Jinoyat olamidagi tabaqalar. 3-maqola

Ozodlikda bachchabozlik va voyaga yetmaganlarni zoʻrlash bilan sudlanib, ozodlikdan mahrum qilinganlarga avtomatik ravishda mazkur maqom beriladi.

Qamoqxonadagi tabaqalar haqidagi maqolaning ikkinchi qismini quyida oʻqing.

Tahlil
29-dekabr 2023 yil
Jinoyat olamidagi tabaqalar. 3-maqola

Jinoyat olami, qamoqxonadagi tabaqalar haqidagi maqolamizni davom ettiramiz.

“Aktivist”lar

“Aktivist”lar (faollar) ham zonalarda alohida kasta hisoblanadi. Ularni “suka” yoki “kozyol” (echki), “qizil” deb ham atashadi.

“Aktivist”lar – maʼmuriyat bilan ochiq hamkorlik qiladigan, har qanday maʼmuriy lavozimni egallagan (taʼminot boʻlimi boshligʻi, komendant va boshqalar), shuningdek, mahbuslarning havaskorlik boʻlimlari – turli seksiyalarning aʼzolari boʻlgan mahbuslardir. Rossiyadagi zonalarda bunday seksiyalar tuzish 2013 yildan boshlab qonun bilan taqiqlangan. Biroq de-fakto ular boshqa nomlar ostida hamon faoliyat koʻrsatadi.

“Zona”dagi “qizil aktivist”.

“Aktivist”lar "qora" zonalarda “obshakka” qabul qilinmaydi. Baʼzan ularning oʻzlari “obshak”lar tashkil etishadi.

“Qizil” zonalarda baʼzan maʼmuriyat tomonidan “blatnoy”larni majburlab (“sindirib”) bunday kasta vakillari paydo qilinadi. Ular qamoqxona maʼmuriyati bilan hamkorlik qilishga majbur boʻlib, zonada muhim mahbuslik lavozimlari – komendant, karantin katta xodimi, uzoq muddatli uchrashuv xonalari, oshxona, hammom va boshqalarning nazoratchilari lavozimlarida ishlashadi.

Garchi “aktivist”larni “kozyol” deb atashsa-da, bu soʻz zonada ogʻir haqorat hisoblanadi. Umuman, zonalarda turli past kasta nomi bilan haqorat qilish juda xavfli. Bunday ayblovni bildirgan mahbus buni asoslab (keltirib) berishi kerak. Aks holda u shunga rozi boʻlgan hisoblanib, oʻzi past kastaga, aytaylik “opushenniy”larga tushib qolishi mumkin.

Masalan, hozirgi kunda oʻzini “kuchinskiy” deb ataydigan ayrim populist blogerlarning “falonchi uchun turib beraman, javob beraman”, deb keyin vaziyat oʻzgarganida, ularni qoralab chiqishi, oʻgʻri qonunlari boʻyicha gapida turmaslik, yaʼni “mujiklik”dan chiqish hisoblanadi va ular zonada eng haqir hamda past tabaqaga tushirib qoʻyilishi mumkin. Bu kabi populistlarni, shuningdek, qimorda yutqazib, qarzini toʻlay olmaganlarni “fuflogon” va “fuflijnik” deb atashadi va past tabaqaga – “obijenniy”larga tushirib qoʻyishadi.


Mavzuga doir: “Qonundagi oʻgʻrilar”: xalq orasida ideallashib ketgan jinoyatchilar


Yuqori kasta vakillari – “qonundagi oʻgʻri” va “blatnoy”lar ham, shuningdek, “mujiklar” ham oʻgʻri qonunlarini buzgani yoki maʼmuriyat bilan hamkorlik qilgani uchun shu kastalarga tushib qolishi mumkin.

Xullas, turli mintaqa va zonalarda “aktivist” taʼrifi ularda amalda boʻlgan “oʻgʻri qonun”lariga koʻra belgilanadi va shunga mos ravishda munosabatda boʻlinadi. Bu kasta haqida batafsilroq avvalgi maqolada tanishish mumkin.

Past va manfur kastalar

Bundaylarga asosan “opushenniy”, “obijenniy”, “chyort”, “chushka”, “petux”, “shestyorka”, “shnir”, “gladiator”, “askar” va “torpeda”lar kiradi.

