Qamoqxona choparlari: pochta xizmati. 6-maqola

Zonalardagi kontrabanda, har xil buyurtmalarni olib kirish va chiqish va boshqalar haqida.

Tahlil
23-fevral, 20:02
Qamoqxona choparlari: pochta xizmati. 6-maqola

Inson hamma narsaga koʻnikadi. Agar xoʻrlashmasa, qonunsizlik va adolatsizlikdan jabr chekmasa, hatto qamoqxonaga ham koʻnikib qoladi. Biroq qarindosh va yaqinlaridan uzoqligi, ular bilan muloqot cheklanganidan baribir iztirob chekadi. Bir hisobdan, ozodlikdan mahrum etishning mohiyati ham shunda: mahkumni jamiyatdan ihota qilish, uni yaqinlari bilan aloqalarini cheklagan holda jazolash, qilmishidan pushaymonlik his qilishi va jinoyat yoʻliga boshqa qaytmasligini taʼminlashga va tarbiyalashga urinishdan iborat. Garchi tarbiyalash soʻzi bu yerda biroz oʻrinsiz boʻlsa-da. Sababi, baʼzi oʻgʻrilar qamoqxonalarni tarbiya makoni emas, “oʻgʻrilar akademiyasi” yoki “kurort” deb atashadi. Bu yerda haqiqiy jinoyatchilar “malaka” oshirib, “kasbiy” faoliyatlari uchun kerakli tanish-bilishlarini koʻpaytirish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Norasmiy muloqotga ehtiyoj sabablari

Toʻgʻri, hozirgi qamoqxonalar avvalgi zindonlar kabi qarindosh va doʻstlardan butunlay uzib tashlashni nazarda tutmaydi. Mahbusning jinoyati va u jazo oʻtayotgan maskandagi ichki tartibdan kelib chiqqan holda, amaldagi qonunchilikka muvofiq, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlar, xat yozishmalari va telefon soʻzlashuvlari, yaqinlari olib kelgan isteʼmol tovarlari – “peredacha”ni olish kabi imkoniyatlar yaratilgan, albatta. Faqat mahkum yoki mahbus qamoqxona qoidalarini buzgan hollarda bunday muloqotlardan mahrum etilishi mumkin. Qolaversa, qonunchilikka muvofiq holatlarda yozishmalar va soʻzlashuvlar “senzor” va nazoratchilar tomonidan oʻqilishi, hamma mahsulotlar ham nazorat postidan oʻtkazilmasligi gumonlanuvchi va mahbuslarga yoqmaydi. Noqonuniy tovarlar (sim-karta, telefon, taqiqlangan moddalar, oʻtkir tigʻli buyumlar va arqon, sim kabi narsalar) esa umuman oʻtkazilmaydi. Ruxsat berilgan mahsulotlarning soni va hajmi ham cheklangan.


Qizil, qora va yashil “zona”lar. 1-maqola


Buning ustiga, tergov izolyatorlarida oʻtirgan mahbuslarda bunday imkoniyatlar deyarli yoʻq. Ayniqsa, ayrim noqonuniy hollarda tergov ostidagi shaxsga kuchli ruhiy bosim oʻtkazish, qoʻrqitish, aldab boʻlsa-da, iqrornoma yozdirib olish maqsadida dastlabki 10-20 kunda uning oldiga hatto advokati ham kiritilmasligi holatlari uchragan.

“Yoʻllar” bor ekan, xatada telefon doim boʻladi.  Foto: Ridus.

Koʻrsatmalarni muvofiqlashtirish maqsadi

Xufyona tarzda xabarlashuv va mahsulot oʻtkazishga ehtiyoj tergov izolyatoridayoq boshlanadi. Biror jinoyat ishi yuzasidan bir necha kishi ushlangan yoki qamoqqa olingan boʻlsa, ularning dastlabki surishtiruv va tergov chogʻidagi beradigan koʻrsatmalari bir xil chiqmasa, tergovchida ularning rostligiga shubha uygʻonishi mumkin. Shu bois tergov ostidagi guvoh va gumonlanuvchilar koʻrsatmalarini oʻzaro muvofiqlashtirib, kelishib olishga muhtoj boʻlishadi. Telefon yoki xat, yoki biror vositachi orqali buni amalga oshirish mushkul.

