Qamoqxona soʻzlashuv tili – jargon. 5-maqola

Zonada ovqatlanib turgan mahbusga “yoqimli ishtaha” deyilmaydi. Chunki qamoqxonalarda beriladigan ovqat ishtaha bilan yeyiladigan ovqat boʻlmagan hech qachon. “Yoqimli ishtaha” deyish masxara qilishga oʻxshab qoladi.

Tahlil
8-fevral, 21:46
Qamoqxona soʻzlashuv tili – jargon. 5-maqola

Qamoqxona – hayot ichidagi kichik hayot hisoblanadi. Ogohlantiruvchi elektroqoʻngʻiroq bigʻillab tovush bergach, temir darvoza va panjaralar sharaq-shuruq ochilib, sizni yangi hayotga oʻtkazadi va ortingizdan mahkam yopiladi. Endi siz mutlaqo boshqa olamdasiz. Endi erkingiz boshqalar qoʻlida. Qachon, qancha va qanday harakat qilishingizni endi boshqalar hal qiladi.

Dumaloq qilib oʻralgan koʻrpa-toʻshakni quchoqlab koʻtargan holda, soqchilar hamrohligida torgina yoʻlak boʻylab sekin odim otib borasiz. Oyoqlar istar-istamas yerga bosiladi. Mabodo tergovda yoki izolyatorda qiynoqqa solishgan boʻlsa, hamon simillab turgan ogʻriqlar ham bu paytdagi xavotir hislari oldida oʻtmaslashib, sezilmay qoladi. Sizni kutayotgan nomaʼlumlikdan uvushgan yuragingiz dunyoga sigʻmas darajada siqiladi. Nega bu yerga keldim, nega aynan men shu ahvolga tushib qoldim, qayerda xato qildim, degan xayoldan miyangiz karaxt boʻlib, atrofga maʼnosiz alanglaysiz. “Biror teshik boʻlsa-yu, imkon topib, qochib ketsam, qanotim boʻlsa-yu, uchib ketsam”, degan befoyda fikrlar xayolingizga keladi.

Biroq soqchining “toʻxta, devorga oʻgirilib tur, yuramiz”, degan qisqa, ammo qatʼiy buyruqlarini eshitmay qolmaslik uchun qulogʻingiz ding boʻladi.

Soqchi sizni kameraga turtib kirgizgach, eshikni yopib chiqib ketadi. Endi koʻzingizga shu soqchi ham qadrdon koʻrinib qoladi. “Boʻsh joyni egallab, joylashib ol” degancha sizni nomaʼlum dunyo bilan yolgʻiz qoldirib ketayotganidan oʻkinch his qilasiz.

Yangi olam – yangi til

Eng ayanchlisi, qamoqxonada tilingiz ham erkin emas – kimga, nimani va qanday gapirishni boshqalar belgilagan qoidalarga moslashtirasiz.

Bu kameraga qadam bosgan zahotingiz bilinadi.

Ovqat, ter, paypoq, hojatxona va yana allanimalar omuxta boʻlgan qoʻlansa hid dimogʻingizga urilib, nima deyishni, nima deb salomlashishni unutib qoʻyasiz. Qulogʻingizga chalingan, tanishlardan eshitgan va qayerdadir oʻqigan vahimalar, turli mish-mishlaru, afsona va stereotiplar orasidan kerak gapni qidirasiz. Qamoqxonaning kunda-shundalari uchun bu qiyin emas, ammo “pervoxodka” – birinchi marta qamalgan odam dafʼatan qimtinib qolishi tabiiy.

Bunday paytda eng yaxshisi, shunchaki salom, deya qadam boshlash kerak. “Salom, mujiklar”, “patsanlar” yoki “bratva” deyish ham yaramaydi. Chunki bu kamerada (jargonda “xaza” yoki “xata”) kimlar oʻtirganini hali bilmaysiz. Agar blatnoylar oʻtirgan boʻlsa, ularni “mujik” deya haqorat qilib, obroʻsini pastga urgan boʻlasiz. Shuning uchun avvalo bu qanday xata deb soʻrashadi odatda. Sizga nomunosib “petux” yoki “obijenniy”lar xatasi boʻlsa, ular darrov aytishga majbur. Bunday holda darrov nozirni chaqirib, boshqa kameraga oʻtkazishlarini soʻrashadi.