“Opushenniy” (past qilingan), “obijenniy” (xafa qilingan) “mast”i

Ozodlikdagi hayotda bachchabozlik hamda voyaga yetmaganlarni zoʻrlash bilan sudlanib, ozodlikdan mahrum qilinganlarga avtomatik ravishda mazkur maqom beriladi.

Zonada esa oʻgʻri qonunlariga zid ish qilganlar, mahbuslarning narsalarini oʻgʻirlagan “kalamushlar” pastlatilishi mumkin. (Mahbus va blatnoylardan tashqari oddiy odamlarning mulk va pulini oʻgʻirlash esa obroʻli shi hisoblanadi.) Bundaylarning badaniga kalamush surati chiziladi.

Zonada boshqa mahbuslarni nohaq haqorat qilgan, kaltaklagan va oʻldirganlar ham “opushenniy” maqomiga tushiriladi.

Shuningdek, oʻgʻri qonunlarini buzgan va boshqa “blatnoy” hamda “qonundagi oʻgʻri”larni nohaq oʻldirgan “blatnoy” va “mujiklar”larga ham ushbu past mavqe beriladi.

“Opushenniy”larni “petux” (xoʻroz) deb ham atashadi. Bunday maqomga tushirish uchun alohida marosim oʻtkaziladi. Bunday marosimda mahbusni bir kishi yoki butun kamerada oʻtirganlar zoʻrlashadi. Yoki shunchaki zoʻrlashga ishora qiladigan qiliqlar qilishadi. Keyin uning labi tepasiga yoki koʻzi ostiga katta nuqta – xol qoʻyib qoʻyishadi. (Bu oʻtgan asrda Yevropadagi fohishalar labi ustiga yasama xol tatu suratini chizdirishganiga ishora.) Yoki uning beli yoki dumbasi ustiga kapalak yoki arini chizib qoʻyishlari ham mumkin. Shuningdek, nuqta va chiziqlardan iborat uzuk suratini yoki orqasiga ilon oʻralib turgan yalangʻoch ayol suratini chizib qoʻyishadi. Yoki peshonasiga “pidor” (bachchaboz) deb yozishadi.

Bu mahbusning past qilingani, yaʼni “opushenniy”lar mastiga oʻtkazilgani haqida qolganlar xabardor etiladi. Bunday “petux” to oʻlgunicha bu tamgʻadan qutula olmaydi. Chunki zonada tabaqalardan pastga tushish bor, lekin koʻtarilish yoʻq.


Mavzuga doir: Qizil, qora va yashil “zona”lar. Birinchi maqola


Lekin yashil zonalarda islom diniga oʻtgan past tabaqadagi mahbuslarni avf qilib, ularning maqomini koʻtarish keng tarqalmoqda.

“Opushenniy”dan kimdir “mast”ini soʻrasa, toʻgʻrisini aytishga majbur. Yoki boshqa kameraga oʻtkazishsa ham oʻzidan bilib, oʻz joyini egallaydi. “Petux”lar kameradagi eng iflos, noqulay, yelvizakli joylarda yotishadi. Ularning kosa-tovogʻi, krujkasi va qoshiqlari teshib qoʻyiladi. “Petux” ovqat yesa yoki suv ichsa, shu teshikni barmogʻi bilan yopgan holda ovqatlanadi.

“Opushenniy”lar bilan salomlashish, qoʻl berib soʻrashish, ularga qoʻl tekkizish, ularning narsalaridan foydalanish “zapadlo”. Hattoki ularni urganda ham qoʻl tekkizmasdan oyoq bilan tepkilashadi. Opushenniylarga narsa berib boʻlmaydi. Bersa ham, qaytib olish – “zapadlo”. Bu kabi qoidalarni buzgan “toʻgʻri” mahbuslar ham avtomatik ravishda “opushenniy”ga aylanadi.

“Opushenniy”lar muntazam ravishda eng past va iflos ishlarni bajarishadi. Boshqa mahbuslarning jinsiy ehtiyojlarini qondirishadi. Biroq, bu jarayonda ham mahbuslar “opushenniy”dan tekin foydalanishi mumkin emas. Unga pul, koʻpincha sigaret yoki biror ovqat berishi lozim. Shunda goʻyo fohisha xizmatidan pullik foydalangandek boʻladi. Agar tekin foydalansa, goʻyo “muhabbat” bilan foydalangan hisoblanadi va oʻzi ham “opushenniy”ga aylanadi.