Kriminal olamni boshqarish maqsadi

Keyingi noqonuniy zaruriyat esa zonadagi “qonundagi oʻgʻri”larning ozodlikdagi “blatnoy”lar va boshqa mahbuslarni boshqarish uchun buyruq va tavsiyalar – “progon” chiqarishi bilan bogʻliq. Tabiiyki, bunday mazmundagi, aytaylik, norozilik, sabotaj va “bunt” koʻtarishga chaqiriqlar aks etgan bunday xatlar rasmiy va qonuniy yoʻl bilan umuman oʻtkazilmaydi.

Qamoqxona nazoratchilari qiynoqqa solib zoʻrlagan mahbuslarni “opushenniy” deb hisoblamaslik haqida 2021 yilda “qonundagi oʻgʻrilar” Rossiya zonalariga tarqatgan progon.

Shikoyat va arizalar joʻnatish maqsadi

Yana bir zaruriyat esa oʻzini siyosiy sabablarga koʻra qamalganini yoki ushlab turilgani – tergovga tortilganidan norozi boʻlgan shaxslar inson huquqlari boʻyicha turli xalqaro tashkilotlarga murojaat va ariza topshirishga urinadi. Bu xatlarning ham adresatga yetib borish ehtimoli deyarli yoʻqligi bois boshqa samarali yoʻl va usullarni oʻylab topishga toʻgʻri keladi.

Qamoqxona pochtasi turlari

Shu bois mahbuslarning oʻzlari izolyator va qamoqxonalarda ham tashqi olam va ichki aloqa uchun turli vositalarni oʻylab topishgan. Garchi bunday taqiqlangan aloqalarning oldini olish va aybdorlarni jazolash koʻzda tutilgan boʻlsa-da, bir necha yillardan beri bunday usullar mavjud va aksariyat hollarda ulardan muvaffaqiyat bilan foydalanib kelinmoqda.

Qamoqxona “pochtasi”ni jargonda “zona telegrafi”, “ot yoki tulpor” deb ham atashadi. Lekin aksariyat hollarda “yoʻllar” deyishadi.

Zonada “Yoʻl, oʻyin, obshak – qora zoni ustunlari”, “Yoʻl boʻlmasa – hayot yoʻq”, “Yoʻl – bu muqaddas” kabi maqollar toʻqilgan.

“Yoʻllar”ning bir necha turlari bor:


Jinoyat olamidagi tabaqalar. 2-maqola


“Oyoq” bilan. Qamoqxonada nazoratchilar yoki ishi yuzasidan qamoqxona ichida nisbatan erkin harakatlanib yuruvchi shaxslar yordamidan foydalaniladi. Ular maʼlum haq evaziga mahbuslarga istalgan buyum yoki xatlarni yetkazib berishadi. Bunday imkoniyatga ega shaxslarga hech qanday mahbus zarar qila olmaydi. Ularni orziqib kutishadi. Hatto ular tegib boʻlmaydigan va gaplashish mumkin boʻlmagan past kasta – “opushenniy” yoki “obijenniy”larga mansub esa-da, ular bilan bemalol salomlashib, gaplashib, oldi-berdi qilishadi. Oʻgʻri qonunlarining nomuttasilligi va mantiqsizligi shu kabi misollarda ham namoyon boʻladi.

Albatta, eng qulay, ammo chiqimdor usul – qamoqxona nazoratchilari va amaldorlarining ogʻzini moylab, pulga sotib olib ishlatishdir. Agar nazoratchilarni sotib olishning iloji boʻlmasa, tovlamachilik yoʻliga oʻtiladi. Zonalarda maxsus mahbuslar jazoni ijro etish muassasasi xodimlarining obroʻsini toʻkishi mumkin boʻlgan faktlar – “kompromat”larni yigʻishadi. Yoki ularga pora berib, fohishalar yoki geylar bilan birga ataylab uchrashuvlar uyushtirib, “jarayonni xufyona videoga olishadi (hozir bu usulni hamma bilib qolgani bois samarasiz). Yoki shaxsiy va oilaviy hayotdagi biror nozik sirlarini bilib olib, tarqatish bilan tahdid qilishadi. Bunday kompromatlar vositasida kerakli odamlar shantaj qilinadi, maxsus shart va topshiriqlarni bajarishga majburlanadi. Kriminal olam yetakchilari zonalardagi xufyona agentura tarmoqlari yordamida koʻpgina ishlarni amalga oshiradi. Hatto ayrim holatlarda nazoratchi va boshliqlarning xonalariga maxfiy eshitish qurilmalarini tashlab qoʻyib (farrosh va boshqa xizmatchilar orqali) ularning suhbati va telefon soʻzlashuvlarni eshitish holatlari ham uchragan. Shuningdek, telefon simlariga ulanib, boshqa shaharlar bilan bemalol gaplashishgan.