Qizil, qora va yashil “zona”lar. 1-maqola


Qamoqxona nimaligini bilgan odamlar kameradagi yangi hamxonalari bilan “Vecher v xatu” deya salomlashadi. Buning tarjimasi garchi “Kamerangizga xayrli oqshom tilayman” boʻlsa-da, qamoqxona jargonida “Xayrli tong” degan maʼnoni anglatadi. Chunki mahbuslar uchun nisbatan erkin hayot kechqurun boshlanadi. Tintuv, toza havoga chiqish va nonushta uchun, ayrim hollarda yangi mahbuslarni olib kelish bilan bezovta qilib turadigan nozirlar oqshomdan keyin kameraga deyarli bosh suqishmaydi. Bemalol taqiqlangan narsalardan (telefon, narkotik, “turma pochtasi” va hokazo) ochiq foydalanish imkoniyati tugʻiladi. Shu bois mahbuslar uchun xayrli kech tilash yaxshi tilak hisoblanadi.

Yangi kirgan odam mening joyim qayerda deb soʻramaydi. Chunki joy (mesto) soʻrasa, parasha (hojatxona) oldidagi koyka (shkonka)dan joy koʻrsatishadi. Chunki qamoqxona folklorida “Joy hojatxona oldida boʻladi”. (“Mesto u parashi”).

Mabodo biror narsani soʻramoqchi boʻlsangiz, “soʻramoq” feʼlini ishlatmaysiz. Chunki soʻrash (sprosit) birov ayb ish qilganda izoh soʻrab olish maʼnosida ishlatiladi. “Sen kimsan mendan soʻrab oladigan”, deb tashlanib qolishlari mumkin. Buning oʻrniga “qiziqmoq” (interesovatsya) feʼli ishlatiladi. Yaʼni, “Bir narsa bilan qiziqayotgandim” shaklida savol beriladi.

Mabodo suhbatdoshingizni xafa qilib qoʻydim, deb oʻylasangiz “Xafa boʻldingmi” deb soʻrash yoki “xafa boʻldim” deyish ham haqoratli hisoblanadi. Chunki xafa boʻlgan odam – “obijenniy” hisoblanadi. “Obijenniy”lar esa zonada eng past va haqir kasta. Buning oʻrniga “aziyat chekmadingmi?” (“ne ogorchal?”) degan shakl qoʻllaniladi.

Shuningdek, “oʻtirsam boʻladimi” yoki “oʻtir” deb ham soʻrash notoʻgʻri. Chunki zonada hamma shundoq ham “oʻtiribdi”. Shu bois “oʻtirib tur” (prisajivaysya) jumlasi ishlatiladi.

Sizga yaxshilik qilishsa yoki nimadir berishsa, rus tilida “spasibo” demaysiz. Chunki zona jargonida bu “spasi bog”, yaʼni ey xudo qutqar, degan maʼnoni anglatadi. Sizga falonchi narsa bersayu, siz unga minnatdorlik bildirish oʻrniga “xudo qutqarsin” deyishingiz mantiqsiz. Yana bir versiyaga koʻra, pravoslavlarga dushman boʻlgan “starover” nasroniylari “spasi bog” soʻzi oxirida “g” harfi tushib qolgan, bu notoʻgʻri soʻz deyishadi.

Shu bois, oʻgʻrilarning tushunchalari va jargoniga koʻra, «blagodaryu» «blagodarstvuyu» (minnatdorlik bildiraman), «ot dushi», «dushevno», «v dushu» (chin yurakdan, samimiy) soʻzlari ishlatiladi.