“Opushenniy”lar bilan bitta kamerada qolish ham xavfli. Hatto ular bilan gaplashmasa va ularning narsalaridan foydalanmasa ham. (Hozirgi “oʻgʻri qonunlari”ga koʻra bu qoida ayrim zonalarda bekor qilingan.) Shu bois yangi kelgan mahbus kameradagilardan “bu qanday xata”, deb soʻraydi avvalo. Agar bu “opushenniy”lar “xata”si boʻlsa, darrov ortiga qaytib, eshikni tepkilashi va nozirni chaqirib, “yoki meni “toʻgʻri” kameraga oʻtkaz, yoki bugun kimdir oʻladi” deyishi lozim. Agar uni koʻchirishmasa, u “opushenniy”larni urishi va hatto oʻldirishga majbur. Aks holda oʻzi ham ulardan biriga aylanadi.

Bʼazan qamoqxonaga nasroniy poplari kelib, mahbuslarni ibodat qildiradi va ularga ikonalarni oʻptiradi. Yoki boshini suvga choʻmib, “prichastik” marosimini oʻtkazishadi. Hatto diniy marosimda ham “opushenniy”lar alohida kiradi. Ular ushlagan va oʻpgan “muqaddas” narsalar ham “zashkvar”, yaʼni iflos hisoblanadi va ularga tekkan mahbuslar ham “opushenniy”ga aylanadi.

Odatda “opushenniy”lar bunday haqoratli va qiyin hayotdan toʻyib ketadi va oʻzini oʻldiradi. Baʼzilari esa uni “petux”ga aylantirgan mahbusdan oʻch olish uchun uni toʻsatdan boʻynidan quchoqlab olib, oʻpadi. Tamom, endi bu odam ham, xoh “qonundagi oʻgʻri”, xoh “mujik” boʻlsin, “petux”ga aylanadi va natijada alamidan “petux”ni kaltaklab oʻldiradi.

“Opushenniy”.

Hozirgi paytlarda jinsiy zoʻrlab, “opushenniy”ga aylantirish marosimi kamayib bormoqda. Chunki qamoqxonada ham bunday jinoyat jazolanadi. Agar butun kamera boʻlib zoʻrlashgan boʻlsa, ularni guruh boʻlib zoʻrlashda ayblab sudlashadi va muddatiga yana 6-10 yil qoʻshib berishadi.

Zona qonunlari boʻyicha “bespredel”ga yoʻl qoʻyib, nohaq “Opushenniy”ga aylantirish jazolanadi va ularni ham “Opushenniy”ga aylantirishadi. Biroq voyaga yetmaganlar oʻtiradigan zonalarda “bespredel” koʻp. Bu yerda hatto sal chiroyliroq yoki hatto oyogʻida juni yoʻq bolalarni ham zoʻrlab, “Opushenniy”ga aylantirishlari mumkin.

“Opushenniy”lar koʻpincha alohida kamerada birga oʻtirishadi. Ularga Masha, Dunyo, Tanya kabi ayol ismlari beriladi. “Opushenniy”lardan maʼmuriyat unumli foydalanadi. Biror zoʻravon yoki qaysar “blatnoy”ni sindirmoqchi boʻlishsa, “hozir petuxlar kamerasiga qamataman”, yoki “petuxlarga aytsam, seniyam petuxga aylantirishadi” deb qoʻrqitadi. Yoki maʼmuriyat alamzada petuxlardan blatnoylarni “press xata”larda kaltaklab sindirish yoki blatnoylarni oʻldirib yuborish uchun foydalanishadi.

Hamma “petux”lar ham haqorat va kaltak ostida yashamaydi. Chiroyliroq petux yigitlarni elita blatnoylari oʻzlariga shaxsiy “petux”, yaʼni “xotin” qilib olishadi. Boshqa mahbuslar bunday “petux”larni urish va haqoratlashdan, jinsiy zoʻrlashdan hayiqishadi. Chunki uning “eri”dan qoʻrqishadi. Biroq homiy blatnoydan hokimiyat ketsa, bunday petuxlar yana oʻz joyiga – “parasha”(hojatxona)ga qaytadi.

“Opushenniy”lar tabaqasiga tushib qolganlarning ayrimlari “kalamushlik” qilishadi, yaʼni boshqa mahkumlarning narsalarini oʻgʻirlab olishadi. Bundaylarga xoʻroz bilan birga kalamush tumshugʻi surati ham tushirilishi mumkin.