“Etap” orqali. Maʼlumki, mahbus butun jazoni ijro etish davomida bitta joyda qolmaydi. Maʼlum tartib va sabablarga koʻra uni boshqa zonalarga yoki izolyatorlarga ham joʻnatishadi. Zeklar mana shu “etapchi”lar orqali ham boshqa zonalarga “yuk”lar joʻnatishadi.

Albatta, mahbuslarni yoʻlga chiqish oldidan, yoʻlda va manzilga yetib borgach, astoydil tintishlarini hamma yaxshi biladi. Shu bois joʻnatmani kiyimlar, poyafzal, shaxsiy va gigiyena buyumlari va hokazolar orasiga sezdirmasdan joylashga harakat qilishadi. Yoʻqotilmasligi kerak boʻlgan qimmatli “yuk”lar esa germetik gʻilofga (koʻpincha rezina buyumlarga) ixcham qilib oʻraladi va uni mahbus yutib yuboradi. Bunday “oʻqlangan” kurer mahbuslar etap davomida ovqat yemaydi va kam suv ichadi. Soqchilar bunday usulni yaxshi bilishadi va ovqat yemay qoʻygan zeklarga alohida eʼtibor qaratishadi. Ular uchun sinchkovlik bilan va yechintirgan holda tintuvlar oʻtkazishadi.


Jinoyat olamidagi tabaqalar. 3-maqola


Ip “yoʻllar” – “havo” orqali

“Havo yoʻli” – bu deraza orqali devor sirtidan tortilgan ingichka arqonlar tarmogʻidir. Kiyimlardan, ayniqsa, jun kalavadan toʻqilgan sviter va paypoqlardan sitib olib, uzun arqon qilishadi. Keyin esa shu arqonlar orqali qopchalarda yoki paypoqda hamda gazetadan yasalgan va non yelim yordamida yopishtirilgan quvurchalarni yonbosh, past va tepa qavatdagi kameralarga (baʼzan boshqa binolarga) tortib oʻtkazishadi. Ayrim qamoqxonalarda kameralarning joylashuvini chizib (“globus”), u orqali kerakli buyum va xatlarni yetkazadigan mutaxassis mahbuslar ham boʻladi. Baʼzi qamoqxonalarda esa navbatchilik asosida tuni bilan uxlamasdan pochtachilik qilishadi. Bunday odamlarni “yoʻlchi” deb atashadi.

“Yoʻllar” orqali joʻnatilayotgan “malyava”.

Albatta, nozirlar va ichki ishlar xodimlari muntazam bunday yoʻllarni qidirib-topib, uzib, yoʻq qilib tashlaydi. Ammo “yoʻl”larni tez tiklab olishadi. Agar nozirlar sotib olingan boʻlsa, koʻrib-koʻrmaganga olishadi.

“Yoʻl” tortilmagan kameralarni “boʻsh xata” deb atashadi. Odatda bunday kameralarda past mastga oid mahbuslar oʻtirishadi. “Yoʻllar” orqali xat – “malyava”, spirtli va tamaki mahsulotlari, choy, shakar, konfetlar, telefon, quvvatlagich, sim-karta, pul, narkotik va boshqa mahsulotlar oʻtkaziladi.

“Malyava”lar baʼzan ochiq, baʼzan shifrlab yoziladi. Masalan, harflar tartibsiz yozilgan boʻladi. Ammo har bir soʻzning, aytaylik, faqat toʻrtinchi yoki beshinchi harflarini olib, oʻqisangiz maʼnosi kelib chiqadi.

Yoki qogʻozdan panjara kabi teshilgan maxsus trafaretlardan foydalanishadi. Turli harflar tushirilgan qogʻoz ustida ushbu trafaret qoʻyilsa, keraksiz harflar yopilib, faqat koʻrinib turgan harf va soʻzlarni oʻqish mumkin boʻladi. Yoki ayrim hollarda maxsus kimyoviy modda bilan biror bezarar xat yoki surat ustiga yoziladi. Bir pas turib yozuv gʻoyib boʻladi. Keyin uni qizdirish yoki boshqa kimyoviy modda surtish bilan yozuvlari yana ochiladi.