Zona hayotiga biroz moslashib olganingizda toʻsatdan tintuv (jargonda “shmon”) oʻtkaziladi. Ayrim talqinlarga koʻra, “shmon” soʻzi Sharqiy Yevropa yahudiylari tili boʻlmish “idish” (qadimiy ivrit va nemis tillari aralashmasi) tilida “sakkiz” raqamini anglatadi. Chor Rossiyasi davrida qamoqxonalarda har kuni soat sakkizda kameralarda tintuv oʻtkazilgan. Shu tariqa “soat sakkizda oʻtkaziladigan tintuv” oʻrniga “shmon” soʻzi ishlatilgan.


Jinoyat olamidagi tabaqalar. 2-maqola


Shuningdek, "pojaluysta" (marhamat) soʻzi ham nomaqbul. Chunki bu soʻz oʻzagida oʻgʻrilar “ponyatiye”lariga koʻra, "jaloba", "jalovatsya" (shikoyat, shikoyat qilish) maʼnolari yotadiki, bu ham zonada yaxshi ish hisoblanmaydi.

Zonada ovqatlanib turgan mahbusga “yoqimli ishtaha” ham deyilmaydi. Chunki rus-sovet-postsovet qamoqxonalarida beriladigan ovqat ishtaha bilan yeyiladigan ovqat boʻlmagan hech qachon. “Yoqimli ishtaha” deyish masxara qilishga oʻxshab qoladi. Aytgancha, zona jargonida ovqat - "balanda", kamera temir eshigidagi ovqat uzatiladigan tor darcha - "kormushka", deb ataladi. Mahbuslar kormushkani "onam" deydi hatto.

Ayrim zonalarda “ishlar qalay” deyilmaydi. Chunki (jinoyat) ishlari prokurorda boʻladi. Shuningdek, “isbotlab bermoq” (dokazat) ham prokurorga tegishli atama boʻlgani bois, uning oʻrniga asoslab (yoki keltirib) ber (obosnovat) soʻzi ishlatiladi.

Albatta, past kastalarga bogʻliq kozyol, petux, chert, sherst kabi soʻzlar ham nomaqbul soʻzlar hisoblanadi. Bu boradagi mantiqsizlik shu darajaga yetganki, voyaga yetmaganlar jazoni oʻtaydigan koloniyalarda karam yeyish va bu soʻzni ishlatish “zapadlo” (taqiqlangan). Chunki karam -- echki (ruscha –kozyol)ning yemishi!

Agar mahbusni boshqa kamera yoki zonaga oʻtkazishsa, uning “xatadosh”lari bilan xayrlashuv soʻzlari ham jargonda boshqacharoq yangraydi. Zonada hech qachon “do svidaniya” (xayr) deyilmaydi, balki “proщay” alvido, deyiladi. Birinchidan, qamoq oʻgʻrilar uchun “uy” deyilsa-da, “volya”da – ozodlikda yurgan maʼqul. Mazkur xayrlashuv goʻyoki “yana shu yerda uchrashguncha xayr”, deya yomon niyat sifatida salbiy qabul qilinadi. Shuningdek, “svidaniye” – bu xotin yoki qarindoshlar bilan uchrashuvni anglatuvchi "muqaddas" soʻz. Demakki, begona erkakning “do svidaniya” deyishi gʻalati eshitiladi.

Yana bir versiyaga koʻra, “do svidaniya” soʻzida goʻyo “sviditel” (guvoh) soʻzi ham mavjud. Oʻgʻrilar ponyatkasida boshqalarning jinoyatiga qarshi guvoh boʻlish nomaʼqul ish hisoblanadi.


Jinoyat olamidagi tabaqalar. 3-maqola


Qolaversa, zonada krujka emas, "xapok"da suv ichasiz, derazaga emas – "reshka"ga (panjaraga) qaraysiz, yerga emas, "pyatak"ka, stol emas, "obshak" qoʻyasiz.

Shu bilan birga, zonada volyadagi kabi ortiqcha mulozamat va xushmuomalalik yaxshi qabul qilinmaydi. Bunday odam shu tariqa oʻzini mahbuslardan yuqori tutayotgandek yoki oliftalik qilib, oʻzining kimligini koʻrsatgisi kelayotgan odamdek taassurot qoldiradi.