Yana bir holatda esa mahbuslarni sotgan, yaʼni “quloq”lik qilgan mahbuslar ham past tabaqaga tushiriladi.

“Opushenniy” badaniga tushirilgan tatu.

Past tabaqa vakillariga yuvinishga ruxsat berishmaydi. Doimiy kaltaklanish va yuvinmaslik oqibatida ular juda irkit va badbashara holatga kelib qolishadi.

“Chushka”lar – aqli pastligi va ruhiy nosogʻlomligi yoki shunchaki befarosat va pokiza emasligi bois yuvinmasdan, shuningdek, kir va yirtiq kiyimlarda yuradigan mahbuslar tabaqasi. Bundaylarni “chyort”, yaʼni shayton deb ham atashadi.

“Chyort”lar va “shestyorka”lar – mahbuslarning barcha iflos ishlarini bajaruvchi mahkum. Ular odatda biroz pul evaziga blatnoylarning xizmatini qilishadi. Ular mavqe boʻyicha “shnir”, “chushka” va “shestyorka”lar bilan teng boʻladi. Umuman, xizmatkor boʻlib qoladigan tabaqa vakillari zonaga kelgan kunidanoq sirini oldirib qoʻygan mahbuslardir. Ular jismonan yoki ruhan kuchsizligi bois boshqa mahbuslar ish buyursa yoʻq, deya olmaydi va to ozodlikka chiqqunicha xizmatkorlik qilishga mahkum. Ular uchun alohida marosim oʻtkazilmaydi. Ular ishdan boʻyin tovlasa, kaltaklanadi.

Kimdir qora ishlarni qilishi kerak-ku!

Ayrim hollarda obroʻli blatnoylarning oʻz “shestyorka”si, yaʼni shaxsiy yugurdagi boʻladi. Ularni “shnir” yoki “gladiator”, deb atashadi. u faqat mazkur blatnoyning topshirigʻini bajaradi. Shu bois boshqa mahbuslarning aytganini qilmaydi, kaltaklanmaydi. Biroq homiysi hokimiyatini yoʻqotsa, u ham yana avvalgi maqomiga tushirib qoʻyiladi.

“Soldat”lar – askarlar.

Ular SSSR IIVning Ichki qoʻshinlari sobiq xodimlari. 90-yillarda ular koʻpincha qotillik boʻyicha buyurtmalarni bajarishgan. Umuman, pul evaziga killerlik qilganlar zonada hurmat qozonmaydi. Bundaylar majburan, “opushenniy”ga tushirish tahdidi bilan “torpedo” tabaqasiga tushirilgan.

“Torpedo”lar

Buyam uyatli mast. Har qanday kasta vakili, hattoki blatnoylar ham torpedoga aylanib qolishi mumkin. Masalan, qimorda yutqazib qoʻyib qarzini toʻlay olmasa shu ahvolga tushadi. “Torpedo”lar pul evaziga jazolash bilan shugʻullanadi. Biroq bu oshkor boʻlib qolsa, “opushenniy” boʻlishga yoki oʻlimga mahkum etiladi.

“Musor”lar yoki “ment”lar

Sobiq politsiya (militsiya) xodimlari. Odatda jinoyat sodir etgan militsiya xodimlari alohida jazoni ijro etish muassasasida jazoni oʻtaydi. Biroq ishdan ketganidan keyin jinoyat sodir etsa, “el qatori” hamma bilan birga “oʻtiradi”. “Musor”ni urish “zapadlo” emas. Uni oʻldirish esa kasta ichida obroʻni oshiradi.

Gʻalati joyi shundaki, aytaylik, AQShda politsiyachini oʻldirgan jinoyatchi qamoqda ham xor boʻladi. SSSR va postsovet davlatlarida esa bunday jinoyatchining obroʻsi oshadi.


Mavzuga doir: Jinoyat olamidagi tabaqalar. 2-maqola


“Musorlar” “qizil” kastaga kiradi. Biroq ular bilan muloqot qilgan yoki munosabatga kirishgan mahbuslar past tabaqaga oʻtkazilmaydi, biroq obroʻsi pasayishi mumkin.

Eng qizigʻi, “qizil zona”larda ham “musor” kastasi mavjud. Ularga IIVdagi “ichki xavfsizlik” boshqarmasi xodimlari kiradi. Chunki bu soha xodimlari boshqa militsiya xodimlari orasida jinoyatchilikning oldini olish, aniqlash va jazoga tortish bilan shugʻullangani bois, boshqa boʻlinmadagi militsionerlar ularni yomon koʻrishadi.

