Prezident “Hisorak” suv omboriga bordi
U yerda qiymati 1,5 million dollarni tashkil etuvchi kichik GES qurilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumanidagi “Hisorak” suv ombori yaqinida barpo etilgan Hisorak kichik gidro elektr stansiyasini koʻzdan kechirdi.
Hisorak suv ombori 1987 yilda qurilgan boʻlib, 2004 yilda kapital rekonstruksiya qilingan. Hududda 2011 yilda ishga tushirilgan quvvati 45 MVt boʻlgan asosiy Hisorak GES ham mavjud boʻlib, yiliga 80 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa oʻrtacha hisobda 33 ming xonadonning yillik elektr energiyasi ehtiyojini qoplaydi.
Hisorak kichik GESining qurilishi toʻliq mahalliylashtirish doirasida amalga oshirildi. Loyihaning qiymati 1,5 million dollarni tashkil etadi. GES faoliyati natijasida yiliga oʻrtacha 5 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Bu yerda ishlab chiqariladigan elektr energiya 7 ming 300 ta xonadonga yetadi.
Yana bir muhim loyihalardan biri – kelgusi ikki yil ichida umumiy quvvati 12 MVt boʻlgan 416 ta kinetik turbinali mikroGES qurish. Bu mikroGESlar ariq va kanallardagi suv oqimidan samarali energiya ishlab chiqarish imkonini beradi.
Maʼlumot oʻrnida, viloyatda umumiy quvvati 49 MVt boʻlgan 3 ta GES faoliyat yuritmoqda. Gidroenergetika orqali viloyatda aholi elektr energiyasi isteʼmolining 15 foizini qoplash maqsad qilingan. Soʻnggi 8 yil ichida elektr energiyasi ishlab chiqarish 38 foizga oshib, 81,5 milliard kVt/soatga yetdi. Joriy yilda respublika boʻylab umumiy quvvati 24,7 MVt boʻlgan 5 ta yangi kichik GES foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, roppa-rosa 1 yil oldin ushbu suv ombori toʻgʻonining chap tarafidan qoʻshimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik texnik tadbirlari vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgandi.
Platina.uz sayti muxbiri voqea joyiga borib, vaziyatni oʻrgangan edi.