Fenya nega paydo boʻlgan?

Ehtimol “qamoqxonada ham ozodlikdagi kabi sidirgʻa gaplashsa nima qilarkin, nega bu yerda odamlar boshqacha tilda gaplashar ekan?” degan savol ham tugʻilishi mumkin.

Avvalo, koʻpchilik gaplashadigan tildan tashqarida gaplashish nafaqat jinoyat olamida, balki ijtimoiy hayotning boshqa qatlamlarida ham ishlatiladi. Masalan, turli kasb egalari – shifokorlar, neftchilar va axborot texnologiyalari xodimlari boshqalar tushunmaydigan atama va tushunchalar bilan gaplashadi.

Jargonlar har xil boʻladi:  Respekt! (hurmat bilan salom berish maʼnosida – lekin mahbuslar gaplashmaydigan boshqa jargonda) Hoy saqoqush, supurgingga qara! (Hoy, bezori, soʻkinmasdan, ogʻzingga qarab gapir. (zona jargonida)

Qolaversa, qamoqxona kichik va tor olam. Bu yerda odamlar 1 yildan 25 yilgacha boʻlgan uzoq muddatlarda 5-10 (ayrim kamera yoki baraklarda 50-70) nafar odam bilan uzzu-kun bir xonada oʻtirishadi, vaqt oʻtkazishadi. Qiladigan ish yoʻq, yagona ovunchoq – suhbatlashish. Boshqalarni urib-soʻkib, aldab boʻlmaydi. Faqat gapdan “ushlash”, gap bilan “yedirish” qoladi xolos. Bunday sharoitda aynan shu jihat rivojlanishi tabiiy.

Umuman olganda, jargon (frans. jargon. – safsata) – biror ijtimoiy guruhning oʻziga xos leksikasi, fonetikasi va grammatikasi bilan umum soʻzlashuv tili va mahalliy dialektlardan farq qiladigan tili hisoblanadi. Jargon tegishli ijtimoiy muhitda yuzaga keladi va shular manfaatiga xizmat qiladi. Talabalar, harbiy xizmatchilar va boshqa kasb egalarining jargonlari shular jumlasidan.

Jargon ham leksik, ham uslubiy jihatdan turli-tuman, tez oʻzgaruvchan, barqaror boʻlmaydi. Macalan, yoshlar orasida «ketdim» oʻrnida «sirpandim», «pul» oʻrnida «soqqa», «dollar» oʻrnida «koʻk»; sanʼatkorlar orasida «xizmat uchun haq olmaslik» oʻrnida «tom suvoq», «pul» oʻrnida «yakan» va hokazo jargon soʻzlari qoʻllaniladi.

Jargonlar qaysi ijtimoiy guruh orasida yuzaga kelgan boʻlsa, deyarli faqat shu guruh vakillari uchun tushunarli boʻladi, shu toifadagilarning vaziyat, sharoit taqozosiga koʻra, boshqalardan yashirin tutiladigan maqsadlariga xizmat qiladi.

Qisqa qilib aytganda, jargondan birinchi maqsad – oʻzaro suhbatlarning atrofdagilarga tushunarli boʻlmasligiga erishish. Zonalardagi kontingent asosan jinoyatchilardan iborat boʻlgani bois, ular oʻz reja va maqsadlarini odamlar qulogʻidan pinhon tutish ehtiyoji shu kabi maxsus soʻzlashuv uslubi paydo boʻlishiga olib kelgan.

Kriminal olam jargoni oʻgʻrilar tilida “fenya”, (“fenka”) deb ataladi. Shuningdek, “blatnaya muzыka” (blat musiqasi) ham deyiladi. Garchi "musiqa" deb atalsada, uni zona romantikasini kuylaydigan, jinoyatchilar muhitining ogʻir hayoti va tartib-qoidalarini tavsiflaydigan, shanson janridagi qoʻshiqlar (blatnoy folklor, blatnoy shanson, blatnyak) (Rossiyada XIX asr oxirlarida paydo boʻlgan va SSSR davrida toʻlaqonli norasmiy janr sifatida takomillashgan janr) bilan aralashtirmaslik kerak.