Aylanishga yoki ishga chiqqan mahbuslar devorlarda tushunarsiz belgilar qoldiradi. Bu yozuvlar orqali qachon va qanday aloqaga chiqish usullari xabar qilinadi.

“Yoʻllar” orqali tovar yoki xat joʻnatishdan oldin “yoʻlchilar” devor yoki quvurlarni Morze alifbosiga oʻxshash, ammo boshqacha uslubdagi taqillatish orqali bir-birlariga xabar berishadi. Buni jargonda “turma alifbosi” deyishadi.


Tatularning turlari va maʼnolari. 4-maqola


Ayrim qamoqxonalarda bu kabi “havo yoʻl”larini koʻrib koʻrmaganga olishadi. Chunki ular yoʻq qilinsa, mahbuslar ilojsizlikdan devor yoki shiftni teshishlari mumkin.

Devor orqali – kabura bilan. Ayrim hollarda (nozirlarga sezilmasligi uchun) karavot – shkonka ostidan (yon kamera uchun), yoki yerdan (pastdagi kameraga) va shiftda (tepadagi kameraga) teshiklar ochiladi.

Maʼlumki, qamoqxonaga turli metal uskuna, pichoq, arqon va simlarni kiritish taqiqlangan. Lekin mahbuslar ular qoʻllarida bor materiallardan – baklajka, kiyim, dastroʻmol, yopinchiq, non, suv, sovun, tish pastasi, qoshiq, ruchka korpusi, bir martalik soqol olish uskunasi va hokazolardan unumli foydalanishadi. Masalan, devor yoki shiftni teshishda poyabzal poshnasidagi temircha sugʻurib olinib, uni temir krujka bilan urib, oʻtkirlab, arracha yoki pichoqcha yasaladi. Keyin u bilan temir karavotdagi quvursimon joylari arralab olinadi. Olingan temir quvur yoki armatura bilan ikki kamera oʻrtasidagi devor teshiladi. Bu teshikka musht sigʻsa kifoya. Sekin-astalik bilan harqancha narsani oʻtkazib yuborsa boʻladi.

Bu teshikni nozirlar payqab qolishsa, uni yana sementlab, suvab oʻtirishmaydi. Chunki uning qurib, qotishini kutish kerak. Shu bois devorning ikki tarafidan temir palastina qoʻyilib, armatura orqali tutashtirib, kavsharlab tashlanadi.

Ayrim zona afsonalariga koʻra, baʼzida odam sigʻadigan teshiklar ham ochilgan va ular orqali hatto fohishalarni ham olib kirish mumkin.

Braziliyadagi qamoqxona devorini teshib qochishga uringan, biroq tiqilib qolib, chiqa olmay qoʻlga tushgan mahbus.

Agar tashqaridan va devorni teshib “yoʻl tortishning iloji boʻlmasa, ikki xatadagi “yoʻlchi” hojatxona unitazi va kanalizatsiya quvurlari orqali ip tashlab, suv quyib yuborilib, iplarning biriga chuvalashib ulanishiga erishadi va yangi yoʻl ochadi. Bu usulni jargonda “suvli yoʻl” yoki “hoʻl yoʻl” deb atashadi. Tasavvur qiling, ishlab turgan axlat quvurlari orqali oziq-ovqat va xatlar almashinadi. Albatta, ular suv oʻtmas qilib yaxshilab oʻralgan boʻladi. Odatda kamera temir eshigidagi tuynuk – “kormushka”ga “zashkvar” – xarom narsalarni qoʻyishni “zapadlo” hisoblovchi zeklar hojatxona tubidan ana shu tarzda yegulik olib oʻtishga majbur boʻlishadi baʼzan.

Gazeta va sellofan qopchalarga oʻralgan pochta joʻnatmalarining ustiga qaysi xatadan ekani va qaysi xata uchun moʻljallangani, shaxsiy yoki hamma uchun moʻljallangani yozib qoʻyiladi.

Manzili yozilgan “yuk”. 57-kameradan 93-kameraga ketmoqda. Tezlik bilan joʻnatish kerak. 9 raqami esa zeklar kelishib olgan maxsus kod (aytaylik, “yukda” shirinliklar bor, degan maʼnoni bildirishi mumkin).

