Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻiga ochiq xat!
YHXX necha yillardan beri yoʻllardagi avtoterrorchilarga qarshi kurashda tizimli va samarali ish koʻrsatmayapti, faqat qurbonlar ortyapti xolos.

Hurmatli Sherzod Shokirovich!
Siz Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga boshliq boʻlib kelganingizga yaqinda bir yil toʻladi. Toʻgʻri, salkam bir yillik muddatda biror nimani oʻzgartirish yo islohot qilish qiyindek koʻrinishi mumkin. Ammo hozircha bunga harakat ham sezilmayapti.
Oʻzbekistonning eng ogʻriqli nuqtalaridan biri – yoʻllarda odamlarning oʻlib ketishi. Avtoterrorchilar shu qadar koʻpki, qurbonlar ham shunga yarasha. Koʻp bor oʻxshatish qilingan boʻlsa-da, yana takrorlaymiz: tinch yurtda har yili minglab odamlarning shunchaki mashina tagida halok boʻlishi bu katta fojia va nihoyatda absurd.
Raqamlarga yuzlanaylik. 2024 yilda jami 9364 ta yoʻl-transport hodisasi rasman qayd etilgan. Bu koʻrsatkich 2023 yilda 9839 ta, 2022 yilda 9902 tani, 2021 yilda 10001 tani tashkil etgan.
Shu 9364 ta yoʻl-transport hodisasida 8901 fuqaro jarohatlangan va 2203 fuqaro halok boʻlgan. YTHlarning 47,1 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yoʻl bermaslik, 3,7 foizi uxlab qolish, 22,8 foizi belgilangan tezlikka va 3,6 foizi svetoforga amal qilmaslik oqibatida sodir boʻlgan.
Ushbu raqamlar orasida bolalar boʻyicha statistika ochiqlanmagan. Masalan, 2023 yilda bolalar ishtirokida 1794 ta YTH sodir boʻlgan. Ularda 1568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafari halok boʻlgandi.
Jami YTHning eng katta qismi piyodalarga yoʻl bermaslik boʻlib qolmoqda – 47,1 foiz. Bu esa inson qadri ulugʻlanishi kerak boʻlgan tinch yurtda tizim ishlamayotganini isbotlaydi.
Darvoqe, koʻplab YTHlar jamoatchilikdan yashiriladi. Qachonki ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketsa, keyin eʼtibor berilib, keyin chora koʻriladi, jinoiy ish ochiladi va hokazo.
Bunga Samarqanddagi fojiani misol qilish mumkin. Haydovchi oʻn chogʻli piyodani piyodalar oʻtish joyida "oʻrib" ketgan. 3 bolaning onasi halok boʻlgan. Bu voqea 11 aprelda roʻy bergan, ammo jamoatchilik 24 aprelda xabar topgan. 25 aprel kuni Samarqand viloyati IIB jinoiy ish ochilganini aytgan. Deyarli 2 hafta davomida IIBning koʻzi qayerda boʻlgan? Imi-jimida bostirib yuborishmoqchi edimi yoki? Biz bilmay qolayotgan yana qancha shunday YTHlar bor?
Botqoqdan chiqolmayotgan oʻzbek kinosi
BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha har yili 1,3 mln nafardan ortiq inson YTHdan halok boʻladi. Bu har 24 soniyada bir odam deganidir. 20-50 mln.gacha odamlar turli darajada jarohatlanadi. JSST xavotiriga koʻra, bolalar oʻlimida YTHlarning ulushi kattaligicha qolmoqda. Qurbonlarning 50 foizini piyodalar, moto va velosipedchilar tashqil qiladi.
Hurmatli Sherzod Shokirovich!
Oʻzbekistonda YTHlarning oldini olish boʻyicha keskin choralar qoʻllanilishi, jazolar shafqatsiz boʻlishi kerakligini oʻzingiz ham yaxshi tushunasiz. Masalan, Namangan shahar hokimi radarlarni olib tashlashni soʻraganida viloyat YHXB yaxshigina dakki va saboq bergan.
YTHlarning oldini olishda yaxshi qadamlar tashlanyapti, ammo hamon chala. Jarima ballari yaxshi natija berishi mumkin, agar inson omili aralashmasa. Toʻgʻri, jarima ballari haqidagi maʼlumotlar toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumotlar bazasiga tushishini aytgansizlar.
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ballar hozircha YPX inspektorlari tomonidan belgilanadi. Demak, inson omili bor, chunki oʻsha maʼlumotlar bazasiga haydovchi jarima olganini aynan shu inspektor yuboradi. Demak, u yubormasligi uchun kelishish mumkin. Guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, ochiqlikni taʼminlagan holda tizimda poraxoʻr xodimlar borligi haqida oʻzlaringiz ham maʼlumot berib borasiz. Hukumat qarori tasdiqlanishidan oldin mana shu jihatni yana bir oʻylab koʻrasiz, degan umiddamiz.
Prezident farmoni ijrosi taʼminlanmayapti: Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hamon byurokratiya domida.
Sababi, tizimda qogʻozbozlik va inson omili hamon kuchda qolayotgan holatlar mavjud. Biz bu haqda oldin batafsil maqola yozganmiz. Bu boʻyicha matbuot xizmatingiz bilan bogʻlanib, voqea joyida oʻrganish olib borishni taklif qilganmiz. Ammo ular hamon jim, fuqarolar esa prezident allaqachon bekor qilib yuborgan byurokratiyadan jabr chekmoqda.
Hurmatli Sherzod Shokirovich!
Yana bir muhim masala – yoʻllardagi radarlar va ularning toʻgʻri oʻrnatilishi. Tadbirkorlarga imkon berilgani – faqat radar "koʻzi" tushadigan 2 metr joyga chiziq tortib chiqish degani emas. Bu holatlarni sizlar nazoratga olishingiz va barchasini boshqatdan xatlov qilib, yangitdan chizdirib, oʻrnatib chiqishingiz kerak. Radar oʻrnatishda shu talabni qoʻyish zarur!
Biz bexabarmiz, deyishga shoshilmang. Bunday chala chiziqlarni Toshkentning juda koʻp joyidan osongina topish mumkin. Viloyatlarni-ku aytmay qoʻya qolaylik. Baliq boshidan sasiydi degan maqol shu yerga toʻgʻri keladi: yaʼni sizlar qoidani chetlab oʻtib, faqat chiziq bor joyda amal qilishga yoʻl ochib beryapsizmi, demak, haydovchilardan yana nima kutish mumkin? Ular radar yo YPX xodimi bor joyda qoidaga amal qilib, boshqa vaqt istagancha yurishi mumkinligini hamon koʻrib turibmiz.
Shunday ekan, avval yoʻllarni sozlab, radarlarni toʻgʻrilab olish lozim. Bunda hokimiyatlar bilan hamkorlikda ishlaysiz, albatta.
Hurmatli Sherzod Shokirovich!
Biz ushbu ochiq xatni sizni yo aynan kimnidir yomon koʻrsatish uchun yozmadik. Aniq muammolarga yechimlar kerakligini aytdik xolos. Sizlarga boshqachasiga taʼsir qilib boʻlmayapti. Aksincha, bu maqoladan keyin muammolarni hal qilishga kirishsangiz, sizni begʻaraz piar qilishda oʻzimiz oldingi safda turamiz.
Umid qilamizki, matbuot xizmatingiz bu ochiq xatga yarim enlik munosabat berib, qutulmaydi, muammolar beeʼtibor qolib ketmaydi.
Bobur Jalolov,
Platina.uz sayti bosh muharriri