Tatularning turlari va maʼnolari. 4-maqola

Aksariyat mahbuslar Lenin va Stalin suratini chizdirishgan. Chunki Lenin yoki Stalinni “nishonga” olgan xodim kamida ishdan boʻshashi, hatto ataylab otgan degan ayb bilan qamalib yoki otilib ketishi ham mumkin edi.

Tahlil
13-yanvar, 14:34
Tatularning turlari va maʼnolari. 4-maqola

Ayrim odamlar orasida oʻzligini namoyon qilish, oʻz qarashlari, maqsadlari, shaxsiyatini koʻrsatish uchun tanasiga turli suratlar chizdirish keng tarqalgan. Tatuirovka (tatu) fransuz tilidagi tatouer yoki taiti tilidagi tatau soʻzlaridan olingan. Jinoyatchilik olami vakillarining rus jargonida esa tatu “nakolka” (“sanchib tushirilgan”) deb ataladi.

Tatu chizdirishda bitta yoki bir nechta igna bilan badanda izchil nuqtachalar teshiladi va ustidan rangli (asosan qora) kukun yoki siyoh quyiladi. Natijada jarohat bitgach, bir umr ketmaydigan surat paydo boʻladi.Chizilgan surat vaqt oʻtishi bilan rangpar boʻlib qolishi mumkin, lekin batamom oʻchib ketmaydi.

Bir marta tatu chizdirgan odam vaqt oʻtishi bilan undan qoniqmaydi va yana chizdirgisi kelaveradi. Bora-bora oʻzini toʻxtata olmaydi va butun tanasini surat bilan toʻldirishi mumkin. Bu oʻziga xos maniyaga aylanadi.

Tarixchilar eng qadimgi tatu izlari eramizdan avvalgi VII asrlarga mansubligini aniqlashgan.

Yevropada esa oʻrta asrlardan boshlab tatu qoʻllanila boshlagan. Avval qullarning peshonasi yoki badaniga turli tamgʻalar tushirilgan. Keyinchalik askar, dengizchi va mahbuslarga tegishli taniqlilik belgilari chizilgan.

Qanday vaziyatlarda tatu taqiqlanadi?

Odatda jiddiyroq tashkilotda jiddiyroq lavozimda ishlash talabida boʻlgan odamlardagi tatu ish beruvchini choʻchitishi mumkin. Agar tatu badanning kiyim yopib turadigan aʼzolarida boʻlsa, darrov payqamasliklari ehtimoldan xoli emas. Biroq yuz va badan tozaligi talab qilinadigan model biznesida, bank sohasida va huquqni muhofaza qilish hamda harbiy idoralarda xizmat qilishni istovchi odamlarda tatu boʻlishi taqiqlanadi.

“Nakolka” – koʻngilxushlik emas

Tatu –boshqa odamlar uchun shunchaki koʻngilxushlikning bir turi boʻlsa, jinoyatchilar uchun “nakolka” chizdirish jiddiy va masʼuliyatli jarayon hisoblanadi. “Zona”larda har bir surat uchun “javob bera” olish kerak. Ayrim suratlar jinoyatchining obroʻsini ifodalasa, ayrim suratlarga avval munosib boʻlish lozim. Har bir “nakolka” oʻziga xos maʼno kasb etadi.


Qizil, qora va yashil “zona”lar. 1-maqola


“Nakolka” jinoyatchilar yoki ularga havas qiluvchi ijtimoiy qatlamning oʻzligini namoyon etish vositasi boʻlish bilan birga, kriminalistlar hamda huquqni muhofaza qilish tizimi xodimlari uchun yaxshigina maʼlumot xaritasi vazifasini bajarishi ham mumkin. Tatu suratlari jinoyatchining “oʻgʻrilar olami”dagi mavqe va maqomi, qayerlarda va qancha muddat, necha marta (“xodka”), Jinoyat kodeksining qaysi moddalari boʻyicha qaysi jinoyatlarga qoʻl urgani hamda “nakolka” egasining xarakateri va hokazolardan hikoya qiladi. “Nakolka” bu jinoyatchining pasporti va tarjimai holi, uning qiziqishlari, manfaatlari, hayotiy qarashlari va dunyoqarashini ifodalovchi oʻziga xos maʼlumotnoma. Shuningdek, “qonundagi oʻgʻri” maqomiga koʻtarish va “toj kiydirish” marosimi uchun nomzodning “nakolka”lari avval yaxshilab qarab chiqiladi. “Notoʻgʻri” yoki shubhali nakolkalari bor jinoyatchining bunday orzusi puchga chiqishi ham mumkin.