Agar “xata”lar derazasi koʻchaga qaragan boʻlsa, tashqaridan “yuk” otishadi. Koʻpincha “yuk”lar “promzona” – “rabotyaga” mujiklar ishlaydigan hududga otiladi. Buning uchun palaxmonlardan foydalanishadi. Palaxmon uchiga buyumni qoʻyib, yaxshilab aylantirib ichkariga otiladi. Ammo ozodlikdagi joʻnatma otuvchi sheriklarga ham qiyin. Baʼzan tunda militsiya xodimlari ularni poylab, ushlab oladi va oʻlasi qilib kaltaklaydi yoki maʼmuriy, agar yonlaridan noqonuniy buyumlar – qurol yoki narkotik modda topilsa, jinoiy ish ochishadi.

Agar tashqariga chilvir tashlash yoki “malyava”larni tashqariga uzoqroqqa otish uchun shalvar yoki ich kiyimdan sitratib olingan rezinkani deraza panjarasiga bogʻlab, hosil boʻlgan “rogatka” orqali otishadi. Bu usulda bemalol 50-60 metr masofaga yetkazsa boʻladi. Keyin tashqaridagi sheriklari ipning narigi uchini ushlab olib, kerakli yukni bogʻlab, ipni bir siltab qoʻyib, ishora berishadi. Xatadagilar uni ichkariga tortib olishadi.


Qamoqxona soʻzlashuv tili – jargon. 5-maqola


Baʼzan boʻsh plastmassa idishlar – “baklajka”lar yoki qogʻozlarni oʻrab quvurlar yasaladi. Yoki kunduzgi yorugʻlik lampasi shiftdan yechib olinib, uning ikki cheti va ichi olib tashlanadi va shisha quvurga aylantiriladi. Quvurning uchiga xat yoki ip tugunini oʻrnatib, bor nafas bilan tepaga yoki tashqariga karnaydan puflagandek puflab otishadi. Narigi tarafdagi mahbus yoki ozodlikdagi sherik uni tutib olib, joʻnatmani bogʻlaydi. Mahbuslar ipni qayta tortib olishadi. Yoki ayrim hollarda kamon yasab, “yuklar” yoki ip uchini kamon oʻqiga bogʻlab otishadi.

“Yoʻllar” orqali nafaqat yegulik oʻtadi...

“Yoʻllar”dan istalgan narsani olib oʻtish mumkin. Masalan, Rossiyadagi ayrim ogʻir rejimli qamoqxonalarda yotgan mahbus ayollar bola tugʻishni istashadi. Bu ayol atrofdagi erkak nozir yoki boshqa erkak mahbuslar bilan noqonuniy uchrashishning imkonini qidiradi. Bu yoʻl bilan yoki tabiiy yoʻl bilan homilador boʻlish mahbuslarga foyda keltiradi: homilador mahbuslarning jazo muddati kamaytirilishi, amnistiyaga tushishi, yoki muddatidan oldin ozod qilinishi mumkin. Shuningdek, homilador mahbusni jazoni davom etirishi uchun umumiy rejimdagi koloniya yoki manzil koloniyaga joʻnatishlari mumkin.

Agar bu mahbus tugʻsa, uni bolasi bilan birga “Ona va bola uyi” mavjud umumiy rejimdagi koloniyaga joʻnatishadi. Bola uch yoshga toʻlgach, uni bolalar yetimxonasiga yoki qarindoshlari qoʻliga tarbiyalashlari uchun joʻnatishadi. Onasi esa yengilroq rejimdagi koloniyaga “etap” qilinadi.

Bolalar onalarini qutqaradigan makon.

Hatto Isroil qamoqxonalarida yotgan falastinliklar ham shu yoʻldan foydalanishar ekan. Maʼlumki, shafqatsiz va qonxoʻr yahudiy askarlari falastinlik mahbuslarga xotinlari bilan uchrashuvga ruxsat bermaydi. Yoki xotinlari chegaralar aro oʻtib bora olishmaydi. Uchrashgan taqdirda ham 10 daqiqadan koʻp vaqt berilmaydi. Shuningdek, er va xotinning bir-biriga yaqinlashishlariga yoʻl qoʻyishmaydi. Shu bois falastinlik mahbuslar xufyona yoʻllar bilan xotinlari klinikaga borib, sunʼiy urugʻlantirish amaliyotini oʻtkazishgan.

Kreativlik qamoqda ham zarur

Maʼlum boʻladiki, mahbuslar oʻz ishlarini bitirish uchun turli gʻoya va yoʻllarni oʻylab topishadi.