Zona jargoni (“fenya”) paydo boʻlishi XVII asrlarda Rossiyada “korobeynik” (qutichilar) yoki “ofenya”lar – yelkaga osiladigan qutichaga mayda-chuyda tovarlar – nina, ip, oyna, duo kitoblari, dastroʻmolcha, teri karmon, ikona ipak, pishloq, kolbasa, uzuk, surat va boshqa jihozlarni solib, eshikma-eshik, koʻchama-koʻcha yurib sotadigan mayda savdogarlar (attorlar) jargoni bilan bogʻliq.

“Korobeynik”lar shaharma-shahar yurishgani bois, koʻpincha oʻgʻri va talonchilarning qurboni boʻlishgan – ularni urishgan, tovarlari va pullarini tortib olishgan. Natijada atrofdagilar qaysi tovarni qayerdan, kimdan va necha pulga olishgani, qayerdan kelib, qayerga ketishgani haqidagi maʼlumotlarni “qogʻozga oʻrab” jargonda gapirishgan. Bu nafaqat oʻgʻrilar, balki xaridorlarni chalgʻitish uchun ham kerak boʻlgan.

Shu tariqa “ofenya”larning oʻziga xos jamiyati, yozilmagan qonun-qoida va tili – “fenya” paydo boʻldi.

Yosh “korobeynik” – mayda savdogar. (XIX asr).

Ofenyalarning kriminallashuvi

“Ofenya” tilining yaralish uslublari kriminal jargon “fenya” paydo boʻlishiga taʼsir qilgan. Rus tilshunos olimi V.I.Dal oʻzining “Qoʻlyozma lugʻatlar” (“Rukopisnыe slovari. (Ofenskoye, sherstobitov, mazurikov)” kitobida yozishicha, “ofenya” tili garchi rus grammatikasiga asoslansa-da, oʻziga xos feʼl, sifat, ot, olmosh va sonlarga ega boʻlgan. Hatto shaharlarning nomlari ham shifrlangan. Masalan Moskva – Batusa yoki Batusiya, deb atalgan. Galich shahri – Galevon deyilgan va hokazo.

Yana bir tilshunos – Petr Simon Pallasning “Barcha til va shevalarning qiyosiy lugʻatlari” (Sravnitelnыe slovari vsex yazыkov i narechiy, 1787 g.) yozilishcha, ofenya Suzdal va Vladimir gubernyalari shevalariga nemis, yahudiy (idish), grek, fin-ugor, ukrain va turkiy tillardan kirib kelgan soʻzlar vositasida morfozaga uchragan.

Bundan tashqari, ofenya savdogarlari ruscha soʻzlarining birinchi boʻgʻiniga ku, shi, tur, shlya, sha, na va boshqa maʼnosi yoʻq qoʻshimchalarni qoʻshib, yangi, tushunarsiz soʻzlar yasashgan. Masalan, zoloto (oltin) – kuzloto, selo (qishloq) – turlo, znakomiy (tanish) – shlyakomiy, nojnitsi (qaychi) – julnitsiga aylangan va hokazo.

Shuningdek, ayrim harakat, sifat va jarayonga oid soʻzlardan yangi soʻzlar yasalgan. Masalan, vitka – pravda (haqiqat), svetlaxa (yorugʻlik) – xona va hokazo.

Shu bilan bir qatorda ofenya tilida yangi oʻzak soʻzlar oʻylab topilib, uni rus tili moroflogiyasi boʻyicha oʻzgartirishgan va begona odamlar tushunmaydigan til yasalgan. Albatta, bu jarayon bitta oʻtirishda, darrov amalga oshilmagan. Ofenya tili vaqt oʻtishi bilan boyib, oʻzgarib borgan. Ofenyalar ruscha soʻzlarni ham buzib, tushunarsiz qilib gapirishgan.