Nakolkalar chizdirish nafaqat postsovet davlatlaridan chiqqan jinoyatchilarga, balki boshqa xalqlarning, jumladan, yapon jinoyatchilik olami vakillari – yakudzalarga ham xos holat hisoblanadi. Ular VIII asrdan beri shunday tamaddunga amal qilishadi.

Nakolkalarni oʻqiy oladigan va chiza oladigan odamlar oʻgʻrilar olamida qoʻshimcha obroʻga ega boʻladi. Ularni oʻgʻri jargonida “kolshik” (sanchuvchi), aniqrogʻi, “zona kolshigi” deb atashadi, chunki “nakolka”lar asosan zonalarda chiziladi.

“Nakolka” chizish ignasi jargonda «peshnya» (tigʻ), «pchelka» (aricha), «shpora» (sanchqi) va «jalo» (nish) deb ataladi. Mexanik yoki elektr soqol olish ustarasidan yasalgan nakolka urish apparati esa «mashinka», «bomashinka», «tikish mashinasi» va boshqa nomlar bilan ataladi. Siyohni «mazut» yoki «loy» deb atashadi. “Nakolka”ning oʻzini esa «reklama», «regalka» (qayd yozuvi), «raspiska» (yozuvcha), «kleymo» (tamgʻa), «portachka» va boshqa atamalar bilan nomlashgan. Yomon, sifatsiz chizilgan nakolka «partak» deb ataladi. Bu koʻpincha tatu ustasining tajriba va bilimi yoʻqligi yoki sifatsiz siyoh va uskunalardan foydalanishi oqibatida yuz beradi.

“Kolshik” “nakolka” chizmoqda.

“Nakolka”ning ham foydasi tegadi... baʼzan

“Nakolka” nafaqat jinoyatchi haqida maʼlumot beradi, balki uni tanib olish uchun ham yordamlashadi. Masalan, oʻgʻirlik yoki boshqa jinoyat sodir etilganida jabrlanuvchi uning tanasidagi biror “nakolka”ni eslab qolsa, jinoyatchini qidirish va topish ancha osonlashadi. Shu bois IIV jinoyat qidiruv boʻlinmalaridagi jinoyatchilar haqidagi maʼlumotlar bazasiga uning tanasidagi “nakolka”lar ham kiritiladi. Yoki biror nomaʼlum murda topilsa, uning tanasida saqlanib qolgan “nakolka”lar marhumning shaxsini aniqlash uchun foydali boʻladi.

Umuman olganda, kriminal olamdagi yozilmagan qonunlarga koʻra, birorta ham “nakolka”si yoʻq mahbusga shubha va past nazar bilan qarashadi. U xuddi qargʻalar toʻdasidagi oq qargʻaga oʻxshab ajralib turadi.


Jinoyat olamidagi tabaqalar. 2-maqola


Kezi kelganda taʼkidlash kerak, aksariyat jazoni ijro etish muassasalarida oʻrnatilgan tartibga koʻra, mahbuslarga “nakolka” urish taqiqlanadi. Chunki qamoqxona tatu saloni yoki tibbiy tashkilot emas. Bu yerda sanitariya-gigiyenaga rioya etilmasligi oqibatida boshqalardan keyin tozalanmagan igna orqali OITS, sifilis, qoqshol, gepatit, sil kabi jiddiy kasalliklarni yuqtirib olish xavfi ham mavjud. Yoki igna qoldirgan jarohat bitmasdan, jiddiy jarohatga aylanib ketishi mumkin.