“Musor”lar kastasi “opusheniiy” va “shesterka”lardan baland turadi. Ular badaniga majburan “nakolka”, yaʼni tatu chizilmaydi, jinsiy zoʻravonlikka uchramaydi.

Shu bilan birga, jinoyatchilik olamida davlat xavfsizligi xizmati xodimlari "musor" hisoblanmaydi. Ularni ozodlikda ham, zonada ham “kontora”chi (ayrim hollarda – “katta aka”, “baza”, “firmach”), deb hurmat qilishadi.

“Bariga”lar

Aslida jinoyatchilar jargonida deyarli barcha savdo xodimlari “bariga” deb ataladi. Biroq zonalarda faqat oʻgʻirlangan mollarni olib-sotuvchilar va narkotik moddalarni sotuvchilarni “bariga” deb chaqirishadi.

Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, hozirda qamoqdagilarning deyarli uchdan biri narkotik moddalarning noqonuniy savdosi bilan shugʻullangani uchun sudlangan va ozodlikdan mahrum etilgan.

“Bariga”larga munosabat har xil. Ayrim zonalarda shunday qoida bor: oʻzing giyohvand isteʼmol qilib, oʻzingni zaharlagan boʻlsang, bu sening ishing, bizga farqi yoʻq. Biroq bu moddalarni odamlarga sotgan boʻlsang, odamlarni zaharlagansan, demak, “gad”san”, deyishadi. (“Gad” – odamlarga zarar keltiruvchi mahbus). Biroq bu kabilar zonada koʻpchilikni tashkil etsa, tabiiyki, oʻzgacha munosabat shakllanadi.

Lekin oʻgʻri qonunlari boʻyicha narkotik moddalarni sotishdan daromad olmaslik kerak. Biroq boshqalarga bu moddani “tortiq”qilgan boʻlsangu, u pul bersa, sen “bariga” emassan, deyishadi.

Biroq koʻp hollarda “bariga”larga zonada ham narkotik modda topib kelishni buyurishadi. Qanday va qaysi pulga topishi hech kimni qiziqtirmaydi. Hattoki bu yoʻlga adashib kirib qolgan va undan tavba qilgan odamlar ham yana eski aloqalarni tiklashga majbur boʻlishadi.

Oʻzgarmas narsaning oʻzi yoʻq...

Guvoh boʻlganingizdek, jinoyatchilik olamining qonunlari haqida gapirganda, mantiq va oqilona fikr yuritish qoidalari “chetga chiqib” turadi. Biroq hozirgi paytda zonalarda bu qoidalarni normal jamiyatga moslashtirish, mantiqqa moslash harakatlari sezilmoqda. Masalan, bir necha yillar avval “qonundagi oʻgʻrilar” “sherst”larni koʻpaytirmang, degan “progon” tarqatishgan. (“Sherst”, yaʼni junlilar – oʻz manfaati yoki maʼmuriyat talabi bilan oʻgʻri qonunlarini buzib, “bespredel”ga yoʻl qoʻyuvchilar – tahr.) Yaʼni har kim oʻz bilganicha ish tutmasin, oʻzicha qonun va kastalarni oʻylab topmasin, degan maʼno koʻzda tutilgan.

“Progon”da, shuningdek, jinsiy aʼzo bilan jazolash, “petux”larni kaltaklash va mahbuslarni boʻlar-boʻlmasga “opushenniy”ga aylantirish – “bespredel” ekani tushuntirilgan. Chunki hozir hamma joyda internet va kameralar bor, bunday holatlar tez tashqariga chiqib ketishi va nafaqat maʼmuriyat, balki “blatnoy”larning obroʻsiga ham putur yetishi mumkin.

Hozirda muammolarni pul bilan hal qilish oʻgʻri qonunlariga ham singib bormoqda. Masalan, 90-yillardan boshlab, pul evaziga “qonundagi oʻgʻri” boʻlish mumkin edi. Hatto xatoga yoʻl qoʻygan mahbuslarni darrov past tabaqaga tushirmasdan “imkon berish” qoidalari ham paydo boʻldi. Buning uchun esa albatta katta pul kerak.