Ofenyalarning kriminallashuvida XVII asr oʻrtalarida Rusda roʻy bergan diniy boʻlinish taʼsir koʻrsatgan. Bir guruh dindorlar – “starover” (eskicha, asl iymon tarafdorlari) yoki “raskolnik”lar (boʻlginchilar) paydo boʻldi. Ularning duo kitoblari va ayniqsa ikonalari boshqacha boʻlib, yashirincha sotilgan. Bunday savdo sotiq hukumat tarafidan taqiqlangan. Qolaversa, “staroverlar” davlat qoʻli yetib bormaydigan uzoq oʻrmonlar va qishloqlarga koʻchib ketishgan. Ularga tovar va ikonplarni yetkazib berish bezinesi ham “korobeynik” ofenyalar qoʻliga oʻtib, maxfiy va juda daromadli biznes sohasi paydo boʻldi. Ofenyalar staroverlarga ikonalar sotishdan tashqari, eski ikonalarni arzon sotib, keyin kolleksionerlarga qimmatga sotishgan.

Ikona va duo kitoblarini sotib yurishgani bois ofenyalarni “bogotaskalshik” (diniy narsalarni ortmoqlab yuruvchi) deb ham atashgan.

Shu tariqa, ofenyalar odamlardan ham, politsiyadan ham qochib, xavfsirab yurishga majbur boʻlishgan.

Ofenyalar oʻz xavfsizliklarini taʼminlash uchun, qolaversa, ayrim hollarda tovarlarni oʻgʻirlik va firibgarlik yoʻli bilan tekin yoki arzon olish uchun jinoyatchilar bilan til biriktira boshladilar. Ular sodda, qishloqi dehqonlarni chuv tushirib, aldab ketishni ayb emas, jasorat va ustamonlik deb hisoblay boshlashdi. Dehqonarni “lox” (polyak tilida “lox”, ukrain tilida “volox” – dehqon degani) qilishgani bilan faxrlana boshladilar.


Tatularning turlari va maʼnolari. 4-maqola


Ofenyalar aldov va firibgarlik yoʻliga ham oʻtib olishdi. Masalan, ular ikonalarni soxtalashtirishgan. Greklar qimmatbaho yogʻochlardan ikona ramkalari yasashgan. Ofenyalar esa arzon yogʻoch – lipa daraxtidan olib, uni qimmatbaho yogʻochlar rangiga boʻyashgan. Shu tarzda jargonda LIPA – “lipoviy” – “qalbaki” degan soʻz paydo boʻlgan. Masalan, oʻgʻrilar jargonida ham qalbaki hujjatni “lipa” deyishgan.

“Blatnoy musiqa”ning tugʻilishi

Shu orada jinoyatchilarning oʻz jargoni paydo boʻlib, tizimlasha boshladi. Bu jargonni oʻgʻrilar hazil aralash “fenya” deb atashgan. Kriminal olam, 19-asrdan boshlab (idish – nemis tilidan “blat” soʻzi kirib kelgach), shuningdek, oʻz jargonlarini “blatnaya muzika” deb ham atashgan.

Oʻgʻrilar jargonidagi ilk atamalar ofenyadan oʻtgan. Chunki “ofenya”va “fenya” qatlamlari vakillari deyarli teng darajadagi ijtimoiy qatlamlar boʻlgan, ular oʻrtasida umumiy munosabatlar yoʻlga qoʻyilgan.

V.I.Dalning yozishicha, “poytaxtda (Sankt-Peterburgda – mual.) mazurik deb ataladigan firibgar, choʻntakkesar va oʻgʻrilar” oʻz tillarini yaratishgan boʻlib, u faqat tor doiradagi oʻgʻrilar va ularning jinoyatlariga tegishli boʻlgan. Ular tilida ofenyalar bilan umumiy soʻzlar ham boʻlgan.

Oʻgʻrilar bu tilni bayka tili yoki musiqa deb atashgan. “Musiqani bilish” – jargonni tushunish, “musiqa boʻyicha yurish” – oʻgʻrilik bilan shugʻullanish, degan maʼnolarni anglatgan”.