Qamoqxonadan chiqariladigan xatlarning nozirlar tomonidan oʻqilishi haqida latifalar ham paydo boʻlgan. Aytishlaricha, bir ayolning yolgʻiz, uylanmagan oʻgʻli qamalib qoladi. Oʻgʻlini koʻrgani kelgan ona, bahor kelgani, ekin uchun tomorqani shudgor qilish yoki chopishga qiynalayotganini aytib noliydi. “Mayli onajon, xafa boʻlmang, bir yoʻlini toparmiz” deya uni yupatadi oʻgʻil.

Onasi ketgach, yosh mahbus onasiga xat yozadi. “Ona, puldan qiynalgan boʻlsangiz, tomorqamizga yarim metr chuqurlikda tillalar koʻmib qoʻyganman. Oʻshani kavlab olib, tanishlar orqali sotib ishlating”, deb yozadi xatida. Oradan bir hafta oʻtib, onasidan xat keladi. “Oʻgʻlim, tomorqadan xavotir olma. Uyimizga bir mashina melisalar kelishdi. Mendan soʻrab ham oʻtirmasdan, bir pasda tomorqamizning hamma joyini chuqur qilib kavlab, tuproqlarini mayin qilib shudgorlab ketishdi. Baraka topishsin ilohim”.

Yoki yana bir latifada aytilishicha, bir qamoqxonada nozirlar juda shafqatsiz boʻlishgan, mahbuslarni qiynash va kaltaklashni oʻzlariga odat qilib olishgan ekan. Faqat bir mahbusga tegishmas ekan. Unga imkon qadar yordam berishar ekan. Qolgan mahbuslar bundan ajablanib, hech kim tegmaydigan mahbusdan buning sirini soʻrashibdi. “Buning siri yoʻq, – debdi mahbus, – shunchaki sizlar uyga xat yozsanglar, bu yedagi sharoitlardan nolib, shikoyat qilib xat yozasizlar. Men esa nozirlarni maqtayman. Juda mehribon va odil nozirlar deb yozaman”.

Tashqi dunyoga xabar chiqarishning boshqa usullari ham qoʻllaniladi. Masalan, tergov izolyatorida barcha yozuv va qogʻozlari tekshiriladigan, doimiy va toʻla tintuv qoʻllanilib, sutkasiga 24 soat videokuzatuv kamerasi nazoratida turgan bir gumonlanuvchi jurnalistga oʻz advokati bilan uchrashuvi uchun 10 daqiqadan koʻp vaqt berilmagan. Uchrashuv paytida ham nozirlar ular bir-biriga qogʻoz yoki boshqa narsalar bermasligini kuzatib turishgan. Shu bois gumonlanuvchi gazeta uchun yozgan maqolasini kameraga teskari qaragan holda, ruchka pastasiga sezilmaydigan shaklda oʻragan. Advokat bilan uchrashuv paytida ikkovi ham bir xil ruchkalarni stolga qoʻyishgan va goʻyoki qizgʻin bahslashgan kabi qoʻllarini silkitib bahslashishgan. Nozirlarning chalgʻiganidan foydalangan advokat ularning koʻzini shamgʻalat qilib, gumonlanuvchining ruchkasini oʻzi bilan olib ketgan. Keyin darrov ruchka pastasiga oʻralgan maqolani gazetaga yetkazgan.

Bugungi voqelik

Albatta, yuqoridagi usullar eski davrlarga xos. Hozirgi davrga kelib mahbuslar yangi texnologiyalar va shaxsiy kurer xizmatlaridan ham faol foydalanishmoqda. “Xata”larda hozir noqonuniy olib kirilgan telefon, planshet va noutbuklar ham mavjud. (Telefon, kompyuter va internet – zonadagi noqonuniy bizneslar uchun kerak. Bu haqda shu turkumdagi keyingi maqolalarda oʻqishingiz mumkin – mual.) Shuningdek, xatalarga tashqaridan “yuk” kiritishda kvadrokopter va dronlardan ham foydalanishmoqda.

Zona avtoritetlari endi qiynalmasdan telefon va internet orqali bemalol oʻz jinoiy va shaxsiy ishlarini amalga oshirishmoqda. Masalan, qaysidir mahbuslarni jazolash, past “mast”ga oʻtkazish, ayrim blatnoylarga toj kiydirib, “qonundagi oʻgʻri” maqomini berish, yaqin zamonlardan esa turli jinoiy bizneslarni boshqarishni ham telefon vositasida uddasidan chiqishmoqda.

“Zek” xat yozmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+