Antistrumin ishlab chiqargan kompaniya litsenziyasini toʻxtatish ortga surildi
Kuzda bir qator viloyatlarda doridan zaharlanish kuzatilgandi.

Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida "Samo" MChJ (Antistrumin dorisi ishlab chiqaruvchisi)ga berilgan litsenziyani bekor qilish masalasi koʻrib chiqildi. Yakuniy qarorga koʻra, litsenziya rasman bekor qilinmay, ishni koʻrib chiqish ortga surilgan.
Maʼlumki, Chust tumanidagi sodir boʻlgan zaharlanishdan soʻng, Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi vaziyat yuzasidan surishtiruv boshlagandi. "Samo" MChJga 2022 yil 18 avgustdan 30 noyabrgacha boʻlgan davr mobaynida antistrumin dori vositasini ishlab chiqarish guvohnomasiga ega boʻlmagan tayyorlash va realizatsiya qilish ayblovi qoʻyilgan.
"Oʻzbekiston Iqtisodiy protsessual kodeksining 101-moddasi birinchi qismiga binoan sud ishini toʻxtatib turishga qaror qilingan. Jumladan, 2024 yil 9 yanvardagi sud muhokamasi 2024 yil 19 yanvarga qoldirildi.
Sudning 19 yanvardagi ajrimi bilan javobgarning ish yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosi qanoatlantirilib, zaharlanish boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv-tergov ishlari yakunlandi, yakuniy sud hujjati qabul qilingunga qadar iqtisodiy ish boʻyicha ish yuritish toʻxtatildi", deyiladi sud maʼlumotnomasida.
Eslatib oʻtamiz, oldinroq “Samo” MChJ bilan bogʻliq shubhali shartnomalar eʼlon qilingandi. Shuningdek, “Samo” MChJ taʼsischilaridan biri Nodir Yunusov AQSh bojxona va immigratsiya nazorati xizmati tomonidan qidiruvga berilgani haqida xabar bergandik. U odam savdosi va firibgarlikda ayblangan.
Sentabr oyida Chust tumanida ommaviy zaharlanish kuzatilgan, keyinroq bu holat Andijonda ham sodir boʻlgan. Vaziyat esa prezident tomonidan nazoratga olingan. Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari esa bolalar ovqat yo doridan zaharlanmaganini aytgandi.