Yoki aytaylik, nom qozonib kelayotgan isteʼdodli bir qoʻshiqchi qamoqqa tushib qoladi. Qamoqxona boshligʻi uning bu isteʼdodidan unumli foydalanadi. Toʻylarga xufyona chiqaradi. Tushgan pulning kattagina ulushini oʻzida olib qoladi. Qoʻshiqchi ham bunday munosabatdan minnatdor – kunora toʻy-hasham, maishat va oʻyin-kulgi. Koʻpchilik qamoqda ozib-toʻzib, sogʻligʻini yoʻqotib qaytadi. Bu qoʻshiqchi esa semirib, ikki yuzi qizarib, yana tagʻin tanish-bilish va 3-4 soʻm orttirib ozodlikka chiqadi. Qoʻshiqchilik hurmati va uning muxlisi boʻlgan amaldorlarning yordami bilan hatto muddatidan oldin qamoqdan chiqariladi. Agar omadi kelsa, nomi keyinchalik oqlanib, vazir boʻlib ketishi ham mumkin. Hayot tasodif va kutilmagan holatlarga toʻla!

Avvallari, pedofiliya yoki jinsiy zoʻrlash bilan qamalgan odamlar zonada jazosini oladi, deb oʻylashar edi va shunday boʻlardi ham. Biroq hozir deyarli barcha zonalar “qizil zona”. Shu bois, ularda “oʻgʻri qonun”larining taʼsiri kuchsiz. Demakki, aslida “opushenniy” mastiga loyiq ablahlar ham pulning kuchi bilan qamoqda bamaylixotir yashashi mumkin.

Masalan, bir necha yillar davomida yetimxonadagi yosh qizchalarni zoʻrlab kelgan amaldorlar qudratli “akaxon”larining aralashuvi bilan atigi 1,5 yil uy qamogʻiga hukm qilinishi va bu kabi “mayda-chuyda”lar haqida bosh qotirmasligi ham mumkin. Hatto zonaga tushsa-da, maxsus, lyuks kameralarda oʻtirib, hech narsa koʻrmagandek qaytib kelish imkoniyatiga ham ega, afsuski.

Shu boisdan, oʻtgan asrning 30-yillarida paydo boʻlgan “oʻgʻri qonunlari” hamda iyerarxiyasining eskirib qolgani va bemaʼni ekanini zeklarning oʻzi ham tushunib yetishmoqda.

Masalan, oʻta “toʻgʻri” “blatnoy” restoranga ovqatlanish uchun kirsa, “bu kosa yoki qoshiqni “petuxlar ishlatmaganmi?” deb soʻramaydi-ku?! Agar shunday boʻlgan taqdirda, u “oʻgʻri qonunlari” boʻyicha avtomatik ravishda “opushenniy”ga aylanishi kerak edi. Xullas, bunday mantiqsizliklar koʻp.

Lekin zamonga moslashishga va “oʻgʻri “ponyatka”lari – tushunchalari”dan chetlashish harakatlari koʻzga tashlanmoqda. Masalan, “qonundagi oʻgʻrilar” “ponyatka”larga zid ravishda oila qurishmoqda, biznes va mol-mulkka ega boʻlishmoqda. Agar “Vagner” talab qilsa, davlat bergan qurolni qoʻliga olib, Ukrainaga qarish urushmoqda, armiyada xizmat qilmoqda. Oʻgʻri “sxodka”larini Skype yoki Zoom orqali oʻtkazib, “obshak” pullarini offshor davlatlarga oʻtkazib, “yuvib”, legallashtirib olishmoqda. Hatto “obshak” pullarini olib, xorijga qochib ketgan “blatnoy”lar ham uchrab turadi.

Ayrim “qonundagi oʻgʻri”lar “qonunlar”ning talablarini inobatga olmagan holda oʻz bolalariga “toj kiydirib”, “qonundagi oʻgʻri” deb eʼlon qilishmoqda.

Baʼzilari esa oʻz mavqesidan maksimal darajada shaxsiy manfaat koʻrishga harakat qilmoqda. Bunday salbiy va ijobiy oʻzgarishlar ikki tarafdan boʻlyapti: bir tarafdan oʻgʻri va blatnoylarning oʻzlari “sherst”larni koʻpaytirmanglar, ogʻir narkotiklar bilan zaharlanmanglar”, deb islohotlarni boshlab beryapti. Ikkinchi tarafdan esa jinoyatchilik olamidagi korrupsiya va pulga oʻchlik tizimni evrilishga uchratmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+