“Nakolka” – faqat surat emas

“Nakolka” deganda faqat surat chizdirishni tushunmaslik kerak. Baʼzan shunchaki soʻzlar, qisqartma soʻzlar yoki abbreviaturalar, ayrim hollarda raqamlar teriga chiziladi. Yoki yozuv hamda suratlar kombinatsiyasi ham chizilishi mumkin.

Soʻzlar

Masalan, oyoqqa chiziladigan “Yoshligim shunday oʻtib ketdi" (panjara surati fonida chiziladi), "Ular charchashdi", “Koʻp xato qildim” soʻzlari tatu sohibining afsuslanayotganini bildiradi.

Yoki tananing tepa qismiga qoʻngʻiroq surati tushirilib, tagiga “Ozodlikka chiqqan kunim jarangla” deb yozilsa, bu mahbusning ozodlikka chiqishni orziqib kutayotganini anglatadi.

Agar “Ot” soʻzi bilan “Do” soʻzi orasiga qoʻngʻiroq surati chizilgan boʻlsa, bu jinoyatchining “Jiringlashdan jiringlash”ga toʻliq (amnistiya yoki muddatidan oldin shartli ozod qilish imkoniyatisiz) “oʻtirib chiqqani”ni anglatadi. Chunki ozodlikdan mahkum etilgan mahbus qamoqxona eshigidan kirayotganida, darvozalar ochilishidan oldin qoʻngʻiroq jiringlashi eshitiladi (boshqa nozirlarni eshik ochilgani haqida ogohlantirish maqsadida) – bu mahbus uchun birinchi qoʻngʻiroq boʻladi. U qamoqdan jazo muddatini oʻtab boʻlgach, chiqib ketayotganida eshik ochilishi uchun jaranglagan qoʻngʻiroq tovushi uning uchun shu safardagi (“xodka”da) oxirgi qoʻngʻiroq boʻladi. Shu tariqa mahbus “Ot zvonka – do zvonka” – jiringlashdan-jiringlashgacha toʻliq oʻtirib chiqqan boʻladi.

Amnistiya (avfi umumiy) bilan ozod etilgan mahbuslarning ayrimlari (juda kam hollarda) xatjild koʻtarib ketayotgan qushcha rasmini chizdirishadi. Biroq qush “nakolka”sini chizdirishda ham nihoyatda ehtiyot boʻlish lozim. Chunki qushni xoʻroz deb talqin qilishlari mumkin. Xoʻroz esa “petux”, “opushenniy” va “obijenniy”lar badaniga majburan chizdiriladi.

Shuningdek, “Yana uydaman”, “Qamoq – mening uyim” kabi “nakolka”lar qamoqxona romantikasidan mast boʻlib yurgan mahbusdan darak beradi.

Ayrim turdagi nakolkalarga mahbus jazoni oʻtaydigan muassasa yoki mintaqa hamda shaharlarning nomlari yoziladi.

Baʼzi mahbuslar koʻzlari tepasidagi qovoqlariga “Ne budi” (uygʻotma) soʻzlarini chizdirishadi. Bu tatu egasining xavfli odam ekani, unga tegmaslik, uxlagan paytida bezovta qilib uygʻotmaslik kerakligini anglatadi. “Uygʻotma” – mening jahlimni uygʻotma, maʼnosini ham bildiradi. Bunday nakolkali odam uxlagan paytida ham goʻyo sergakdek, atrofdagi vaziyatni kuzatib turgandek taassurot uygʻotadi.

Bu yozuvlarni tushirayotganda igna koʻzga kirib ketmasligi uchun qovoqlari ostiga oddiy qoshiq tiqib qoʻyiladi.

Qisqartma soʻzlar (abbreviatura)

Shu bilan birga, qamoqxona maʼmuriyati “tirgʻalmas”ligi uchun ayrim shior yoki soʻzlar qisqartma shaklida tushiriladi.

Bunday yozuvlar asosan mahbusning hayotiy shiorlari yoki maqsadlarini ifodalaydi. Ular ham xuddi suratlar kabi “jinoyatchilik pasporti” vazifasini oʻtashi mumkin.

Baʼzi qisqartma soʻzlar oʻqilganda oddiy soʻz boʻlib koʻrinsa-da, turli maʼnolarni ifodalaydi. Masalan, SLON qisqartma soʻzini olaylik. Bir qarashda bu “fil” maʼnosini bildiradi. Hech kim eʼtiroz bildirmaydi.

Grodno (Belarus) shahridagi “Qamoqxona muzeyi” manekeni.

Uni bir qancha maʼnolarda tushunish mumkin:

S malыxLyetOdni Nyeschastya, yaʼni «yoshligimdan beri faqat baxtsizlik ichidaman»

Yoki:"Solovetskiy Lager Osobogo Naznacheniya" – Solovets maxsus lageri. (Bu bilan Stalin qamoqxonalarida “oʻtirib” chiqqan mashhur rus yozuvchisi Aleksandr Soljenitsinga nisbat beriladi.

Yoki SLONning yana boshqa muqobil ifodalari:

  • «Smert legavыm ot noja» - Huquqbonlarga pichoqdan oʻlim.
  • «Sovetskiye lagerya osobogo naznacheniya» - Alohida muhim sovet lagerlari.
  • «Slava Leninu — otsu nashemu» - Otamiz Leninga shon-sharaflar.
  • «Sidevshiye lyudi ochen naglыe» - “Oʻtirib” chiqqan odamlar juda surbet boʻlishadi.
  • «Suka lyubit ostrыy noj» - “Suka” oʻtkir pichoqni yaxshi koʻradi.

Soʻz oʻrniga surat

Baʼzan qisqartma soʻzlarni ham surat shaklida chizdirishadi. Bunda 2 karra “shifrlash” hosil boʻladi. Masalan, JUK soʻzlaridan iborat “nakolka”larni koʻp uchratish mumkin. Bir qarashda bu soʻz “qoʻngʻiz” degani. Biroq u “Jyelayu Udachnыx Kraj” soʻzlarining qisqartma shaklidir. Bu choʻntakkesar yoki umuman oʻgʻri jinoyatchiga tegishli yozuv. Agar oʻgʻri boʻlmagan odam shunchaki chiroyli koʻrinsin, degan maqsadda bunday tatu chizdirsa, “zona”ga tushib qolganida “yolgʻon maʼlumot” berayotgani uchun uni jazolashlari mumkin. Koʻpincha JUK deb yozdirish oʻrniga qoʻngʻiz suratini tushirishadi va bu ham oʻgʻrini bildiradi. Biroq qoʻngʻiz (ayrim hollarda oʻrgimchak) oʻrgimchak toʻri bilan birga chizilsa, tatu egasining narkoman ekanini anglatadi. Agar oʻrgimchak tepaga chiqib ketayotgani aks etgan boʻlsa, bu odam hozir ham giyohvand, agar pastga qarab tushib kelayotgani aks etsa, “nakolka” sohibi bu zararli odatini tashlagan.

Boshqa bir talqinga koʻra, oʻrgimchak surati oʻrgimchak toʻri bilan chizilsa ham narkoman emas, jinoyatchilik faoliyatini anglatadi. Agar oʻrgimchak tepaga chiqib ketayotgani aks etgan boʻlsa, bu odam haliyam jinoyat koʻchasidan qatymagan, agar pastga qarab tushib kelayotgani aks etgan boʻlsa, “nakolka” sohibi tuzalish yoʻliga oʻtgan.

Yana bir keng tarqalgan yozuv KOT ( “mushuk”) boʻlib, «Korennoy Obitatel Tyurmы», yaʼni qamoqxonaning tub aholisi, degan soʻzlarning qisqartma shaklidir. Bunday yozuvni asosan retsidivistlar – bir necha marta sudlangan va qamalib chiqqanlar chizdirishadi.