Lekin “botat po fene” oʻgʻrilar jargonida gapirishni bildiradi. Masalan, lox (laqma, sodda qurbon), paxan (paxanya – xoʻjayin), kich (qamoqxona) soʻzlari shunday atamalar sirasiga kiradi

Jargondagi soʻzlarning paydo boʻlishi atrofdagi siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlardan taʼsirlanadigan tirik jarayon boʻlgan. Masalan, jargondan rus omma tiliga ham koʻchib oʻtgan “babki” yoki “katki” (pul) soʻzini olaylik. Rus imperatori Yekaterina Ikkinchi davrida zarb etilgan 100 rubllik yangi kupyuralarda imperator xonimning suratlari tushirilgan. Uni jinoyatchilar va keng omma “ayol” yoki “kampir” (babi) surati tushirilgan qogʻozlar maʼnosida “babki”, shuningdek, Katya (yaʼni Yekaterina) surati tushirilgan “katki” jargon soʻzlari paydo boʻlgan. Aslida oʻgʻrilar jargonida sigan (loʻli) tilidan oʻtgan “lave” soʻzi ishlatilgan. Shuningdek, turkiy tillardan olib, altin, bashlik kabi soʻzlar ham qoʻllanilgan.

Temir yoʻl, Odessa va yahudiylar: oʻgʻrilar jargoniga nima aloqasi bor?

XIX asr boshlarida Rossiyada temir yoʻllar qurilishi jadallashdi. Tobora uzoq oʻlkalar va markazni bogʻlovchi transport aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Endi tovarlarni uzoq-uzoqlarga ham olib borish mumkin boʻlib qoldi. Ofenyalar bozori kasod boʻla boshladi. Qolaversa davlat va soliq idoralari ham ofenyalarni hisobga olish va nazorat qilishga oʻtdi.

Shu davrda Usmoniylar imperiyasidan tortib olingan Hojibey shahrining nomi Odessa deb oʻzgartirildi. 1794 yil 27 may kuni Imperator xonim Yekaterina Ikkinchi turk qalʼa shahri Hojibey oʻrnida Rossiya imperiyasining Qora dengizdagi asosiy port shahri – Odessani tashkil etish haqida farmon chiqardi. Tez orada yangi tashkil etilgan Novorossiysk general-gubernatorligi markaziga aylangan bu shahar 1819 yilda turli toʻlovlardan xoli erkin port shaharga – “porto franko”ga aylantirildi. Natijada savdo rivojlandi. Bu yerda xorijlik savdogarlar, ayniqsa, Gʻarbiy va Sharqiy Yevropadan kelgan yahudiy hamda greklar ham koʻpayib qoldi. Pulning “hidini olgan” rus savdogarlari, fohishalari, savdogarlari, siganlari va albatta kriminal faoliyat subʼektlari ham Odessaga guruh-guruh boʻlib koʻchib oʻta boshladi.

Odessa porti. XIX asr.

Shuni taʼkidlash kerakki, Odessada avvaldan yashagan va Yevropadan yangi koʻchib kelgan yahudiylar oʻzaro idish tilida soʻzlashgan. U paytlarda yahudiylar ruslar tomonidan taʼqib etilgani bois, politsiya va davlat mansablariga ishga olinmagan. Natijada yahudiy savdogarlari idish tilidan shifrlangan jargon oʻrnida foydalanishgan. Ular bilan muloqot qilgan rus savdogarlari va jinoyatlari ham bu tildagi soʻzlarni oʻzlashtirishni maʼqul koʻrishgan. Shu tariqa kriminal “fenya” jargonida idish va u orqali nemischa soʻzlar koʻpaya boshladi. Kent (doʻst, hamkasb), frayer (olifta, erkin odam), shuxer (shovqin, toʻpolon), kipish (janjal), blat, blatnoy (imtiyozli, vakolatli), ksiva (hujjat - idish tilida ktiba (arabcha kitob - "yozma hujjat") soʻzlari ham Odessa shahrida kriminal “fenya” tarkibiga oʻzlashtirilgan.

