdagi maoshni bera olish uchun esa KTSlar nafaqat ochkoʻzlikdan voz kechish, balki xorijdagi kabi qulay biznes muhitiga muhtoj.

10. Kichik biznes qoʻllab quvvatlanadi, lekin...

Davlat rahbari kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashni talab qilyapti, qonunchilik takomillashtirilyapti. Masalan, prezident qarori bilan Oʻzbekistonda shu yil oxirigacha “Yoshlar biznes-inkubatorlari” markazlari tashkil etilishi belgilandi. Biroq ijro madaniyati va masʼuliyati talab darajasida emas. “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformalari, Savdo-sanoat palatasi, turli grantlar, subsidiyalar... Biroq ulardan foydalanishning ming xil shartlari bor. Bir misol, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini (TIF TN kodi 61 – 63) eksport qiluvchi tashkilotlarga subsidiya ajratiladi. Biroq uni olish uchun “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga aʼzo boʻlish kerak va hokazo.

Qogʻozda emas, amalda eʼtibor kerak

Oʻzbekistonda kichik biznes vakillari joʻshib ishlashni, katta daromad olib, katta soliq toʻlashni va rivojlanishni xohlaydi. Ular allaqachon oʻz imkoniyati va qudratini, orzu va niyatlarini raqamlar bilan isbotlab boʻlishdi. Ammo endi ularni nafaqat "qogʻozda qoʻllab-quvvatlash", balki amalda himoya qilish kerak.

Iqtisodiyotning muvaffaqiyati faqat YaIMning oʻsishi bilan oʻlchanmaydi, balki minglab tadbirkorlarning kelajakka xotirjam, qoʻrqmasdan, istiqbolli ishlay olishiga ishonchi bilan ham oʻlchanadi. Bu ishonch mustahkam boʻlmasa, har qanday raqamlar shunchaki “koʻzboʻyamachilik” boʻlib qolaveradi. “Oʻrtacha harorat” yaxshiligidan quvonib yuraveramiz.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid