Raqamli texnologiyalar vazirligi rahbariyatini taniysizmi?
Piyoda yurishni xush koʻruvchi kamyob amaldorlardan biri Sherzod Shermatov va uning oʻrinbosarlari haqida qiziq maʼlumotlar.
Bu vazirlik 2015 yil 4 fevraldagi prezident farmoniga muvofiq, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi negizida tashkil qilingan. 2022 yil 24 dekabrdagi farmon bilan Vazirlar Mahkamasi tizimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkil etilgan. Keyinroq uning nomi Raqamli texnologiyalar vazirligiga oʻzgardi.
Vazir Shermatov Sherzod Xotamovich 1977 yil 7 aprelda Toshkent shahrida tugʻilgan. 2021 yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan. Oilali, 4 nafar farzandi bor.
Sherzod Shermatov Aloqa sohasidagi hududiy hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar aloqa maʼmuriyatlari rahbarlarining kengashi raisi etib saylandi. Bu tashkilotga 30 yildan ortiq Rossiya raislik qilgan va Oʻzbekiston vakili ilk marotaba saylanmoqda.
Mehnat faoliyati
- 1993-1998 yillarda Toshkent davlat texnika universitetini, 1998-2000 yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlari Yale universitetini tamomlagan;
- 2000 yilda Moliya vazirligi Valyuta iqtisod bosh boshqarmasi bosh iqtisodchisi;
- 2001-2002 yillarda Vazirlar Mahkamasi yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi;
- 2004-2005 yillarda Birlashgan millatlar tashkiloti va Oʻzbekiston hukumati “Raqamli rivojlanish tashabbusi” taraqqiyoti dasturi koordinatori;
- 2005-2005 yillarda Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari yordamchisi;
- 2005 yilda qisqa muddat Birlashgan millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi va Oʻzbekiston hukumati “Oʻzbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish” loyihasi rahbari;
- 2005-2008 yillarda Bilimlarni boshqarish va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yechimlari boʻyicha maslahatchi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Samarali boshqaruv boʻlimi rahbari;
- 2008-2010 yillarda Vazirlar Mahkamasi apparati axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti shuʼba mudiri;
- 2010-2012 yillarda Prezident devoni Tashkiliy-kadrlar xizmati yetakchi inspektori, bosh inspektori;
- 2012-2014 yillarda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari;
- 2014-2016 yillarda Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori;
- 2016-2017 yillarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari;
- 2017-2018 yillar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi;
- 2018 yilda qisqa muddat Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari;
- 2018-2021 yillarda Xalq taʼlimi vaziri;
- 2021 yildan Raqamli texnologiyalar vaziri;
- 2021 yil Aloqabank kuzatuv kengashi raisi.
Qiziq maʼlumot
Sherzod Shermatov Xalq taʼlimi vaziri sifatida faoliyat yuritgan kezlarda uning rahbarligida 2020 yil 14 noyabr kuni Qarshi shahrida taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazilgan va oliy taʼlim muassasalariga birorta ham bitiruvchisi oʻqishga kirmagan 191 ta maktab direktorlari faoliyatiga baho berilgan. Uzoq yillar davomida faoliyat koʻrsatib, ammo natijaga erishmagan 20 nafar maktab direktori ishdan olingan.
Bundan tashqari, Sherzod Shermatov Xalq taʼlimi vaziri sifatida faoliyat yuritgan kezlarda avtomobilsiz kun loyihasi doirasida bir necha kilometrni piyoda yurib, ishga borgan va boshqa amaldorlarga oʻrnak koʻrsatgan.
Birinchi oʻrinbosar Pekos Oleg Andreyevich 1988 yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan. M.A.Bonch-Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universitetida “Axborot tizimlari va texnologiyalari muhandisi” mutaxassisligi boʻyicha tahsil olgan.
Oʻrinbosar Maxsudov Jamol Tilloyevich 1972 yilda Buxoro viloyati Peshku tumanida tugʻilgan.
Oʻrinbosar Karimjonov Rustam Olimjon oʻgʻli 1987 yil 10 dekabrda Qirgʻizistonda tugʻilgan. Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari, Xalqaro ACSB – Association to Advance Collegiate Schools of Business (AACSB – biznes maktablarini rivojlantirish assotsiatsiyasi) – maʼlumotlariga koʻra, 2021 yilning eng nufuzli yetakchi lideri sifatida eʼtirof etilgan, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sohibi. Koreya Respublikasi Xalqaro Solbridj universiteti magistri.
Vazir maslahatchisi Sobirova Kamola Shavkatovna 1983 yil 13 iyunda Toshkent shahrida tugʻilgan. AKT vazirligida yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish hamda Oʻzbekistonni Mintaqaviy IT markaziga aylantirish yuzasidan targʻibot ishlarini amalga oshirish boʻyicha faoliyat olib boradi.
U mashhur shoir Shavkat Rahmonning qizi. Bundan tashqari, rus, ingliz va ispan tillarini biladi. Oilali va 4 nafar farzandi bor.
Axborot xizmati rahbari Axmatov Sherzod Mirzajaxonovich 1980 yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan. 2004 yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. 2019 yilda Xankyon milliy universiteti (Koreya Respublikasi) magistraturasini bitirgan.
2019 yildan beri Sherzod Axmatov vazir matbuot kotibi sifatida ishlab keladi.
Maftuna Yodgorova tayyorladi.
Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi