Oliy taʼlim vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

Bu vazirlik 2023 yil 1 yanvarda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi negizida tashkil qilingan.

Jamiyat
20-fevral, 21:20
Oliy taʼlim vazirligi rahbariyatini taniysizmi?

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi dastlab 1959-1971 yillarda Oʻzbekiston SSR oliy taʼlim vazirligi nomi bilan yuritilgan. Keyinroq nomi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga oʻzgartirilgan.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa 2023 yil 1 yanvardan boshlab Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi negizida tashkil qilingan.

Vazir Sharipov Kongratbay Avezimbetovich 1963 yil 24 martda Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tumanida xizmatchi oilasida tugʻilgan. Texnika fanlari doktori.

1980 yilda Qoʻngʻirot tumanidagi Pushkin nomidagi oʻrta maktabni tamomlagan. 1980-1981 yillarda Qoʻngʻirot paxtachilik sovxozida avtomexanik boʻlib ishlagan. 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakultetiga oʻqishga kirgan.

1986-1987 yillarda Qoʻngʻirot paxtachilik sovxozida mexanizator boʻlib ishlagan. 1988 yilda V.P.Goryachkin nomidagi Moskva qishloq xoʻjaligi muhandislari institutida oʻqituvchi boʻlib ishlagan, 1989-1992 yillarda aspiranturaning kunduzgi boʻlimida tahsil olgan. 1992 yildan beri texnika fanlari nomzodi. 1992 yil 20 yanvarda “Ultrafiltratsiya usulida foydalanilgan sanoat moylarini qayta tiklash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Mehnat faoliyati

  • 1992-2003 yillarda TIQXMMI traktorlar va avtomobillar kafedrasi oʻquv ustasi, assistenti, dotsenti, laboratoriya mudiri (2002-2003), Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakulteti dekani oʻrinbosari (2001-2002);
  • 2003-2007 yillarda Toshkent DEU markazi bosh direktori (2005-2008 yillarda “Avtomobillar va avtomobil texnologiyalari” kafedrasi professori lavozimida yarim stavkada ishlagan);
  • 2007-2009 yillarda “TOShAFUS” Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma korxonasi bosh direktori;
  • 2009 yil “JM Uzbekistan” YoAJ bosh direktori;
  • 2009-2010 yillarda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori;
  • 2010-2017 yillarda Turin politexnika universitetining moliya va iqtisod boʻyicha birinchi prorektori;
  • 2017-2019 yillarda Turin politexnika universiteti rektori;
  • 2019 yil Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari;
  • 2019-2024 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori;
  • 2024 yildan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri.

Kongratbay Sharipov 1 nafar fan doktori va 6 nafar falsafa doktori tayyorlagan, 450 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi, 8 ta darslik, jumladan, 14 ta yakka va hammualiflikda monografiyalar nashr ettirgan va keng jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻlgan.

Birinchi oʻrinbosar Karimov Komiljon Hamidovich BMT, YuNESKO va YuNISEFda turli lavozimlarda ishlagan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida rivojlanish masalalari bilan shugʻullangan.

Toshkent xalqaro Vestminster universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori sifatida faoliyat olib borgan.

Oʻrinbosar Turdikulova Shaxloxon Utkurovna 1973 yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Biologiya fanlari doktori, professor. 1995 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi milliy universitet)ni tugatgan. 2002-2005 yillarda AQShning Kaliforniya universitetida doktoranturada taʼlim olgan.

Oʻrinbosar Buzrukxonov Sarvarxon Munavarxonovich 1969 yilda tugʻilgan. 1993 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi.

Qiziq maʼlumot

2020 yil Sarvarxon Buzrukxonov kontrakt toʻlovi 18 foizga oshirilganiga oʻz munosabatini bildirgandi: "2019 yil sentabr oyidan ish haqi, nafaqalar stipendiyalar 10 foizga oshirildi, lekin kontrakt toʻlovlari 18 foizga koʻtarildi. Aslida xarajatlarga monand toʻlovlar ham 74 foizga oshirilishi kerak edi. Ammo toʻlanayotgan kontrakt puli talabalarning ijtimoiy himoyasi hisoblanadi. Shuni hisobga olib kontrakt toʻlovi atigi 18 foizga oshirib qoʻyildi".

Axborot xizmati rahbari Abduqunduzova Nazokat Usmonqulovna 1975 yili Namangan viloyatida tugʻilgan.

Qiziq maʼlumot

U Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimning qizi. U Nazokat Azim taxallusi bilan ijod qiladi. Mohir tarjimon, rus va ingliz tillaridan oʻzbek tiliga badiiy tarjimalar bilan shugʻullanadi. Davriy nashrlarda maqolalari, ocherklari bilan muntazam ravishda chiqishlar qiladi, badiiy asarlari, tarjimalari chop etilgan. Gʻafur Gʻulom nashriyotida «Qahvaxoʻr qizlar» deb nomlangan kitobi, Maryam Yoqubovaning “Davrim va davram” biografik romani, Goʻzal Yaxinaning “Zulayho koʻzini ochyapti” tarjimalari nashr etilgan. «Oʻzbektelefilm» buyurtmasiga asosan ikkita 20 seriyali 2 ta koʻp qismli telefilmlar («Orzular fasli», 2016 y., «Dugonajonlar» 2018 y.) ssenariylari muallifi. Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Shuningdek, u Oʻzbekiston (1997) va Qoraqalpogʻiston (2000) xalq artisti, aktyor va rejissyor Muhammadali Abduqunduzov hamda "Shuhrat" medali sovrindori Valentina Abduqunduzovaning kelini hisoblanadi.

Maftuna Yodgorova tayyorladi.

 


Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi


Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi


Favqulodda vaziyatlar vazirligi


Investitsiyalar vazirligi


Qurilish vazirligi

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+