Ishora jargoni

Jargonda faqat soʻzlashuv tilida emas, ishoralar orqali ham muloqot qilish mumkin. Buni “blatnoy semafor” yoki “qoʻl fenyasi”deb atashadi. Tiqilinch avtobusda ketayotgan ikki choʻntakkesar gaplashmasdan, tovush chiqarmasdan bir-biriga ishoralar beradi. Yoki koʻchada yurganda odamlar eshitib qolmasligi yoki ularning sherik ekanini payqamasliklari uchun qoʻl ishoralari yoki yuz mimikalari bilan bir-birilariga maʼlumot berishadi.

 

Masalan, yuqoridagi suratda yuziga 2 barmogʻini qoʻysa, “bizni kuzatishyapti” degani. Agar (goʻyoki toʻpponchani ifoda qilib) ikki barmogʻini yonboshiga qoʻysa, bizni militsiya xodimi yoki oper kuzatyapti, degan maʼnoni anglatadi.

Yoki koʻrsatkich barmogʻi bilan yerga ishora qilsa, “shimning orqa choʻntagini koʻr” degan maʼlumotni beradi va hokazo.

Oʻgʻrilar jargonining omma tiliga transformatsiyasi

Chor Rossiyasi davrida oʻgʻrilar jargoni fenya faqat tor jinoyatlar uchun tushunarli boʻlgan. Biroq 1930-yillarda amalga oshirilgan Stalin repressiyalari davrida millionlab odamlar koʻp yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. SSSRning turli hududlaridan kelgan odamlar uchun Stalin lagerlari oʻziga xos jargon universitetlari vazifasini oʻtadi. Stalin oʻlganidan keyin SSSRda hayot yaxshilandi. Ayrim siyosiy-gumanitar erkinliklar tiklandi. Millionlab siyosiy mahbuslar oqlanib oʻz yurtlariga qaytishdi. Fenyaga oʻrganib qolgan sobiq mahbuslar muloqot natijasida jargon soʻzlarini omma tiliga ham “yuqtirishdi”. 

Buning ustiga, koʻplab siyosiy mahbuslar – olim va yozuvchilar ham Stalin qamoqxonalarida oʻtirib chiqishgani bois, ularning biografik asarlarida koʻplab jargon soʻzlar ishlatildi. Bu jargon soʻzlarining kitobxonlar va xalq orasiga tarqalishiga sabab boʻldi.

Bu jargon soʻzlar keyinchalik yoshlar va keng omma tiliga oʻtib, mahalliylashdi. Ularning ayrimlari hatto rus adabiy tiliga ham oʻtib, rasmiy-ilmiy lugʻatlardan joy oldi.

“Toʻgʻri odamlar” “chefir” ustida “yurak”dan “fenya”da “bozor qilishmoqda”. (Yaʼni, oʻgʻrilar oʻta achchiq choy ichib, jargonda suhbatlashmoqda).  Photo by: Anatoliy Kuzyarin / TASS

Jargondan nima foyda?

Zonada jargonni yaxshi biladigan oʻqituvchi va tarjimonlarning hurmati baland boʻladi. “Turma pochtasi” (bu haqda keyingi maqolalarda oʻqiysiz – mual.) orqali joʻnatiladigan xat va topshiriqlar – “malyava” hamda “progon”lar faqat va faqat “fenya” jargonida yoziladi.

Jargonni bilish huquqni muhofaza qilish xodimlari uchun kasbiy foyda keltiradi. Jargonni tushunadigan oper yoki nazoratchi mahbuslar oldida oʻzgacha hurmatga ega boʻlishadi odatda. Shu sababdan, SSSR davrida tegishli xodimlar uchun, faqat xizmatda foydalanish uchun maxsus “fenya” lugʻatlari ham chop etilib, undagi soʻzlar maʼlum davr oraligʻida yangilanib turiladi.

 

 

Oʻgʻrilar jargoni boʻyicha lugʻatlar ilmiy-ommabop kitoblar shaklida ham chop etiladi.

 

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+