AQSh Eron nishonlariga zarba berishni boshladi
Bu Iordaniyada halok boʻlgan askarlar uchun javob ekani aytilmoqda.

AQSh Markaziy qoʻmondonligining rasmiy bayonotiga koʻra, 2 fevral oqshomida Amerika samolyotlari Iroq va Suriya hududida bir qancha zarbalar berdi.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, zarbalar Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi va unga aloqador qurolli guruhlarga qarshi amalga oshirgan.
“Bizning javobimiz bugun boshlandi. Bu oʻzimiz tanlagan vaqt va joyda davom etadi. Qoʻshma Shtatlar mojarolarni Yaqin Sharqda yoki dunyoning boshqa joylarida qidirmayapti. Ammo bizga zarar yetkazmoqchi boʻlgan har bir kishiga javob beramiz”, — dedi prezident Jo Bayden.
Shuningdek, AQSh tomoni Eron hududiga hech qanday hujum boʻlmasligini taʼkidlagan. Vashington rasmiy Tehronni Yaqin Sharqdagi AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi boʻlgan jangari boʻlinmalarni qoʻllab-quvvatlashda ayblamoqda.
AQShning javobi Iordaniyada amerikalik askarlarning dron hujumi natijasida halok boʻlishidan besh kun oʻtib sodir boʻlmoqda. Harbiy ekspertlarning fikricha, javob zarbasini kechiktirish orqali Qoʻshma Shtatlar Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan jangarilarga kerakli taʼsir oʻtkazishga erisha olmasligini mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Eron atrofidagi keskinlik asosan 3 yanvar kuni Kirmon shahridagi teraktdan boshlandi. Ushbu teraktda 103 kishi halok boʻldi. Shundan soʻng Eron Suriya, Iroq va Pokiston hududlarida zarba berdi.
Buning ustiga bir necha kun avval Iordaniyada uch nafar amerikalik askar dron hujumi oqibatida halok boʻldi. Yana oʻnlab kishilar jarohatlandi. Prezident Bayden hodisa yuzasidan bayonot bilan chiqib, javob albatta boʻlishini aytgandi.