Agar mushuk kalitlar bilan birga chizilsa, xonadonlarga oʻgʻirlikka tushadigan oʻgʻrini bildiradi.

Yana bir “nakolka” – BARS, toʻgʻri maʼnoda yoʻlbars, yaʼni jasurlik, hujumkorlik, kuch va qudrat maʼnosini bildiradi. Biroq qisqartma soʻz sifatida –"Byey Aktivistov, Ryej Stukachey (suk)" – “Aktivistlarni oʻldir, quloq(suka)larni soʻy” degan maʼnoni bildiradi.

Ayrim hollarda BARS soʻzi oʻrniga yoʻlbarsning suratini chizdirishadi. Bu nakolka egasi jinoyatchilik olamida yuqori martabaga ega va qolganlar undan qoʻrqishi lozim, degan maʼnolarni anglatadi.

Ayrimlar sevgan qizlari yoki farzandlarining ismlarini, ayrim hollarda oʻz ismlarini chizdirishadi.

Baʼzan esa raqamlarni koʻrib qolishimiz mumkin. Raqamlar odatda qamoqxonada oʻtirgan yillari, yoki mahbusning tugʻilgan sanasi, yoki boshqa yashirin maʼnolarni ifodalaydi.

Ayrimlar mashinasiga yoki tanasiga MY LIFE - MY RULES (rus tilida: “Moya jizn – moi pravila”, oʻzbekcha: “Mening hayotim – mening qoidalarim”) soʻzlarini tushirishadi. Buning maʼnosi – “men jamiyat qoidalariga boʻysunmayman, jamiyat kerak boʻlsa, mening qoidalarimga boʻysunsin” degani.


Jinoyat olamidagi tabaqalar. 3-maqola


Ayrim hollarda MY LIFE - MY RULES “nakolka”sini oʻz joniga qasd qilish niyatidagi shaxslar chizdirishadi. Bu holda “istaganimni qilaman, istasam yashayman, istasam hayotdan voz kechaman”, degan maʼno anglashiladi.

Nakolkalarning turlari

“Zona”da chizilgan “nakolka”lar ham 2 turga boʻlinadi: ixtiyoriy chizilgan va boshqa mahbuslar tomonidan majburan chizilgan.

“Oʻgʻri qonun”larini jiddiy buzgan mahbuslarning maqomi – “masti” pastga tushirilishi asnosida bu maqomni ifodalovchi “nakolka”lar majburan chiziladi. Masalan “opushenniy”, “obijenniy”, “quloq” yoki chaqimchi-sotqinlarga tegishli suratlar tushiriladi.

Ixtiyoriy chiziladigan “nakolka”lar mahbusning “mast”ini koʻrsatish va boshqa shaxsiy-“professional” faoliyati tarixi haqida maʼlumot beruvchi suratlardan iborat boʻladi.

Nakolka turli buyumlar, hayvon, oʻsimlik, tarixiy va diniy syujetlar hamda odamlarning suratlaridan iborat boʻladi.

Epoletlar

Xuddi harbiylardagi kabi ayrim mahbuslar ham yelkalariga epoletlarning (parad-bayramona forma uchun pogon) suratlarini chizdirib olishadi. Ulardagi surat va yozuvlar jinoyatchining “mast” va tajribasidan hikoya qiladi.

Epoletlar haqida jinoyatchilar turlicha fikrda. Ayrimlari bu oʻgʻri qonunlariga zid harbiy va siyosiy hokimiyatga ishora qilgani bois mumkin emas, deyishadi.

Epoletlar turli koʻrinish va dizaynda boʻladi.

Bu suratdagi 1-nakolkani ZURZona Usilennogo Ryejima – kuchaytirilgan rejim zonasida oʻtirgan jinoyatchi chizdiradi. 2-nakolka – oʻgʻrilar uchun. 3-nakolka – kommunistlar tuzumiga qarshi jinoyatchi. 4-nakolka – “zona” avtoriteti, oʻgʻrilar qonuniga rioya etuvchi jinoyatchi. 5-nakolka – avtoritet. 6-nakolka – zonaning doimiy yoʻlbarsi, qamoqxona qoidalarini koʻp va jiddiy buzadigan jinoyatchi. 7-nakolka – qamoqxonadagi Dissiplinar IZOlyatorni oʻtagan mahbus (50 sutkalik jazo kamerasi)ni anglatadi.

Epoletlar

Uzuklar

Yana bir buyum timsoli bu uzuklardir. Uzuklar ayniqsa koʻproq maʼno bersa-da, ularni tushunish qiyinroq. Uzuklar surati qoʻl barmoqlariga chiziladi.

Ilon oʻralib turgan xanjar. Qasddan odam oʻldirib sudlangan mahbus.

Yulduzlar

Sakkiz va undan koʻp qirrali yulduzlarni faqat qonundagi oʻgʻrilar yoki boshqa atoritet blatnoylar chizdirishga haqli. Bu yulduzlar oʻmrov suyagining chetiga chizdiriladi. Agar butun koʻkragi “nakolka”ga toʻla boʻlsa ham, shunday yulduzli “nakolka”si boʻlmasa, u hurmatli oʻgʻri hisoblanmaydi. Yulduzlarning ichiga har xil motivdagi surat va timsollar chiziladi.

Baʼzan jinoyatchilar tizzalariga yulduz yoki boshqa timsollarni chizdirishadi. Bu “hech kim meni tiz choʻktira olmaydi”, degan maʼnoni anglatadi.

Bunday timsolni koʻpincha “bespredel yulduzi” yoki “rad etish yulduzi” deb ham atashadi. Tabiiyki, bu “nakolka” egasini “bespredelchi” deb atashgan. Lekin bu tatuga munosib boʻlish lozim. Bunday maqomdagi mahbus maʼlum bir cheklovlarga rioya etishi kerak: u huquqni muhofazalash idoralari bilan mutlaqo hamkor boʻlmasligi, muddatidan oldin shartli ozod etish haqida iltimos qilmasligi lozim. Agar bunga rioya etmasa, tizzasidagi “nakolka”sini kuydirib yoki kesib yoʻqotishi shart.

Bilaguzuk va kishanlar

Agar mahbusning qoʻliga bilakuzuk yoki kishan surati chizilgan boʻlsa, ularning har biri 5 yil qamoqxonada “oʻtirganini” bildiradi. Agar 2 ta boʻlsa, 10 yil va hokazo.

Diniy motivdagi tatular

Garchi jinoyatchilar oʻz qilmishlari bilan ham dunyoviy, ham diniy qonunlarni buzishsa-da, diniy motivdagi “nakolka”larni chizdirishadi. Biroq bu suratlar diniy emas, zona bilan bogʻliq maʼno kasb etadi.

Masalan, mahbusning koʻkrak va qorin qismiga yoki orqasiga cherkov gumbazlari chizilgan boʻlsa, har bir gumbaz uning “xodka”lari – necha marta oʻtirganini anglatadi. 3 ta gumbaz boʻlsa, 3 marta qamalib chiqqan va hokazo. Ammo hozirgi kunda tatu ustalari bu qoidaga unchalik ham amal qilishmaydi.

Musulmon “qonun oʻgʻrilari” esa masjid suratini chizdirishadi.

Shu bilan birga, jinoyatchilar badaniga chizdirgan xoch surati har doim diniy maʼno tashimaydi. Masalan, barmoqlarga chizilgan xochlar jinoyatchining necha marta zonda oʻtirganini anglatadi. Koʻrsatkich barmoqdagi xoch esa jinoyatchi qamoqda paytida ota yoki onasi oʻlganidan xotira sifatida chiziladi.

Siyosiy qarashlarni ifodalovchi “nakolka”lar

Siyosiy mazmundagi “nakolka”lar yoki davlatga xayrixohlik, yoki tuzumga (asosan kommunistlarga) qarshilik maʼnosida chiziladi.

SSSR paytida baʼzi mahbuslar Lenin va Stalin suratini koʻkraklariga chizdirishgan. Bu ayrim hollarda rostan ham proletariat “dohiylari”ga hurmatni ifodalaydi. Biroq aksariyat mahbuslar agar Lenin va Stalin surati boʻlsa, nozir va militsiya xodimlari ularni otib tashlamaydi, degan umidda shunday “nakolka” chizdirishgan. Chunki Lenin yoki Stalinni “nishonga” olgan huquqni muhofaza qilish xodimi kamida ishdan boʻshashi, hatto ataylab otgan degan ayb bilan qamalib yoki otilib ketishi ham mumkin edi.

Baʼzi hollarda faqat Lenin suratini chizdirishgan. Chunki jinoyatchilar orasida Lenin-kommunistlarning “paxani” degan tushuncha boʻlgan.

Shunga qaramasdan, kommunist dohiylarining “nakolka”lari urilgan mahbuslarni qochishga moyilligi bor jinoyatchilar, deb hisoblashgan. Chunki askarlar qochayotgan mahbusga yetib olishsa, u shartta koʻylagini yirtib, “dohiylar”ni koʻrsatgan. Askarlarning otishga hayiqib, ikkilanib qolganidan foydalangan mahbuslarda yana imkoniyat tugʻilgan. Shu bois zona va lagerlarda otishga hukm qilingan mahbuslarni yoki qochoqlarni boshidan otib oʻldirishga urinishgan. Yoki imkon boʻlsa, qamoqdagi mahbuslarning shunday motivdagi “nakolka”larini kuydirib yoki ustidan boshqa surat chizdirib yoʻqotishga harakat qilishgan.

Tarixan, SSSR jinoyatchilar olami kommunist va “chekist”larni oʻzlariga dushman deb bilishgan, ulardan nafratlanishgan. Oʻgʻirlik va jinoyat yoʻliga kirishganiga ular olib borgan notoʻgʻri siyosat, ochlik va kambagʻallik, adolatsizlik va qonunsizlik sababchi deb hisoblashgan. Shu bois baʼzi “nakolka”larda bunday nafrat yaqqol ufurib turadi.

“Nakolka”lardagi yozuvlarning tarjimalari: 1. “Kommunistik partiya hammani goʻrga tiqadi”; 2. “Ular hammani GULAGga sudrashadi”.

Soʻnggi soʻz

Taʼkidlash kerak, yuqorida zikr etilgan “nakolka”lar davr, makon va zonaga qarab maʼnolari oʻzgarib turadi. Bir xil surat boshqa bir vaziyatda boshqacha talqin qilinishi ham mumkin.

Shuningdek, bu “nakolka”larning soni nihoyatda koʻp boʻlib, bu yerda faqat ayrimlari misol sifatida keltirildi. Ularning maʼnolari va shakllari faqat jinoyatchilik olamiga xos talqinda berildi. Ozodlikda va turli noformal ijtimoiy qatlamlarda ular boshqacha talqin qilinishi ham mumkin.

Yana bir bor eslatib oʻtamiz, tatu – “nakolka” chizdirish – notoʻgʻri, biroq chizdirganda uning maʼnosini, aynicha “zona”da qanday maʼno anglatishini bilmasdan chizdirish nafaqat qolgan mahbuslar nafratiga, balki sogʻliq va hayot uchun xavfli holatlarga sabab boʻlishi mumkin. Notoʻgʻri nakolka “zona”da qalbaki hujjat bilan yurish bilan barobar. Bu “hujjat” nakolka egasining martabasidan tepa boʻlsa – uni yolgʻonchiga chiqarishadi va jazolashadi. Agar past tabaqaga va qilmishlariga oid boʻlsa – avtomatik ravishda (biror aybi boʻlmasa ham) shu tabaqaga tushiriladi va shunga munosib muomalada boʻlishadi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+